Toshkentdagi boks oqshomida ishlagan o‘zbekistonlik hakamlarning darajasi yoxud ularning saviyasiga qanday baho berildi?

  • 4 aprel, 2021, 16:56
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kecha Toshkent shahrida joylashgan "Humo Arena"da professional boks oqshomi tashkil etildi. "Matchroom" hamda "World of Boxing" promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan va DAZN platformasi dasturidan o‘rin olgan tarixiy jang oqshomi ajoyib tarzda o‘tkazildi. Albatta, janglarning chiroyli o‘tishi va bokschilarning sog‘liq nuqtai nazaridan ham hakam va referilarga katta mas’uliyat yuklanadi. 

Tecno

Kechagi 8 ta jangning yaxshi saviyada o‘tishida o‘zbekistonlik Nabijon Ismonov boshchiligidagi hakamlar jamoasining ham ulkan hissasi bor, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Jumladan, dastlabki to‘rtta jangda Nabijon Ismonovning supervayzerlik qilishi va titul uchun kechgan janglarni nazorat qilishi, umuman olganda jang kechasining bosh supervayzeri sifatida faoliyat yuritgani ham o‘zbekistonlik hakam va referilarga katta ishonch bildirganligini anglatadi. 

Biz ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib, ularning kechagi faoliyati va jang oqshomining xorijlik tashkilotchilari tomonidan o‘zbekistonlik hakamlar xizmatiga bildirgan munosabatlari haqidagi fikrlariga qiziqdik. 

- To‘g‘risi, jang kechasi tashkil qilinishidan avval biroz tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Butun jang kechasining hakamlik borasidagi ishlarini Rossiya boks federatsiyasiga topshirmoqchi bo‘lishdi. Biroq, O‘zbekistonda ham yaxshi darajadagi mutaxassislar borligini va har qanday jang kechasini o‘tkaza olishga qodir ekanligimizni bildirdik. Bu borada bizga O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Jetiboevich Polatov katta ishonch bildirdi va jiddiy ravishda qo‘llab-quvvatladi.

na_1

Janglar boshlanishidan avval bizning faoliyatimizga shubha bilan qarayotganlar ham yo‘q emasdi. Biz qo‘shimcha ravishda Qirg‘iziston va qozog‘istonlik jamoamizdan o‘rin olgan mutaxassislarni ham chaqirdik va birgalikda vazn o‘lchash, tibbiy tekshirish, kiyinish xonasidagi xolatlar, qo‘lqoplarning qanday tarzda kiyilishi, jang vaqtida burchakda ortiqcha vositalardan foydalanmasligini nazorat qilinishi, boringki barcha kichik elementar holatlarga ham mas’uliyat bilan yondoshganimizni ko‘rib, AQShdan tashrif buyurgan tashkilotchilar ham, "Matchroom" vakili Eddi Xirnning yordamchisi Frenk Smit ham yuqori baho berdi. Qolaversa, Bahodir Jalolovning jangida Islom Rahmonov referi sifatida ishladi va yuqori darajani ko‘rsatdi. Vaholanki, o‘sha asosiy janglarda ishlagan rossiyalik referi tushib ketgan "kapa"ni darrov og‘ziga solib, jangni davom ettirishi juda qo‘pol xato edi. 

Demoqchimanki, o‘zbekistonlik hakamlar o‘zlarining yaxshi darajasini ko‘rsata oldi. Xatto, asosiy janglarda chempionlik titullarini ham biz topshirishimizni istaganliklari faoliyatimizga bergan yuksak baho deb bilaman. Bu borada yuqorida ta’kidlab o‘tganim Frenk Smit, WBA, IBF vakillari, mashhur menejer Vadim Kornilov ham bizga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kelajakda hamkorlikda ishlashimiz mumkinligini aytib o‘tdi. 

Umuman olganda O‘zbekiston professional boks federatsiyasidagi hakamlar va mutaxassislar yuqori darajadagi jang kechalarini ham o‘tkaza olishini isbotlay oldi, degan fikrdaman. O‘z o‘rnida bizga ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatlagan insonlarnir oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lganligidan xursandmiz. Qolaversa, ularga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz!

islom

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
05/04/2021 17:58
Баракалла! Футбол Ассоциациясидагиларни хам бироз калтаклаб аклини киргизиб куйинглар, илтимос!