
To‘purar legionerimizning nomi futbol tarixida qoladi!
“Energetik-BGU”da juda muvaffaqiyatli o‘ynayotgan Bobur Abduxoliqov Belarus oliy ligasida urgan gollari sonini 25 ta etkazib oldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha legionerimiz Belarus chempionatida bir mavsumda eng ko‘p gol urgan xorijlik futbolchilar orasida peshqadamlik qilayotgan Sergey Davidovga etib oldi. Rossiyalik futbolchi 2001 yili “Nyoman” jamoasi safida 25 ta gol urgandi.
Bobur Abduxoliqovda o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘yish imkoniyati bor. Buning uchun hujumchimiz chempionatning qolgan ikkita uchrashuvida hech bo‘lmasa bitta to‘p kiritishi talab etiladi.
Bobur Abduxoliqov https://by.tribuna.com saytiga bergan intervyusida rekord o‘rnatish niyati borligini tan oldi.
- Yaqinda BATEga 0:2 hisobida yutqazib, ochko yo‘qotgandik. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettirish uchun undan keyingi bahsda yo‘qotilgan ochkolarning o‘rnini to‘ldirishimiz shart edi. “Dinamo-Minsk” bilan bo‘lgan o‘yinda murabbiylar shtabi topshirig‘ini yuz foizga bajarishganimizdan mamnunmiz. Katta ishtiyoq tufayli g‘alaba qozondik.
- Maydonda eng qiyini nima bo‘ldi?
- Bakichning 20-daqiqadagi golidan keyin “Dinamo”ning bosimiga dosh berish qiyin bo‘ldi. Ular ishlari o‘ngidan kelayotganini sezib, hujumga zo‘r berishdi, himoyamizdagilarga ancha og‘ir keldi. Goldan keyin tanaffusgacha juda qiyin bo‘ldi. Tanaffus bizga juda qo‘l keldi. Murabbiylar tegishli ko‘rsatmalarni berdi.
- Bu g‘alaba BATEdan uchralgan mag‘lubiyat o‘rnini qopladimi?
- Balki. Lekin biz o‘sha uchrashuvda ham yomon o‘ynamagandik. Aksincha, juda yaxshi harakat qildik, golga tortadigan ko‘p vaziyat yarata oldik. Ulardan unumli foydalana olmaganimiz pand berdi. Bu gal hammasi o‘xshadi.
- Hozir hisobingizda 25 ta gol bor. Bu qanday natija ekanidan xabaringiz bormi?
- Ha. Belarus chempionatlari tarixida faqat birgina legionerda shuncha gol bo‘lgan. O‘qiganim uchun bilardim. Adashmasam, uning familiyasi Davidov edi. O‘shanda “Nyoman” o‘yinchisi bo‘lgan. Men uning natijasini takrorladim. Men uchun bu qo‘shimcha motivatsiya edi. Endi undan o‘zib ketish uchun imkoniyat bor. Chempionat tugagunicha oldinda ikkita uchrashuv turibdi.
Shaxsiy statistika bo‘yicha qanday reja qo‘yilgan?
- Har bir uchrashuv samarali bo‘lishini istayman. Biroq eng avvalo, jamoaning natijasi muhim. Shaxsiy ko‘rsatkichlar keyingi o‘rinda turadi. Agar ular bu galgidek umumiy g‘alabaga hissa qo‘shsa, eng zo‘ri shu. Lekin bugungi gol Lavrikning pasi bo‘lmaganda yo‘q edi. Turich penaltini ishlamaganda men gol urolmas edim. Shunday ekan shaxsiy ko‘rsatkichlarim ham aslida jamoaviy.
- Navbatdagi uchrashuv safarda “Gomel”ga qarshi bo‘ladi. Nimalar kutyapsiz?
- Bu juda kuchli raqib. Yozda ularga qarshi uyda o‘ynaganmiz va yutolmaganmiz. Qolaversa, bu gal uch himoyachimizdan ikkitasi yordam berolmaydi. Abduqodir maydondan haydaldi, Lavrikning sariq kartochkalari to‘planib qolgan.
Murabbiylar shtabi nimalardir o‘ylab topadi. Balki jamoa sardori Svirepa markaziy himoyaga qaytarilar.
- Medal yutish uchun nima qilish kerak?
- Ikkita qolgan uchrashuvda zafar quchish kerak.
“Energetik-BGU” chempionat yakunlanishiga ikki tur qolganida 57 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. “Talabalar” musobaqa jadvalida peshqadamlik qilayotgan amaldagi chempion – “Shaxtyor-Soligorsk”dan ikki ochkoga ortda qolyapti.
Bobur Abduxoliqov jamoasi chempionat yakunigacha “Gomel” va yana bir bor “Dinamo-Minsk” futbolchilari bilan kuch sinashadi.
Shomurodovning ustozi yilning eng zo‘r murabbiyi bo‘lishga da’vogar!
"Barselona" yulduzi Rimga kelyapti. Bunaqada Shomurodovga umuman “non” qolmaydi!
Fikrlar