
Shomurodov muxlislarga murojaat yo‘lladi!
“Roma” joriy mavsum doirasida eng muhim uchrashuvlaridan biriga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Bo‘rilar” 13 aprel kuni A Seriyaning 32-turidan o‘rin olgan Rim derbisida “Latsio” bilan to‘qnashadi.
Har ikki jamoa o‘yinlarini o‘tkazib beradigan “Olimpiko” stadionida bu gal “Latsio” futbolchilar mezbon sifatida maydonga tushadi.
“Roma” uchun bu bahs kamida uch jihatdan muhim. Birinchidan, Klaudio Raneri futbol murabbiy sifatidagi faoliyatini yuqori notada yakunlab, boshqa yashil maydonga qaytmoqchi emas.
Ikkinchidan, bir shahar sharafini himoya qilayotgan ikki qudratli jamoaning o‘zaro to‘qnashuvi doimo muxlislar va mutaxassislar diqqatini o‘ziga jalb qilib keladi.
Uchinchidan, musobaqa jadvalining oltinchi va ettinchi pog‘onalaridan joylashgan “Latsio” va “Roma” Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanmasi uchun kurashda to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi hisoblanadi.
Klaudio Raneri shogirdlari uchun chempionat oxirigacha “Latsio”, “Verona”, “Torino”, “Inter”, “Fiorentina”, “Atalanta” va “Milan” bilan bo‘ladigan ettita bahs final darajasidagi to‘qnashuv bo‘ladi. Ayni paytda tajribali murabbiy bor e’tiborini “Latsio”ga qaratgan.
- Men birinchi davra uchrashuvidagi derbida g‘olib chiqqanimizdan mamnunman. Biroq u o‘yin ortda qoldi. Endi oldindagi bahsda yaxshi o‘ynab, muxlislarimizni xursand qilishni o‘ylashimiz kerak, - dedi Klaudio Raneri.
Ayni paytda ko‘pchilikni Raneri hujum chizig‘ida qanday echim qilishi qiziqtirib turibdi. Tajribali mutaxassis oldida tanlov katta emas. Klubda atigi ikkita markaziy hujumchi Eldor Shomurodov va Artyom Dovbik bor. Raneri uchrashuvni ulardan biri bilan boshlab, o‘yin davomida ikki hujumchili taktikaga o‘tishi mumkin. Ikkinchi tomondan, “Roma” oxirgi ikki bahsda Eldor va Artyom birga o‘ynagan vaqtda gol urdi. Shu bois, ko‘pchilik “bo‘rilar” ustozi ilk daqiqadan har ikki hujumchini jangga tashlashini kutyapti.
Italiya futbolini yoritayotgan ayrim manbalar boshlang‘ich tarkibda o‘zbek futbolchisi xizmatidan foydalanish ma’qul ekanini ta’kidlamoqda.
- O‘zbek hujumchisi ajoyib sport formasida va Rim derbisida ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi kerak. “Yuventus” darvozasiga urilgan gol Eldor porlayotgan jarayonning yana bir cho‘qqisi.
Shomurodov muvaffaqiyatli o‘yinlari ortidan shartnomasini 2027 yilning yozigacha uzaytirish imkoniga ega bo‘ldi. Klaudio Raneri “Latsio” bilan bo‘ladigan derbida o‘zbekistonlik markaziy hujumchini ilk daqiqalardan o‘ynatish masalasini jiddiy ko‘rib chiqmoqda.
Bu borada murabbiyning ikkita rejasi bor. Birinchisi, “Kalyari” va “Jenoa”da o‘ynagan Shomurodovni Artyom Dovbik o‘rniga ilk daqiqadan o‘ynatish kerak. Bu vaziyatda Shomurodovga ikki nafar hujumkor yarim himoyachi yordam berishi talab etiladi.
Ikkinchi variantda har ikki forvardni birga o‘ynatish lozim. Xususan, “Lechche”ga qarshi bahsda Eldor va Artyom 72-84-daqiqalar oralig‘ida atigi 12 daqiqa birga o‘ynadi va yagona gol mana shu vaqtda kiritildi. “Yuventus” bilan bahsda Shomurodov zaxiradan bellashuvga qo‘shilganidan to‘rt daqiqa o‘tib, to‘p kiritdi. Bu paytda Dovbik maydonda edi. Hammani Klaudio Raneri qanday qarorga kelishi qiziqtirmoqda, - deb yozdi siamolaroma.it sayti eksperti Lorentso Sassi.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning o‘zi ham poytaxt derbisiga katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. 29 yoshli forvardimiz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga mashg‘ulotlardan suratlar joylab, muxlislarga “Bu hafta bizni derbi kutmoqda”, deb murojaat qoldirdi.
A Seriyaning 32-turidan o‘rin olgan “Latsio” hamda “Roma” o‘rtasidagi derbi 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. “Olimpiko” stadionidagi bahs Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.
Fikrlar