
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Evropa Ligasi chorak final ramziy terma jamoasi
Murabbiy: Xulen Lopetegi (4-3-3)
Jamoasini yarim final ostonasida “bo‘rilar” to‘dasidan muvaffaqiyatli o‘tishida bosh murabbiyning xizmatlari beqiyos. Ispaniyalik mutaxassis bu o‘yin uchun shogirdlarini darvozabonidan to hujumchisigacha shu qadar yaxshi tayyorlay olgan-ki, ular kechagi uchrashuvda haqiqiy jasorat ko‘rsata oldi. Ayniqsa, belgilangan penaltini qaytarib, yakunda g‘alaba golini yo‘llay oldilar. Albatta, bu erda murabbiyning motivatsiyasi katta rol o‘ynadi. Bundan tashqari, andalusiyaliklar aynan Lopetegi qo‘li ostida barcha musobaqalarda 19 uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. Bu esa klub rekordi hisoblanadi.
Darvozabon: Karl-Yoxan Yonsson
Jamoasi keyingi bosqichga chiqa olmasa ham, ramziy jamoamizdan o‘rin olgan yagona futbolchi “Kopengagen” posboni Karl-Yuxan Yonsson hisoblanadi. Chorak final bosqichida MYu bilan bahsda shved darvozaboni oz emas, ko‘p emas 13 marta seyv ijro etdi. Tan olish lozim, aynan uning sa’y-harakatlari tufayli jamoasi shu bosqichgacha etib keldi. Garchi “Sevilya” kiperi Yassin Bunu penaltini qaytarib, o‘z darvozasidan gol o‘tkazmagan bo‘lsa-da, u faqat penaltini qaytardi. Yonsson esa faqat 11 metrlik jarima zarbasini qaytara olmadi. Seyvlar o‘rtasidagi nisbat 2-13. Siz barchasini tushundingiz.
Markaziy himoyachi: Xarri Maguayr
“Qizil iblislar” sardori ketma-ket ikkinchi bor terma jamoamizdan o‘rin olmoqda. Tabiiyki, bunga arzirli sabab bor: Xarri nafaqat himoyada, balki standart vaziyatlarda ham raqib jarima maydonchasi ichida xavfli. Baland bo‘yi, baquvvat tanasi orqali angliyalik fulbek raqib futbolchilariga doim muammo tug‘dirib keladi. Ortda qolgan bosqichda ham uning ishonchli o‘yini sababli Sulsher shogirdlari yarim final chiptalarini qo‘lga kiritdi.
Markaziy himoyachi: Diego Godin
Kuchli raqib ustidan g‘alaba qozonildi. Yana kimsan, butun Evropa grandlari oromini o‘g‘rilagan yosh yulduzi bor klub ustidan ishonchli g‘alabaga erishildi. Mavsum avvalida milanliklar safini to‘ldirgan urugvaylik fulbek bu o‘yinda raqiblariga tinim bermadi. Ketma-ket o‘yinlarda Antonio Konte tomonidan bildirilayotgan ishonchni Diego oqlamoqda. Keyingi raqib gol urishdan zerikmayotgan “Shaxtyor”. Demak, Godinda o‘z darajasini yana bir bor ko‘rsatib qo‘yish uchun imkoniyat tug‘iladi.
O‘ng qanot himoyachisi: Dodo
“Shaxtyor” raqibini yanchib tashladi. Tezkor futbolchilari talaygina bo‘lgan donetskliklarning qarshi hujumlariga dosh berish har kimning ham qo‘lidan kelavermayapti. Ushbu bosqichda ham “Bazel” himoyachilarini ortidan yugurishga majbur qila olgan “konchilar” a’zosi Dodoga bizning termamizdan joy topildi. O‘yin oxirida uning ajoyib reydi tufayli shveytsariyaliklar 4-to‘pni ham qabul qilib olganini eslatish joiz.
Chap qanot himoyachisi: Eshli Yang
Qanot tanlamaydigan futbolchilar sirasiga kiruvchi Eshli Yang “Inter”da ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda. O‘yin davomida to‘xtovsiz hujumlar uyushtirib, xavfli vaziyatlar yaratishda, hujumchilarni uzatmalar bilan ta’minlashda charchamagan ingliz himoyachisi terma jamoamiz uchun bu safar chap qanotda o‘ynaydi. Uning faol o‘yinidan “Nerradzurilar” ustozi xavotir olmasa ham bo‘laveradi.
Markaziy yarim himoyachi: Ever Banega
Ispaniyalik yarim himoyachi o‘zining darajasini yana bir bor ko‘rsatdi. Jarima to‘pini ajoyib tarzda ijro etgan Baneganing zarbasini Rui Patrisiu bazo‘r qaytargan edi. Ammo ko‘p o‘tmay, uning jamoadoshlariga bo‘lgan uzatmasi hisob ochilishi bilan yakunlandi. Banega maestro rolini qoyilmaqom ijro etdi.
Markaziy yarim himoyachi: Nikolo Barella
Leverkuzenliklar Romelu Lukakuning goliga javob bera olishdi. Ammo Barellanikiga emas. Uning raqib himoyachilari orasidan bergan mohirona zarbasidan so‘ng, “nerradzurrilar” ancha engil tin oldilar. To‘p kiritishdan tashqari, Nikolo markazda yaxshi o‘yin namoyish etdi va yakunda jamoasining yarim finalga chiqishiga munosib hissa qo‘shdi.
Hujumkor yarim himoyachi: Lukas Okampos
“Sevilya” - “Vulverxempton” qarama-qarshiligi oldidan barchaning nigohi yana bir bellashuvga qaratilgan edi: Lukas Okampos hamda Raul Ximenes bahsi. Maksikalik forvard to‘p kiritishi lozim bo‘lgan vaziyatda adashdi. To‘g‘ri, u to‘pga aniq zarba berdi. Ammo penaltini golga aylantira olmadi. Okampos esa bir qarashda golga tortmaydigan vaziyatni muvaffaqiyatli yakunlab, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Nafaqat andalusiyaliklar “bo‘rilar”ni mahf etdi. Balki argentinalik xavbek ham portugaliyalik raqibi ustidan zafar quchdi. Bu ikki millat yigitlari o‘rtasidagi yana bir qiziqarli kurash. Huddi akalari kabi.
Chap qanot vingeri: Antoni Marsyal
Uzoq kutilgan aniq zarbani Brunu Fernandesh yo‘llagan bo‘lsa-da, uning 11 metrlik nuqtaga yaqinlashishiga jamoadagi sherigi Antoni Marsyal imkoniyat yaratib berdi. U o‘yinda eng faol bo‘ldi, penalti ishladi, jamoadoshi uni ijro etmoqchi bo‘lganida unga omad tiladi. Umuman olganda, agar o‘sha vaziyatda raqib himoyachisi frantsiyalikni chalib yiqitmaganida, u darvozabonni ojiz qoldirishi katta ehtimol edi.
O‘ng qanot vingeri: Marlos
“Bazel” bilan o‘yinda dastlabki ikki gol amalda barchasini hal qildi. Ularning har ikkisiga ham qahramonimiz pas oshirdi. O‘yin davomida tinib tinchimadi, zarbalar yo‘lladi, kalit uzatmalar berdi. “Konchilar” ustozi aynan uni birinchi bo‘lib zaxiraga oldi. Chunki final ostonasida u tayanadigan eng muhim futbolchilardan biri aynan Ukraina terma jamoasi a’zosi sanaladi.
Markaziy hujumchi: Romelu Lukaku
Belgiyalikning sport formasi o‘yindan o‘yinga ochilib bormoqda. Nisbatan kuchli “Bayer”ning mag‘lub etilishi Lukaku nomi bilan bog‘lanadi. Bitta gol kiritib, ikkinchi aniq zarbada ham katta hajmda ish bajargan Romelu bu safar ham ramziy jamoamiz hujumidan o‘rin oldi. O‘z tana imkoniyatlaridan maksimal tarzda foydalana olgan forvard o‘z gollari sonini yana bittaga ko‘paytirishni uddaladi. Keyingi bosqichlarda biz yanada havfli Lukakuni ko‘rishimiz aniq.
Bu safargi ramziy termamiz uchun nomzodlar saralash jarayoni ham ancha qizg‘in kechdi. Faolligi bilan ajralib turgan Uan-Bissaka, markazda yaxshi harakat qilgan Diego Karlos, zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, xavfli hujumlar yaratgan Xuan Mata kabi futbolchilar bu gal jamoamizga kira olmadi. Keyingi bosqichlarda ham ular shunday ijobiy ma’nodagi tashvish tug‘dirishlariga ishonamiz.
Fikrlar