
Shohruh Gadoev AGMKda!
AGMK klubi yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish bilan bir qatorda selektsiya ishlarini ham olib bormoqda. Bosh murabbiy Mirjalol Qosimov o‘zining o‘yin uslubiga mos tushadigan hamda tarkibni kuchaytira oladigan futbolchilarni tarkibda ko‘rishni xohlamoqda.
Sports.uz olgan ma’lumotga ko‘ra, AGMK tarkibiga iqtidorli yarim himoyachi Shohruh Gadoev qo‘shilgan. U bunga qadar Ozarbayjon chempionatida, “Keshla” jamoasi sharafini himoya qilgan. Aftidan, hamyurtimiz “Keshla” klubini tark etgan ko‘rinadi. Yangi mavsumni esa AGMKda boshlashi mumkin.
Bu futbolchi “Keshla” klubidan tashqari “Nasaf”, “Al-Muharraq” (Bahrayn), “Bunyodkor” va “Tedjon Sitizen” (Janubiy Koreya) jamoalarida ham to‘p surgan.
Shuningdek, Gadoev faoliyati mobaynida Mirjalol Qosimov bilan birga ishlagan. Tabiiyki, murabbiy ham futbolchining imkoniyatlarini yaxshi biladi. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar