Shomurodov Turkiya Superligasi to‘purari bo‘la oladimi?

  • 30 sentabr, 07:06
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Turkiya Superligasidagi o‘yinlari bilan yangi jamoasi – “Istanbul Bashakshehir”ga to‘liq moslashib olganini namoyish qila boshladi.

Tecno

Istanbulliklar 30 yoshli hujumchimizni “Roma”dan keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olgan edi. Tajribali forvardning ijarasi turk klubiga 3 million evroga tushdi. Joriy mavsum yakunlanganidan keyin turklar yana 2,7 million evro to‘lab, Shomurodovni to‘liq o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin.

Eldorga Superligaga to‘liq kirishib ketish uchun chempionatning ikkita o‘yini kifoya qildi. “Kayserispor” va “Eyupspor”ga qarshi o‘tkazilgan bahslar legionerimiz uchun yangi chempionat bilan tanishuv vazifasini o‘tab berdi.

Shomurodov Turkiya yuqori divizionidagi uchinchi uchrashuvida mashhur klub “Beshiktosh” darvozasini ishg‘ol qilib, gollari hisobini ochdi. Keyin “Alanyaspor” va “Konyaspor”ga bittadan gol urdi. Oxirgi to‘rtta o‘yinda hamyurtimiz uchta gol va bitta assist qayd etdi.

Bu ko‘rsatkichlar Eldorni liga to‘purarlari kurashiga qo‘shdi. Qizig‘i shundaki, Superliga to‘purarlari poygasida asosan o‘z vaqtida Evropaning “top-liga”larida porlagan yulduzlar o‘zaro raqobatlashmoqda.

Unda hozirgacha beshtadan to‘p kiritgan “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachi va “Galatasaroy” yulduzi Mauro Ikardi etakchilik qilmoqda. Nigeriyalik o‘yinchi ilgari Angliya Premer-ligasida “Sautgempton” sharafini himoya qilgan. Argentinalik Ikardi esa, “Sampdoriya”, “Inter”, “Pari Sen-Jerman”da porlagan.

To‘rttadan gol urgan “Beshiktosh” vakili Rafa Silva bungacha “Benfika”da to‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelgan. “Fenerbahche” hujumchisi Yussef En-Nesiri “Malaga”, “Leganes” va “Sevilya”dagi o‘yinlari bilan nom qozongan.

“Roma”dan kelgan Eldor Shomurodov kabi uchtadan gol urgan o‘yinchilar orasida ham top-ligalarda tajriba to‘plagan bir necha yulduzlar bor. Xususan, “Kojaelispor”dan Bruno Petkovich Italiyada “Kataniya”, “Verona”, “Bolonya”da mahorat ko‘rsatgan bo‘lsa, “Karagyumryuk”dan David Fofana “Chelsi”, “Union Berlin”, “Byornli” klublari sharafini himoya qilgan.

 Bundan tashqari, mavsum davomida Superliga “Oltin butsa”si uchun kurashga Eldor Shomurodov bilan “Roma” birga o‘ynagan “Chelsi” tarbiyalanuvchisi Temmi Abraxam, Germaniya, Frantsiya va Italiya chempionatlarida mahorat ko‘rsatgan Viktor Osimxen, “Benfika”da porlagan braziliyalik Taliska,  “Manchester Siti” va “Bavariya”da ko‘plab gollarni urgan Leroy Sane, Italiya, Angliya, Frantsiya, AQSh chempionatlarida to‘p tepgan Jengiz Under, “Benfika”, “Barselona” va “Vulverxempton”da o‘zini ko‘rsatgan Nelson Semedu, “Real Madrid” va PSJda qator nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritgan Marko Asensio ham qo‘shilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “Istanbul Bashakshehir” futbolchilari Turkiya chempionatidagi navbatdagi uchrashuvini 5 oktyabr kuni safarda “Gyoztepe” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

“Monako”ga qarshi o‘yin oldidan Husanovning ahvoli qanday?

Shomurodovning barcha gollarini sanaymiz...
Kutilmagan vaziyat: Buyog‘iga Husanov ancha qiynaladigan bo‘ldi!
Husanovdan o‘tolmading-ku! “Arsenal” mashhur hujumchidan voz kechadi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rustam Ro‘ziyev
30/09/2025 09:30
Тўпурар бўла олиш ёки олмаслигига трансқер суммасинию ижара пулини нима алоқаси бор? Шомуродов ҳақидаги ҳар бир мақолага уни трансфер суммасини ёзиш шартми? Ҳафа бўлманглару Шомуродов Туркияда тўпурар бўлиш имконияти анча паст, ўнта ўйинда учта гол урса тезда тўпурар бўла оладими дейишларинг кулгили.