
Sensatsiya: “Barsa” serxarajat o‘yinchini katta summaga sotmadi
“Barselona”da katta maosh olayotgan Frenki de Yongning klubdagi kelajagi mavhum bo‘lib turibdi. Niderlandiyalik futbolchi klubning yangi shartnoma bo‘yicha taklifini hali qabul qilgani yo‘q.
Frenki de Yong atrofidagi vaziyat Evropaning qator klublari e’tiborini tortmoqda. Kataloniyaliklar bilan yana bir yillik shartnomasi qolgan futbolchiga “Manchester Yunayted” og‘iz soldi.
Manchesterliklar 27 yoshli markaziy yarim himoyachi uchun “Barselona”ga 65 million evro taklif qildi. Biroq kataloniyaliklar bu taklifni qabul qilmadi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Barselona” bosh murabbiyi Xans-Diter Flik niderlandiyalik charm to‘p ustasini sport loyihasining muhim figurasi sifatida o‘ynatmoqchi, klub rahbariyati esa, o‘yinchining yangi bitimni imzolashidan umidvor.
Qizig‘i shundaki, ikki yil muqaddam “Barselona” Frenki de Yongni 90 million evro evaziga “Manchester Yunayted”ga transfer qilishga ko‘ngan edi. O‘shanda o‘yinchining o‘zi Kataloniyadan ketishdan bosh tortgan.
Fikrlar