
Sanjar Tursunov: Yangi mavsumda AGMK yanada yaxshiroq natija ko‘rsata oladi
Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi AGMK klubi yangi mavsum uchun dastlabki xaridlaridan biri sifatida «Bunyodkor»dan Sanjar Tursunovni qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor. 34 yoshga to‘ladigan tajribali yarim himoyachi shu tariqa klubini o‘zgartirdi. Uning «Bunyodkor»dagi ishtiroki borasida o‘rtacha baho berish mumkin. Balki u Qosimov qo‘li ostida yanada yaxshiroq o‘ynay olishiga ishonayotgandir. Quyida Sanjar bilan uyushtirilgan suhbatni o‘qishingiz mumkin.
- O‘tgan yilning ikkinchi yarmida O‘zbekiston chempionatiga qaytgan holda «Bunyodkor» sharafini himoya qildingiz. Lekin mazkur klubdagi faoliyatingiz qisqa davom etishiga nima sabab bo‘ldi?
- «Bunyodkor»dan ketishimda hech qanday tushunarsiz holat yuz bergani yo‘q. Shunchaki, AGMK jamoasida Mirjalol Qosimov bilan birga ishlashga qaror qildim. O‘z vaqtida bu murabbiy bilan milliy terma jamoada ham birga ishlaganman. Shu boisdan AGMKdan taklif bo‘ldi. To‘g‘risi, «Bunyodkor»ga kelishimdan oldin ham olmaliqliklardan chaqiruv olgandim. Nihoyat, bu safar faoliyatimni AGMKda davom ettiradigan bo‘ldim. Klubning oldiga qo‘yilayotgan maqsadlari jiddiy ekanligi haqida aytishdi. Jamoadagi hamma narsa menga yoqqanligi uchun bu klubni tanladim.
- «Bunyodkor»dagi yarim mavsumingizdan ko‘nglingiz to‘lmadimi?
- Men uchun zo‘r o‘tdi deb o‘ylamayman. Umuman olganda, yaxshi ham, yomon ham emas. Albatta, jamoa uchun Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqqanimiz qoniqarli bo‘ldi. Ammo to‘liq o‘ynay olmaganim o‘zim uchun minus bo‘ldi.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyning ko‘z o‘ngida to‘p surishingiz siz uchun foydaliroq tuyulmasmidi?
- Vadim Karlenovich bilan yaxshi munosabatda xayrlashdik. Hamma futbolchilar qatori meni ham terma jamoada o‘ynagim kelyapti. Istalgan paytda meni chaqirishsa, har doim yordam berishga tayyorman. Lekin hozir shunday vaziyat bo‘lgani uchun AGMKga o‘tdim.
- AGMKga o‘tishingizda Mirjalol Qosimovning roli katta bo‘lganligi ko‘rinib turibdi. Uning taklifini qabul qilishingizda asosiy turtki nima bo‘ldi?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, «Bunyodkor»ga o‘tishimdan oldin ham Mirjalol Qosimov meni Olmaliqqa chorlagandi. Lekin men o‘sha paytda «Bunyodkor»ga borgandim. Olmaliqqa o‘tishimda turtki bo‘lgan asosiy jihat shu bo‘ldiki, Mirjalol aka meni o‘z jamoasida ko‘rishni xohladi. Shu bilan birga klub oldiga katta maqsadlar qo‘yilyapti. «Bunyodkor»da ham vazifa shunaqa edi. Lekin men Olmaliqni tanladim.
- Sizga AGMKdan ham tashqari yana boshqa klublardan ham aniq takliflar bo‘ldimi?
- To‘g‘risini aytsam, boshqa takliflarni kutishim kerak edi. Albatta, asta-sekin qiziqishlar bo‘layotgandi. Ammo buning uchun boshqalarning aniq taklifini hozirgacha kutayotgan bo‘lishim kerak edi. Men esa yangi yildan oldin bir qarorga kelib bo‘lgandim va boshqa takliflarni bir chetga surib qo‘ydim.
- AGMK bilan qancha muddatga shartnoma tuzdingiz?
- Bir yilga.
- Bu yil 34 yoshga to‘lasiz. Bungacha asosan xorijda legioner sifatida to‘p surib kelayotgandingiz. O‘tgan yildan beri esa o‘zimizning chempionatda o‘ynab kelyapsiz. Bu degani endi boshqa chetga chiqmasligingizni bildiradimi?
- Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Jismoniy tarafdan holatim yana avvalgidek o‘ynashga imkon beradimi? Kuchim etadimi? Shularni hisobga olaman va agar hammasi joyida bo‘lsa yana legioner bo‘lib o‘ynashim mumkin. Agarda chetda o‘ynashga ko‘zim etmasa shu erda faoliyatimni tugataveraman. Hozir esa bu haqida gapirishga erta.
- Siz uchun yangi klubingizga aylangan AGMK ham yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlagan va siz ham bu jamoa bilan ishlashni boshlab yubordingiz. Hammasi siz o‘ylagandek yaxshi kechyaptimi?
- Jamoa muhitiga moslashishim u qadar qiyin bo‘lgani yo‘q. Klubdagi ko‘p o‘yinchilarni yaxshi taniyman. Albatta, legioner bo‘lib o‘ynab yurgan kezlarimda yangi jamoaga o‘tsam moslashishda biroz qiynalardim. Ammo endi O‘zbekistondaman va o‘zimizdagi barcha futbolchilarni yaxshi bilaman. Shu bois moslashishda ortiqcha muammolar bo‘lgani yo‘q.
- Ayting-chi, Mirjalol Qosimovni Vadim Abramovdan ustun tomonlari sifatida qanday xususiyatlarini ayta olasiz?
- Kim ustunligini ayta olmayman, bu haqida gapirsam noto‘g‘ri bo‘ladi. Hamma murabbiyning o‘z uslubi va futbolga qarashi bor. Qaysidir paytda qaysidir murabbiyning taktikasi ustun bo‘lib chiqadi. O‘ylaymanki, har bir mutaxassisning o‘ziga yarasha ustun tomonlari bor.
- O‘tgan mavsumda AGMK mavsumni 8-o‘rinda tugatdi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogi finallarigacha etib bordi. Klub esa o‘zidan ikki xil taassurot qoldirdi. Ularning taklifini qabul qilishingizdan avval o‘tan mavsumdagi ishtiroki ta’sir ko‘rsatmadimi?
- Jamoalarning ishtiroklari borasida aytadigan bo‘lsak, har birining ijobiy va salbiy qatnashuvlari bo‘ladi. Kimdir chempionatda yaxshi o‘ynab, Kubokda yomon qatnashishi mumkin yoki bo‘lmasa buning aksi bo‘ladi. Lekin yangi mavsumda AGMK yanada yaxshiroq natijalar ko‘rsata oladi deb o‘ylayman.
- Anchadan beri xorijda o‘ynab keldingiz va o‘tgan mavsumning yarmida chempionatimizga qaytdingiz. Shunday ekan, Superligamizdagi past-balandliklar haqida qanday tushunchaga ega bo‘ldingiz?
- O‘zbekiston chempionatiga faqat plyus jihatlarni qo‘shish kerak. O‘zingiz ham bilasiz, boshqa chempionatlarga qaraganda bizniki u qadar zo‘ri hisoblanmaydi. Shu bois Superligamiz yildan-yilga kuchayib borishi shart. Bunday jarayonda esa plyus va minuslari ham bo‘ladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ishlayotgan rahbarlar futbolni yaxshi tushunishadi. Ular futbolimizni kuchaytira olishlariga ishonaman.
- Oxirgi paytlarda ko‘pchilik tomonidan chempionat saviyasi pasayganligi haqida fikr bildirishdi…
- Men ham bu fikrga qo‘shilaman. Chunki «Paxtakor» katta farq bilan chempion bo‘ldi. Bu esa chempionatimiz uchun plyus emas, minusga kiradi. 1-o‘rin bilan 2-o‘rindagi klublarning ochkolari o‘rtasida juda katta farq bo‘lib qoldi. «Paxtakor» hech bo‘lmaganda kichikroq farq bilan chempion bo‘lganida ham Superligada biroz intriga saqlanib qolgan bo‘lardi. Endi bu yil qanday bo‘lishini ko‘ramiz. Lekin oldingisiga ko‘ra bu mavsum qiziqarliroq o‘tadi deb o‘ylayapman.
- Taqqoslash uchun aytish mumkinki, o‘tgan yili AGMK «Paxtakor»ga qarshi barcha o‘yinlarda yirik hisoblarda yutqazgandi. Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, yangi mavsumda AGMK nimalarga qodir bo‘lishi mumkin?
- Hozir bu savolga javob qaytara olmayman. Futbolchilarning hozirgi holati bilan ikki oydan keyingi holati nima bo‘lishini hech kim ayta olmaydi. Bu savolga javobni vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar