
Superligada shovqin ko‘targanlar yoxud "Navbahor"ning chempionlik imkoniyati qanday?
Xabaringiz bor, SPORTS.uz nashri orqali O‘zbekiston Superligasi oltin medallari uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan uch klub – “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”ning chempionlik imkoniyatlarini baholab kelmoqdamiz. Yaqinda “Nasaf” va “Paxtakor”ning Superligada g‘alaba qozonishi bo‘yicha o‘z taxminlarimiz hamda fikrlarimizni bildirib o‘tgan edik. Bugun esa joriy mavsum chempionatda ancha shov-shuv ko‘targan jamoa, tajribali menejer Samvel Babayan boshchiligidagi “Navbahor” haqida fikr yuritamiz.
“Navbahor”
“Lochinlar” 19-turdan keyin 37 ochko bilan turnir jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. Namangan klubi birinchi va ikkinchi pog‘onalardagi “Nasaf” va “Paxtakor”dan atigi bir ochko ortda qolmoqda. “Navbahor” o‘tkazilgan 19 o‘yinda 10 g‘alaba va 7 durang qayd etgan, 2 bahsda esa maydonni ochkolarsiz tark etgan. To‘plar farqi – 21:10.
“Navbahor”ni yana 7 ta muhim bahs kutib turibdi:
“Bunyodkor” – “Navbahor”
“Navbahor” – “Dinamo”
“Neftchi” – “Navbahor”
“Navbahor” – “Olimpik”
“Lokomotiv” – “Navbahor”
“Metallurg” – “Navbahor”
“Navbahor” – AGMK
Agar “Navbahor” 20-tur doirasidagi “Bunyodkor”ga qarshi bahsda g‘alaba qozonsa, nafaqat 2-o‘ringa ko‘tarilib olishi, balki yana peshqadamlikni qo‘lga kiritishi mumkin. Sababi tur doirasida “Nasaf” va “Paxtakor” o‘rtasida markaziy bahs bo‘lib o‘tadi. Ushbu bellashuvda bitta jamoa, ehtimol har ikki klub ham ochko yo‘qotishi mumkin. Agar “Navbahor” 30 sentyabr kuni Toshkentda “Bunyodkor”ni mag‘lub eta olsa, ularning ochkolari soni 40 taga etadi hamda ertasi kuni bo‘ladigan bahs natijalarini kutishi kerak bo‘ladi. Agar “Nasaf” safarda “sherlar”ni mag‘lub eta olsa, “Navbahor” “Paxtakor”dan ochkolar soni bo‘yicha o‘tib ketadi. Yoki aksincha bo‘lib, Shatskix shogirdlari o‘z hisobiga 3 ochko yozib qo‘ysa, qarshiliklar 3-pog‘onaga tushib ketadi. Agarda bellashuv durang bilan tugasa, “Nasaf”da ham, “Paxtakor”da ham ochkolar 39 tadan bo‘ladi va “Navbahor” 40 ochko bilan turnir etakchiligini qo‘lga kiritishi mumkin. Ammo buning uchun Babayan shogirdlari Toshkentda “Bunyodkor”ni mavh etishlari talab etiladi.
Aytish kerakki, qolgan 7 turda “Navbahor” qisman osonroq raqiblarga qarshi maydonga tushadi. Xususan, Samvel Babayan shogirdlari 21-turda “Dinamo”ni o‘z maydonida qabul qiladi. Ushbu mavsum raqiblariga ochko ulashayotgan Samarqand klubi “lochinlar” maydonidan 3 ochko bilan qaytishiga ko‘pchilik ishonmasa kerak.
Keyingi turda esa namanganliklar “Neftchi” maydoniga safar uyushtiradi. Vodiy derbisi ostida o‘tadigan bahsda ham “Navbahor”ning imkoniyatlarini biroz yuqoriroq baholagan bo‘lar edik. Boisi, o‘z oldiga chempionlikni maqsad qilgan namanganliklarni faqat g‘alaba qanoatlantiradi. “Neftchi” esa bu yog‘iga xavfli zonaga tushib ketmaslik uchun harakat qiladi.
Namangan klubi qolgan turlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyati jamoalariga qarshi o‘tkazadi – grandlar “kushandasi” “Olimpik”, muammolar girdobidagi “Lokomotiv”, barqaror o‘yin ko‘rsata olmayotgan “Metallurg”, va Mirjalol Qosimov boshchiligidagi AGMK.
Qaysidir ma’noda ushbu bellashuvlar “Navbahor” uchun qiyin kechishi mumkin. Sababi, ushbu mavsum debyutant hisoblangan Temur Kapadzening “Olimpik”i grandlardan ochko olishni yaxshigina uddalayapti. Faqatgina o‘yinning o‘z maydonida o‘tishi “lochinlar”ning “plyus”iga ishlashi mumkin. “Lokomotiv” esa hozir qiyin paytlarni boshdan o‘tkazmoqda. Ularning turnir jadvalidagi holati ham maqtaladigan darajada emas. “Temiryo‘lchilar” hozirda 19 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi. Tabiiyki, Server Jeparov shogirdlariga ham ochko suv va havodek zarur. “Navbahor”ning “Loko”ga qarshi uchrashuvi Toshkentda o‘tadi. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu bahsda mehmonlar favorit bo‘lishi aniq.
Babayan shogirdlari 25-turda “Metallurg” maydoniga safar uyushtiradi. Bekobod klubi ushbu mavsum barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti. Sababi ular ba’zida o‘zidan kuchsiz jamoalar bilan ochko bo‘lishib olsa, ba’zi payti chempionlik uchun da’vogar klublardan ochko tortib olishni uddalayapti. Xususan, o‘tgan turda o‘z oldiga Superliga g‘olibligini maqsad qilgan “So‘g‘diyona” ustidan qozonilgan g‘alaba gapimizning isboti bo‘la oladi. Shu sababli, “Navbahor”ga Bekobodda oson bo‘lmasligi aniq. Lekin ushbu bellashuvgacha “lochinlar” maksimal ochkolarni qo‘lga kirita olsa, namanganliklarga “Metallurg” to‘sig‘idan o‘tish qiyinchilik tug‘dirmasa kerak.
“Navbahor” oxirgi turni o‘z maydonida o‘tkazadi. Agar namanganliklarning ushbu o‘yingacha turnir jadvalida birinchi o‘rinda bo‘lishni uddalay olsa, AGMKga qarshi o‘yindan keyin chempionlikni stadionida, muxlislari qarshisida nishonlashi mumkin. Ammo buning uchun ular Mirjalol Qosimov shogirdlarini mag‘lub etish kerak. Aytish kerakki, AGMK ham yuqori o‘rinlar uchun harakat qilmoqda. Tabiiyki, ushbu o‘yinda “Navbahor”ga oson bo‘lmasligi aniq.
Agarda, biz 100 foizlik kategoriyada oladigan bo‘lsak, “Nabahor”ning chempion bo‘lish imkoniyatini 87 foizga baholagan bo‘lar edik. Sababi “Nasaf” va “Paxtakor”dan farqli o‘laroq Namangan klubi qolgan turlarda chempionlikka da’vogar jamoalar bilan emas, aksincha autsayderlarga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yinlardagi ustunlik “lochinlar”ning chempionligini ta’minlashi mumkin.
Albatta, bu bizning sub’ektiv fikrlarimiz hisoblanadi. Barcha natijalar esa maydondagi futbolchilar va murabbiylarning qarorlari evaziga qayd etiladi.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar