Suhrob Berdiev "Andijon"ga o‘tishi haqida: "Bu yangi motivatsiya"

  • 24 iyul, 2022, 10:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi yozgi tayyorgarlik jarayonida tarkibga Suhrob Berdievni qo‘shib olgani xususida ilgari xabar bergandik. Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgach, shartnoma imzolandi va Berdiev rasman “Andijon” a’zosiga aylandi. Shu munosabat bilan futbolchi klub matbuot xizmatiga dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

“Andijon” jamoasiga taklif qilinishi haqida

- Aslida “Andijon”ga kelishim qishda boshlangandi. Boshida taklif qilishganida jamoaning Xonoboddagi yig‘iniga qo‘shilgandim. 5-6 kun shug‘ullandim. Keyin orada oz-moz tushunmovchilik bo‘ldi. Ayrim ishongan insonlar boshqa joydan taklif bo‘lib qolganini aytishdi. O‘shanda Viktor Balyutovich meni to‘g‘ri tushundi. Lekin yana tushunmovchilik bo‘ldi va taqdir ekan “Yangier”da boshlab, mana mavsumning ikkinchi yarmida “Andijon”ga keldim. Bu klubdan yana taklif bo‘ldi. Xudoga shukr, jamoaga qo‘shildim. Yaxshi kirishib ketdim. Moslashishim qiyin bo‘lmayapti. Hammasi joyida.

suxrob2

Bosh murabbiy Viktor Kumikov va jamoaga moslashishi to‘g‘risida

- Oldin Viktor Balyutovichni jamoalariga qarshi o‘ynaganman. Ko‘proq standartlarga va taktik jihatlarga urg‘u berilardi. 4-4-2, 4-4-3 kabi sxemalar mashg‘ulotlarda ishlanyapti. O‘zim ham yig‘inda qatnashib guvoh bo‘lyapman. Menimcha, oldin birga ishlagan murabbiylardan farqi shunda bo‘lsa kerak. Oldin aytganimdek, jamoaga qo‘shilib ketishim qiyin bo‘lmadi. Bu erdagi futbolchilar bilan ilgari boshqa klublarda ham birga o‘ynaganman. Futboldan tashqarida aka-uka bo‘lib, aloqada bo‘lamiz. Xudoga shukr, yaxshi qabul qilishdi. Birgalikda harakat qilamiz.

Yangi klub, yangi motivatsiya! O‘z oldiga qo‘ygan maqsadi

- Jarohatdan keyin men haqimda turli gap-so‘zlar chiqdi, futboldan qoldi deyishdi. Xudoga shukr, o‘sha paytda ham qo‘lni tushirmasdan harakat qildim. Yana futbolga qaytishimni isbotlayman, degan niyatim bor edi. Hozir ham shuning harakatidaman. Jamoaga kelganimdan keyin o‘sha istaklarim qo‘shildi va klubni maqsadi Superligaga qaytish, bu ham yangi motivatsiya. O‘zimni ham, jamoani ham maqsadini birlashtirib, mashg‘ulotlarda yanada ko‘proq ishlayapmiz. Nasib qilsa, niyatimizga erishamiz.

suxrob4

“Yangier” jamoasida qanday paydo bo‘lib qolgan edi?

- Boya aytib o‘tganimdek, “Andijon”dan ketib biroz tushunmovchilik bo‘lgandi. Vaziyat shunday ediki, “zayavka” muddati tugab, chempionat boshlanayotgandi. Transfer oynasi yopilishiga ikki kun qolganida “Yangier”dan taklif tushdi. Klub murabbiylariga, rahbarlariga, Mahmud akaga rahmat aytaman. O‘yin amaliyotimni qayta tiklashimga katta yordam berishdi. Ularni ham ishonchini oqladim, deb o‘ylayman. Jamoa bilan aka-ukadek bo‘lib xayrlashdim. Bir tomondan formamni tiklab olishim uchun yaxshi bo‘lgandi.   

Pro liganing darajasi xususida

- Bu yildan pro ligada o‘ynayotgan bo‘lsam, Superligadan farqi kattaligini unchalik ko‘rmadim. To‘g‘ri, pro liganing ayrim maydonlari Superliga darajasida emas. Buni tan olish kerak. Ammo o‘yindagi shijoat bo‘yicha Superliganikidan katta farq qilmaydi. Bilasiz, pro ligada ham maqsadi bor klublarga qarshi boshqalar ikki barobar kuch ishlatishadi. Farqi katta emas.

suxrob

“Andijon” muxlislariga qanday e’tirof bildiradi?

- “Andijon” jamoasining 18-sektordagi muxlislarini bilaman. Ularning yaxshi fikrlarini eshitdim. Xudo xohlasa, muxlislarning ham ishonchini oqlayman. Bundan oldin vodiyda o‘ynaganman, ishqibozlarning qanaqa talabchanligini bilaman. Harakat qilaman, uyaltirib qo‘ymayman.

Nechta gol urmoqchi?

- Hujumda bo‘lmasa-da, yarim himoya va hujumga ixtisoslashgan pozitsiyada o‘ynayman. Har bir futbolchini maqsadi har bir o‘yinda gol urish. Mening ham niyatim shunaqa. Ammo birinchi o‘rinda baribir jamoani g‘alabasi turadi. Men gol uramanmi yoki urmaymanmi, muhimi klubning yutug‘i eng asosiysi. To‘g‘ri, “Yangier”da gol urish borasida samaradorlik ko‘rsata olmagan bo‘lishim mumkin. Xudo xohlasa, “Andijon”da ko‘proq gol urishga harakat qilaman. O‘zimni ham maqsadlarim bor. Buni yil oxirida aytarman. Har qanday holatda jamoani g‘alabasi birinchi o‘rinda. Maqsadimiz Superligaga qaytish.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!