
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliganing 4-tur ramziy terma jamoasi bilan tanishing
Xabaringiz bor o‘tgan haftada Superligada 4-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Bu tur ham bizga bir qator kutilmagan va kutilgan natijalarni qayd etdi. SPORTS.uz portali ham o‘z talqini bo‘yicha ushbu o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatgan va jamoasiga foyda keltirgan futbolchilardan iborat tur ramziy terma jamoasini tuzib chiqdi.
Tur ramziy jamoasi darvozasiga "Surxon" posboni Asilbek Omonovni kiritdik. Ushbu darvozabon "Paxtakor"ga qarshi kechgan o‘yinda o‘z darvozasini ajoyib tarzda qo‘riqladi. Marat Bikmaev va Dragan Cheran bir necha bor Omonov darvozasi tomon havfli hujumlar tashkil qilganiga qaramasdan, 26 yoshli darvozabon ishonchli o‘ynadi. Shuningdek, Asilbek ortda qolgan 4ta uchrashuvning 3tasida o‘z darvozasini dahlsizligini saqlab qola oldi.
"Buxoro" nihoyat 4-turga kelib o‘z muxlislarini xursand etdi. Farg‘onadagi "Istiqlol" stadionida kechgan uchrashuvda "Qo‘qon-1912"ga qarshi kurashgan "Buxoro" jamoasi safida Azamat Isroilov eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi. Nafaqat, o‘z qanotida ishonchli o‘ynadi va kiritilgan gollarda ishtirok ham etdi.
Samarqandning “Dinamo” jamoasi mavsumni juda yaxshi boshladi. Davron Fayziev qisqa vaqt ichida jamoani tezda Superliga talabiga mos tarzda shakllantirdi. Klub sardori Akmal Xolmurodov “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi va jamoasi bilan muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu bahsda Xolmurodov himoyada juda ishonchli o‘yin namoyish eta oldi.
Turning yana bir o‘yinida “Lokomotiv” o‘z maydonida AGMKga qarshi o‘ynadi va muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mazkur o‘yinda “temiryo‘lchilar” safida harakat qilgan Islom To‘xtaxo‘jaev himoya markazida ishonchli harakat qildi va jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni kiritdi. Bu esa “Loko”ga mavsumdagi uchinchi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Qarshida tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritgan “Navbahor” ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z o‘yinini topib oldi va 4-turda muxlislarini xushnud qildi. Ushbu bahsda “lochinlar” chap qanot himoyachisi Slavko Lukich ham murabbiy ishonchini oqladi. Serbiyalik legioner o‘ziga yuklatilgan vazifani to‘liq bajardi. Qanotlardan ko‘plab reydlarni amalga oshirdi.
Termizliklar 4-turga kelib “Paxtakor”ning yurishini to‘xtata oldi. “Surxon” safida Shavkat Salomovning ko‘rsatayotgan o‘yini tahsinga sazovor. “Paxtakor”ga qarshi kechgan o‘yinda ham Shavkat nafaqat maydonda “bog‘lovchi” vazifasini bajarishdan tashqari, o‘zini ham vaziyat tug‘ilsa, darvoza tomon zarbalar berib turdi. Ayniqsa, o‘yin oxirlarida Shavkat Salomonovning o‘zi raqib jarima maydonchasiga kirib borib, gol kiritishi mumkin edi.
“Qo‘qon-1912”ni mag‘lubiyatga uchratishda Jahongir Abdumo‘minov ham jonbozlik namoyish qildi va “Buxoro” g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Abdumo‘minov 3-golni kiritishda Ivan Nagaevga ajoyib pas berdi. Buning oqibatida Nagaev qalqancha uslubda gol kiritdi. Qolaversa, maydon markazida qo‘qonliklar tomonidan uyushtirilayotgan havfli hujumlarni buzishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Abramov kashf qilayotgan yana bir futbolchilardan biri Jasur Jaloliddinov bo‘ladi. 16 yoshli futbolchi Superligada to‘p surayotgan eng yosh futbolchi bo‘lishdan tashqari, muhim gollarni ham kiritmoqda. “Andijon”ga qarshi kechgan bahsda Jasur 25 metrlardan Vitaliy Mirniy darvozasini nishonga oldi. Ushbu gol esa nafaqat “Bunyodkor”ni taslim qildi va jamoaga uch ochko keltirdi.
Bekobodda “Metallurg” jamoasi juda muhim o‘yinda muvaffaqiyat qozondi. “Qizilqum”ni mag‘lubiyatga uchratishda Bahrom Abdurahimovning ham hissasi katta bo‘ldi. Bahrom “Metallurg”ga kelganidan so‘ng yana o‘z darajasida o‘ynay boshladi. “Qizilqum” bilan uchrashuvda u maydonni juda ko‘ra olishini va hujumlarni yanada ko‘proq havfli bo‘lishini ta’minlay oldi.
3-turda Zafar Polvonov 5ta gol urgan holda Superliga tarixida qolgan edi. Bu safar Zohid Abdullaev 3 bor “Qizilqum” darvozasini ishg‘ol qila oldi va jamoasining g‘alabasiga muhim hissa qo‘shdi. Shu tariqa, Zohid chempionatning gollari sonini oshirib oldi. “Metallurg” esa o‘z maydonida yirik hisobdagi g‘alaba qozona oldi.
“Navbahor”ning mavsumdagi dastlabki g‘alabasini safarda “Nasaf” ustidan qo‘lga kiritdi. Namanganliklarning ushbu uchrashuvdagi yagona golini esa Aleksandr Kasyan kiritdi. Kasyan avvalgi turda “Bunyodkor”ga gol ura olgan edi. Shuningdek, penaltidan ham foydalana olmagandi. Bu gal esa u uchrashuv qahramoniga aylandi.
Tur bosh murabbiyini tanlashda biroz qiynaldik. Boisi ushbu nomga Andrey Kanchelskis, Vadim Abramov, Davron Fayziev kabi mutaxassislar nomzodi ham bor edi. Biz esa yakunda Farg‘onada muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan "Buxoro" ustozi Baxtiyor Ashurmatovni tanladik.
Demak SPORTS.uz talqini bo‘yicha tur ramziy terma jamoasi quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabon: Asilbek Omonov ("Surxon")
Himoyachilar: Azamat Isroilov ("Buxoro"), Akmal Xolmurodov ("Dinamo"), Islom To‘xtaxo‘jaev ("Lokomotiv"), Slavko Lukich (“Navbahor”).
Yarim himoyachilar: Shavkat Salomov ("Surxon"), Jahongir Abdumo‘minov ("Buxoro"), Jasur Jaloliddinov ("Bunyodkor"), Bahrom Abdurahimov (“Metallurg”).
Hujumchilar: Zohid Abdullaev ("Metallurg"), Aleksandr Kasyan ("Navbahor").
Bosh murabbiy: Baxtiyor Ashurmatov.
Baxtiyor Toshtemirov va Izzat Abduvahobov tayyorladi.
Fikrlar