
Shtutgartlik qiziqqon yoxud Yurgen Klopp haqida
Ko‘ziga eski uslubdagi ko‘zoynak taqqan, sochlari betartib taralgan, maydon chetida mudom baqirib chaqirib, futbolchilar qolib hakamlarga ham tez-tez o‘shqiradigan yovvoyi tabiat murabbiy Yurgen Klopp bugun futbolga biroz qiziqqan har bir muxlis uchun yaxshi tanish bo‘lib ulgurgan.
“Shtutgart”ga muxlislik qilardi
1967 yilning 16 iyun kuni Shtutgartning Frudenshtat yaqinidagi Glatten qishlog‘ida ulg‘aygan yosh Yurgenning otasi Norbert Klopp o‘zi ko‘cha savdogari bo‘lsa-da bir muddat darvozabon sifatida o‘ynagan hatto “Kayzerslautern”da ko‘rikdan ham o‘tgandi. Ammo taqdir yo‘llari Norbertni boshqa tomonga olib ketdi. 2 qizdan so‘ng dunyoga kelgan Yurgen otasining butun orzularini amalga oshirdi. Kichik Klopp bolaligida “Shtutgart” jamoasiga muxlislik qilardi. Futboldan tashqari otasi bilan chang‘ida uchar, tennis bilan shug‘ullanardi. Yurgen Klopp o‘z intervyularida bolalik yillari u qadar engil o‘tmaganini bot-bot takrorlaydi. Otasi bilan chang‘i uchgan vaqtlarida oldindagi qizil nuqtanigina ko‘ra olganini, otasini esa uning tajribasizligi hecham tashvishlantirmaganini yodga oladi. Chunki Norbert o‘g‘lining har sohada mukammal bo‘lishini istagan.
Shifokor bo‘lishni istagi va sportcha yurish bo‘yicha diplom
Yosh Yurgen futbolga kirib kelishidan oldin, shifokor bo‘lishni istagan va bu sohada “A” darajadagi diplomga ham ega bo‘ldi. Diplom topshirish chog‘ida ustozim: “Umid qilamanki, bu diplom senga faqat maydonda asqatadi. Aks holda, bu senga u qadar mos ko‘rinmayapti”, — degandi, deya o‘sha yillarini eslaydi, Klopp.
Havaskor futbol bilan shug‘ullanib yurgan vaqtlarida Klopp mahalliy do‘konlardan birida yuk tashuvchilik ham qiladi. Shu orada u Frankfurtdagi “Gyote” universitetida sportcha yurish bo‘yicha ilmiy ish yoqlab, sport fanlari bo‘yicha diplomli ham bo‘ldi.
Hujumdan himoyaga
1990-yilning yozida Bundesliganing 2-divizioni “Maynts” klubi Klopp bilan shartnoma imzolaydi va 2001 yilga qadar shu klub safida to‘p surdi. Dastlab, u hujumchi sifatida faoliyatini boshlagan 1995-yildan jamoaning o‘sha vaqtlardagi murabbiyi Aleks Kaspari tomonidan o‘ng qanot himoyasiga ko‘chirildi. Butun faoliyati davomida o‘tkazgan 341 ta o‘yinda 56 ta gol va 6 ta samarali uzatmaga mualliflik qildi.
Dastlabki murabbiylik va “taktika stoli”
2001 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Klopp jamoaning bosh murabbiyi sifatida ish boshlaydi. Dastlabki paytlarda na jurnalistlar va na jamoaning boshqa a’zolari bunga ko‘nika olmadi. 2005—2008 yillar oralig‘ida qahramnonimiz murabbiylik bilan bir qatorda Germaniya ikkinchi televideniesida Yohannes Kerner, Urs Meyer va Frants Bekkenbauerlar bilan birga futbolga ixtisoslashgan ko‘rsatuvlardan birida ekspert sifatida ham ishladi. U elektron “taktika stoli”da o‘yin holatlarini tahlil qilar, xavfli vaziyat yoki golga sabab bo‘lgan xatolarni o‘rganardi.
“Borussiya” Dortmund
2008 yildan boshlab Klopp Dortmundning “Borussiya” klubida ish boshladi. Aslida unga o‘sha yilgi mamlakat chempioni “Bavariya” tomonidan ham qiziqish bildirilgandi. Ammo yakunda u "sariq-qoralar" boshqaruvida ish boshladi. Jamoa ruliga kelgan dastlabki mavsumdanoq mamlakat superkubogida “Bavariya” mag‘lub etildi. Biroq uning klubi chempionatni 6-o‘rinda yakunladi. Keyingi mavsumda esa o‘zining ligadagi eng yosh tarkibi bilan 5-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Borussiya” Dortmund 2010-11 yilgi mavsumda chempionlikni nishonladi va keyingi mavsumda uni muvaffaqiyatli himoya qildi. 2012-13 yilgi mavsumda asosiy e’tibor Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishga qaratildi. O‘shanda “asalarilar” “Manchester Siti”, “Real Madrid” va “Ayaks” kabi grand jamoalardan iborat bo‘lgan “o‘lim guruhi”dan “tirik” chiqishdi. Bundan tashqari, yarim final bosqichida ular “Real Madrid” bilan qayta to‘qnashishdi va ushbu bosqichning dastlabki bahsida Mourino boshqaruvidagi jamoani 4:1 hisobida mag‘lub etishdi. Javob bahsidagi 2:0 hisobidagi mag‘lubiyat esa Kloppni finalda ishtirok etish huquqidan mahrum eta olmadi. Ammo final “Bavariya”ning g‘alabasi bilan yakunlandi. Mahalliy chempionatda ham deyarli barcha sovrinlar myunxenliklarga boy berildi.
Keyingi mavsum esa dortmundliklarning Germaniya Superkubogini qo‘lga kiritishi bilan boshlandi. Ammo mahalliy chempionat startidagi muvaffaqiyatsizlik sabab, aprel oyiga keliboq Kloppning Dortmundni tark etishi aniq bo‘lib ulgurgandi.
“Liverpul”
2015 yilga kelib Yurgen Klopp Angliyaning “Liverpul” jamoasida ish boshladi. U Angliyadagi dastlabki mavsumida mamlakat Liga kubogining finaliga qadar etib bordi. Ammo sovrinni “Manchester Siti” ilib ketdi. Keyingi mavsumda esa mersisaydliklar chempionatda 4-o‘rinni egallagan holda, Chempionlar Ligasida qatnashish imkonini qo‘lga kiritishdi. Bunda jamoa “Manchester Siti”, “Roma” kabi grandlar to‘sig‘idan o‘tib, yana finalda mag‘lub bo‘ldi. Bu safar Kloppning yo‘liga Madridning “Real”i to‘g‘anoq bo‘ldi.
EChLdagi triumf
Yakuniga etgan mavsumda 51 yoshli mutaxassis avvalgi mavsumlardagi xatolaridan tegishli xulosa chiqargan holda, yana Chempionlar Ligasi finaliga qadar etib keldi va jamoaga o‘z tarixidagi oltinchi Chempionlar Ligasi kubogini taqdim etdi. To‘g‘ri, aslida bunga APL chempionligi ham qo‘shilishi mumkin edi. Ammo Gvardiola boshqaruvidagi jamoa buning uchun Evropa miqyosidagi triumfni qurbon qilib bo‘lgandi.
Gegenpressing
Yurgen Klopp taktik jihatdan “gegenpressing” uslubini qo‘llashni yoqtiradi. Ya’ni bunda to‘p yo‘qotilganda butun jamoa bo‘lib pressing uyushtiriladi. Ushbu uslubda to‘p yo‘qotilgan paytda futbolchilardan juda katta chidamlilik, tezlik va tashkilotchilikni talab qilinadi. Ammo ko‘pchilik mutaxassislar Klopp bu taktikasi bilan o‘yin nazoratini qo‘ldan boy berishi va darvoza daxlsizligi saqlay olmasligini tanqid qilishardi. Germaniyalik mutaxassis esa ayni kamchiliklarni Alisson, Virjil Van Deyk, Nabil Keyta va Fabino kabi futbolchilar orqali bartaraf qildi.
Umuman, futbolda taktika haqida batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar asosan, 4-3-3 sxemasidan foydalanishni xush ko‘ruvchi Kloppning chizmalari italiyalik Arrigo Sakki va germaniyalik Volfrang Franklarning g‘oyalari qorishmasi ekanligini aytishadi. Xususan, u himoyada bo‘sh zonalarni yopishni Sakkidan o‘rgangan bo‘lsa, “kontr-pressing”ni unga 1995—97 va 1998—2000 yillar oralig‘ida “Maynts”da murabbiylik qilgan mutaxassisdan o‘zlashtirgan. “Men Sakkini hayotda uchratmaganman, ammo futbolda bor bilganlarimni Sakkidan ta’lim olgan sobiq murabbiyim (Frank)dan o‘rganganman”, deydi Klopp “Sportskeeda” nashriga bergan intervyularidan birida.
Statistika
Umuman Kloppning bugungi kunga qadar murabbiy sifatiga o‘tkazgan uchrashuvlari tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, germaniyalik mutaxassis butun faoliyati davomida 795 marotaba turli jamoalarni maydonga olib tushgan. Shundan 310 ta o‘yin g‘alaba, 189 bahs durang va 196 uchrashuv mag‘lubiyat bilan yakunlangan. O‘z vaqtida “Real Madrid”, “Bavariya” kabi grandlarda qiziqish uyg‘otgan “shtutgartlik bolakay”ning “Liverpul” bilan tuzilgan shartnomasi hozircha 2022 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Agar jamoa rahbariyati uni klubda uzoqroq qolishini istasa, yaqin orada Klopp bilan tuzilgan shartnomani yangilashlari lozim bo‘ladi. Yana bir qiziq ma’lumot, Yurgen Klopp faoliyati davomida o‘zi ishlagan barcha jamoalarda eng uzoq muddat ishlagan murabbiy bo‘lgan. Albatta, “Liverpul”da u Tom Uotsonning rekordini yangilay oladimi yoki yo‘q buni vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar