"Salom, tilla bola"! "O‘g‘irliklar" kichik "Oltin to‘p"lardanoq boshlanganmi?

  • 5 sentabr, 2024, 02:19
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

45 ta jamoaviy sovrinlar va 52 ta individual yutuqlar sohibi bo‘lgan futbolning tirik afsonasi Lionel Messi qo‘lga kiritgan "Oltin to‘p"larning aksari ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan. Leo va uning solishtiruvlarda doim yonma-yon keluvchi raqobatchisi Krishtianu Ronaldu 2003 yildan buyon ilk marta "Oltin to‘p" da’vogarlarining kengaytirilgan ro‘yxatidan o‘rin olmadi. Demak, bu safar raqobatchilar ko‘ngilni to‘q qilsa bo‘ladi. 

Shu o‘rinda aytadigan bo‘lsak, Messini muxlislardan tashqari ayrim raqobatchilar tilidan ham u bunga munosib emasdi, degan fikrlar yangragan. Faqat bu boshqa sovrin va u qadar katta shov-shuv bo‘lmagan bir kichik voqelik. 

Gap shundaki, 2005 yilda U-20 yosh toifasi o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon chempionatida Argentina zafar quchadi. Finalda 18 yoshli Leo boshchiligidagi "albisileste" aynan Messining ikki bora penaltidan urgan goli bilan Jon Obi Mikel etakchiligidagi Nigeriyani 2:1 hisobida taslim etgan. Shu tariqa, Lionel Messi 6 ta gol bilan turnir to‘purari bo‘ladi va finaldagi g‘alabadan so‘ng turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida "Golden Ball" sovrinini qabul qiladi. 



Jon Obi Mikel o‘zi muallifi hisoblangan "The Obi One Podcast"da o‘sha turnir bilan bog‘liq bir qiziq voqeani aytib bergan: 

"Biz 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida Argentinaga mag‘lub bo‘lgandik. Messi "Oltin to‘p"ni, men esa "Kumush to‘p"ni qo‘lga kiritgandim. Taqdirlash so‘ngida unga: "Sen mendan "Oltin to‘p"ni o‘g‘rilab olding". Men bunga loyiq edim va sendan yaxshiroq edim", degandim. Messi esa jilmayib: "Meni bu masalaga aloqam yo‘q. Buni qo‘mita tanlaydi", deya javob bergandi. 



Keyinchalik Messi mening g‘azablanganimni ko‘rib, sovrinlarni almashish taklifini berdi. Biz tashqariga chiqdik va men uni kiyinish xonasi yonida topdim. U menga: "Agar xohlasang, "Oltin to‘p"ni ol. Kumushni esa menga ber", dedi. Men esa: "Bunday qila olmayman, sen bunga loyiqsan. Shunchaki, o‘sha paytda biroz g‘azabda edim, rahmat", deya javob berdim. 

O‘sha voqea 13 yil o‘tib ham Leoning yodidan chiqmagandi. 2018 yili Rossiyada bo‘lib o‘tgan Mundialda u bilan xalqaro maydonda yana ko‘rishdik. U menga: "Calom, tilla bola. Menda taqdirlashda birga tushgan suratimiz hamon bor", dedi. Men esa tabassum qildim va unga shunday dedim: "Shu vaqtgacha sen meni bunga loyiq ekaningga ishontirding. Sen eng zo‘risan". 



2018 yilda Argentina terma jamoasi Mundialni biroz omadsiz tarzda o‘tkazadi. Guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan janubiy amerikaliklar nimchorak finaldayoq Frantsiyaga mag‘lub bo‘lib (3:4) turnirni tark etgandi. Biroq 2022 yilda nima bo‘lgani futbolga befarq bo‘lmagan istalgan kishining yodida bo‘lsa kerak. 

Quyidagi suratda siz Lionel Messi qo‘lga kiritgan barcha sovrinlarni ko‘rishingiz mumkin: 



Kim nima deyishidan qat’iy nazar o‘z ishining haqiqiy ustalari kamtarlik bilan natijalar ko‘rsataveradi. E’tiroz bildiruvchilar butun umr fikrida qolishi mumkin. Biroz vaqt yoki yillar o‘tib fikri o‘zgarishi ham ehtimoldan holi emas.

 

Tecno

 

Karim Xudayqulov  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!