
Shimoliy va Janubiy Koreya Olimpiya o‘yinlarini birgalikda o‘tkazishi mumkin
Janubiy va Shimoliy Koreya birgalikda 2024 yilgi IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilishi mumkin. Bu boradagi tegishli taklif 2018 yilgi o‘yinlarga mezbonlik qilgan Kanvondo provintsiyasidan Pxenyanga yuborilgan.
O‘smirlar o‘rtasidagi "OO‘-2024"ni qabul qilish huquqi uchun kurashgan Janubiy Koreyaning ushbu mintaqasi gubernatori Choy Mun Sun boshidanoq, shimoliy qo‘shnisi bilan qo‘shma ariza yozish tashabbusini ko‘tarib chiqqan edi, ammo bu g‘oya mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi.
Yaqinda Koreya Respublikasini tiklash ishlari vaziri Li In Yon bilan uchrashuvda siyosatchi bu masalani yana bir bor ko‘tardi, shuningdek, Shimoliy Koreyani o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga jalb qilish orqali xalqaro loyihalarni amalga oshirish masalasida qo‘llab-quvvatlashni ham so‘ragan.
Choy Mun Sunning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning Vonsan port shahri yaqinida joylashgan Masik chang‘i kurorti tog‘ chang‘isi va snoubord musobaqalariga mezbonlik qilishi mumkin.
2018 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari oldidan ham tomonlar qo‘shma musobaqalar o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rgangan qilgan edi, ammo bu masala muhokamalardan nariga o‘tmadi. Ikkala Koreyaning birlashgan jamoasining xokkey bo‘yicha ayollar musobaqasidagi ishtiroki, O‘yinlarning ochilish va yopilish marosimlarida delegatsiyalarning birgalikda o‘tishigagina erishildi, xolos.
Shunga qaramay, musobaqa mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni iliqlashuviga va ikki rahbar – Mun Chje In va Kim Chen Inning uchrashuvlari uchun kuchli turtki berdi. Shundan keyin Shimoliy va Janubiy Koreya 2032 yilgi Olimpiya o‘yinlari va 2030 yilgi Jahon chempionati uchun qo‘shma ariza berish imkoniyatini ham ko‘rib chiqdilar.
Eslatib o‘tamiz, IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari poytaxtiga saylovlar XOQning 2020 yil 10 yanvarda Lozannada bo‘lib o‘tgan 135-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Yakuniy bosqichda koreyaliklar arizasi raqobatchilar ro‘yxatida yo‘q edi.
Ovoz berish natijalari e’lon qilingandan so‘ng, XOQ prezidenti Tomas Bax musobaqaning Janubiy Koreyada o‘tkazilishi Pxyonchxan Olimpiadasi inshootlaridan maksimal darajada foydalanishga imkon berishini ta’kidlagandi.
Fikrlar