
"Shaxtyor" Yaxshiboevning o‘rniga o‘zbekistonlik boshqa hujumchini olyapti
2020 yilgi mavsumda Belarus chempioni bo‘lgan Soligorskning “Shaxtyor” klubida o‘zgarishlar yuz beryapti. Xabaringiz bor, u erda to‘p surgan Jasur Yaxshiboev jamoasining chempionlikni qo‘lga kiritishida o‘z gollari bilan ham salmoqli hissasini qo‘shgandi. Biroq mavsum yakuniga etganidan keyin, hamyurtimiz “Shaxtyor”ni tark etdi.
Endilikda ular Jasur Yaxshiboevning o‘rnini to‘ldirish maqsadida yana o‘zbekistonlik hujumchilarga e’tibor qaratdi. Natijada “Metallurg”da to‘p surayotgan Shahzod Ubaydullaev soligorskliklarning e’tiborini tortdi. Shu sababli, “Shaxtyor” Ubaydullaev bo‘yicha “Metallurg”ga taklif bilan chiqdi. Katta ehtimol bilan Shahzod yangi mavsumni “Shaxtyor” jamoasida boshlaydi.
Shu masala bo‘yicha sports.uz muxbiri Shahzod Ubaydullaev bilan bog‘langanida dushanba kuni barchasi rasman hal bo‘lishini aytdi. Ayni paytda u Soligorskda bo‘lib turibdi. O‘zining aytishicha, muzokaralar davom etyapti.
Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, “Shaxtyor” BAAda o‘tkaziladigan yig‘in rejasiga Shahzod Ubaydullaevni ham kiritgan. Shu kunlarda klub uning transferini rasman e’lon qilsa ham ajab emas. Shu o‘rinda “Metallurg” bosh murabbiyi Andrey Shipilovdan Ubaydullaev masalasida so‘raganimizda, hozircha hech qanday izoh bera olmasligini, qachonki barchasi rasmiy tus olgach, o‘z munosabatini bildirishini lozim topdi.
Eslatib o‘tamiz, Shahzod Ubaydullaev 1998 yili Namangan viloyatida tavallud topgan. “Mash’al” klubi orqali katta futbolga kirib kelgan. Superligadagi debyutini ilk bor 2019 yili “Andijon”da o‘tkazgan. O‘shanda u 24 ta uchrashuvda 9 ta gol urgan. O‘tgan yili bekobodliklar safida 26 ta bahsda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 8 bor ishg‘ol qilgan va bir marta golli pas uzatgan. O‘tgan yili esa Vadim Abramov uni O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘rtoqlik uchrashuvlariga ham jalb qildi.
Fikrlar