
"Rubin"ning qiziqishi, Indoneziyada legionerlarga qancha haq to‘lanayotgani va yana boshqa qiziqarli mavzularda Artyom Filiposyan bilan suhbat
Indoneziyaning “Tira-Persikabo” jamoasida to‘p surayotgan hamyurtimiz Artyom Filiposyanni yaxshi bilasiz, u oxirgi yillarda asosan legioner sifatida faoliyat ko‘rsatib kelyapti. O‘tgan yili Tailandda o‘ynagan bo‘lsa, bu yil Indoneziyada.
U bilan anchadan beri qiziqarli mavzular bo‘yicha suhbatlashishni rejalashtirib qo‘ygandik. Kuni kecha Filiposyan sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- Ko‘plab o‘yinchilarimizni legioner sifatida xorij chempionatlarida ko‘ramiz. Ammo Indoneziyada o‘zbekistonlik futbolchilarni kamdan-kam uchratamiz. Shunday ekan, u erda futbolga e’tibor qanday, faoliyatingiz ko‘ngildagidek kechyaptimi?
- Tailand chempionatida o‘ynaganimdan keyin menga Indoneziyadan taklif kelib tushdi. U erdan aniq chaqiruv bo‘lgani bois ikkilanmasdan taklifni qabul qildim. Indoneziya futboliga kelsak, ular o‘sishga harakat qilishyapti. Bu yo‘lda hamma narsa uchun pulni ayashmayapti. Ammo solishtiradigan bo‘lsam, Tailand chempionati ancha ustun. Oxirgi paytlarda Indoneziyaga ham kuchli legionerlar kelishyapti. Har bir o‘yinda jamoa qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’iy nazar stadion muxlislar bilan to‘ladi va tinmasdan qo‘llab-quvvatlashadi. Shunday jihatlar meni quvontirdi.
- Indoneziyada to‘p surib futbolchi qanchalik o‘sishi mumkin? Sizning misolingizda oladigan bo‘lsak, 32 yoshdasiz va u erda o‘ynashdan asosiy maqsad nima? Ma’lumki, chetda legionerlarga yaxshi haq to‘lashadi. Agar dangal aytadigan bo‘lsak, Indoneziyadagi asosiy maqsadingiz futbolchi sifatida o‘sishmi yoki moliyaviy imkoniyatlaringizni yaxshilab olishmi?
- Indoneziyada yaxshi haq to‘lashadi. Shuning uchun ham futbolchilar 30 yoshdan so‘ng Indoneziya, Tailand, Malayziya kabi mamlakatlarga kelishadi. Yoshlarga maslahatim shundayki, ular Evropaga ketishsin. Men esa 32 yoshdaman, shu sababli Indoneziyaga kelishni xohladim, pul ishlab olish uchun. Ammo Indoneziya chempionti O‘zbekiston birinchiligidan qolishmaydi.
- U erda legionerlarga o‘rtacha hisobda qancha maosh to‘lashadi?
- Boshlanish oylik maosh 5 mingdan 15 ming dollargacha olishadi. Ammo muxlislar uchun aytib o‘tishim kerakki, bir paytlar “Chelsi”da to‘p surgan Maykl Essen o‘tgan yili shu erda o‘ynab ketdi.
- Siz to‘p surayotgan jamoani bizga yaxshi tanish bo‘lgan belaruslik Igor Kriushenko boshqarib boryapti. Undan nima o‘rganyapsiz? Jamoada olib borayotgan ishi qanday?
- Meni “Tira-Persikabo” klubiga Kriushenko chaqirdi. U o‘yinlarimni ko‘rgan ekan. Igor Nikolaevich haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi o‘rinda odamgarchiligi juda yaxshi. O‘yinda yutasizmi-yutqazasizmi, har doim yaxshi ma’noda tushuntiradi. Chunki o‘zi ham ilgari futbolchi bo‘lgan. Taktik tomonlama ham yaxshi mutaxassis. Kriushenkodan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi. Men ham undan kerakli jihatlarni o‘rganishga harakat qilyapman. Bejizga Belarus terma jamoasini boshqarmagan.
- U bilan bemalol rus tilida muloqot qilasiz va bu borada muammo yo‘q. Ammo boshqalar bilan qanday gaplashasiz, ingliz tilidami?
- Ha, Kriushenko bilan biz rus tilida muloqot qilamiz. O‘yinchilar bilan esa inglizchada gaplashamiz. Bu tilni 75 foizga tushunaman. O‘tgan yili Tailandda o‘rganganman.
- Fikringizcha, Kriushenkoni o‘zbek murabbiylaridan ajralib turadigan jihatlari bormi?
- Bilasizmi, men O‘zbekistonda tug‘ilganman, shuning uchun chetdagi murabbiylarni ustun qo‘ygim kelmaydi. Hammaning ish uslubi boshqacha.
- Faoliyatingizda birga ishlagan mutaxassislar orasida kimni birinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardingiz?
- Qaysi murabbiylar bilan ishlagan bo‘lsam, barchasiga katta rahmat, hammasi o‘ziga yarasha kuchli edi. Birinchi o‘ringa Viktor Balyutovich Kumikovni qo‘yaman. Undan ko‘p narsa o‘rgandim. Taktik tomonlama va futbolchi sifatida ancha o‘sdim. Shu bois Balyutovichdan minnatdorman. Bekorga Qozog‘istonda eng yaxshi murabbiy bo‘lmadi. U erda boshqargan jamoasi bilan ham Evropa ligasida yaxshi ishtirok etgan.
- Sizda O‘zbekistonga qaytish imkoniyati bor edi. “Buxoro” va “Qizilqum” klublaridan takliflar bo‘lgandi. Biroq Indoneziyada yaxshi maosh to‘lashayotgani o‘zimizning klublar tomonidan bo‘lgan takliflarni rad etishingizga sabab bo‘ldi, shundaymi?
- Ha, menga O‘zbekistondan takliflar bo‘ldi. Xudoga shukr, oilam o‘ziga to‘q va tinch. Men esa futbol muhitida o‘ynashni yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri, pul hammaga kerak. Men esa xorijda to‘p surishga qaror qildim. Yuqorida aytganimdek, Indoneziyada har bir uchrashuvda stadion to‘ladi. O‘yindan keyin muxlislar dastxatlar va birga rasmga tushishni so‘rashadi. Aslida ham shuning uchun kelganman. Axir bu erdan har doim ham taklif bo‘lavermaydi-ku. Qachondir hamma futbolni tugatadi. Men esa bunday yoqimli onlarni futboldan keyin eslab rohatlanishni istayman. Balki kelasi yili O‘zbekistonda o‘ynarman, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha esa menda hammasi joyida va bu erda o‘ynayotganimdan xursandman.
- “Tira-Persikabo” bilan qanday vazifa uchun kurashyapsizlar va klub bilan tuzilgan shartnomangiz qachongacha amalda bo‘ladi?
- Maqsad kuchlilar orasida qolish. Hozircha vazifamiz shu. Chunki “Tira-Persikabo” 4-5 yildan beri elitida ishtirok etib kelyapti. Asta-sekinlik bilan jamoa o‘syapti va kelasi yili jiddiyroq maqsad qo‘ymoqchi. Shartnomam esa shu yilning dekabr oyida tugaydi.
- O‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoamiz uchun o‘ynaganingizni yaxshi eslaymiz. Ayting-chi, Tailand, Malayziya, Indoneziya kabi chempionatlarda to‘p surish orqali terma jamoaga chaqiruv olish mumkin deb o‘ylaysizmi?
- Ha, o‘z vaqtida terma jamoamizda ozmi-ko‘pmi o‘ynaganimga juda xursandman. Ayniqsa, Yaponiya va Eronni yutgan o‘yinlarimizni ko‘p eslab ko‘raman. Lekin siz aytgandek chempionatlarda to‘p surib ham terma jamoada o‘ynasa bo‘ladi, nega bo‘lmas ekan? Har bir futbolchining o‘ziga bog‘liq.
- Har doim asosiy maqsadimiz bo‘lgan jahon chempionatiga chiqish uchun kurashamiz-u, biroq oxirida bizga bitta gol yoki bir ochko etmay qoladi. Buni esa omad bilan bog‘lab qo‘yamiz. Aslida bizga nima etishmaydi?
- Bilasizmi, 2014 yilni eslasam, rostdan ham o‘sha yili bizdan omad yuz o‘girgan. Chunki o‘z uyimizda Qatarni yutgandik. Janubiy Koreya esa o‘z uyida yutqazgandi. O‘sha paytda koreyslar kuchli raqib edi. Balki qaerdadir hammamiz xato qilgandirmiz. 2018 yili ham shunday desak bo‘ladi. Uyda Janubiy Koreyani mag‘lub etsak mundialga chiqardik. Yana omad bizdan yuz o‘girgan. Birgina gol terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqqan bo‘lardi. O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, agar barchamiz birga bo‘lsak – haydovchidan oshpazgacha, murabbiylardan futbolchilargacha, shifokordan massajchigacha, hamma-hamma birlashsa albatta jahon chempionatiga chiqamiz. Biz bir oila bo‘lishimiz kerak. Axir barchamizning vatanimiz – O‘zbekiston! Hammamizga O‘zbekistonni 2022 yilgi mundialda ko‘rish nasib qilsin.
- 32 yoshdasiz va yana necha yil futbol o‘ynamoqchisiz? Faoliyatingizni tugatgach murabbiy bo‘lasizmi yoki...
- Men avvalo Xudodan sog‘lik so‘rayman, oilam, yurtimiz tinch bo‘lsin deyman. Nasib qilsa, yana bir necha yil o‘ynamoqchiman. Buning uchun ko‘p mehnat qilishim kerakligini yaxshi bilaman. Jarohatlardan Xudo asrasin. Hozircha xayolim faqat futbolda, murabbiylik haqida o‘ylayotganim yo‘q. Chunki hali yuqori tempda o‘ynay olaman.
- Sizni ko‘rganlar 32 da deb o‘ylashmaydi, balki yoshi kattaroq degan xayollarga borishadi. Hozirgi paytga kelib hammasini ochiq-oydin aytadigan bo‘lsak, chindan ham 1988 yilda tug‘ilganmisiz yoki yoshingiz chindan ham kattaroqmi?
- Yolg‘on gapirishdan Xudodan qo‘rqaman. To‘g‘ri, mening yoshimga ko‘plab futbolchilar ham ishonishmaydi. Balki boshqalarga kattaroq ko‘rinarman. Biroq chindan ham men 1988 yilda tug‘ilganman.
- Futboldan tashqari ham boshqa shug‘ullanadigan ishingiz ham bormi? Aytaylik, tadbirkorlik yoki biznes deganlaridek...
- Bilasizmi, agar siz futbolchi bo‘lsangiz faqat futbol haqida o‘ylashingiz kerak. Menda hech qanaqa biznes yo‘q. Balki futboldan keyin bo‘lib qolar. Lekin xayolimga boshqa ish bilan shug‘ullanish kelmagan. Futbolni yaxshi ko‘raman va maydonda jonimni berib o‘ynayman.
- Faoliyatingiz davomida siz uchun uchta unutilmas o‘yinni aytib bera olasizmi?
- Terma jamoamiz safida Eron va Yaponiyaga qarshi o‘yinlarni ayta olaman. Shuningdek, “Nasaf” bilan OFK Kubogida Suriyada “Al Jayish”ga qarshi o‘ynaganmiz, u paytda Viktor Kumikov bosh murabbiy edi. O‘shanda ikkita o‘yinchi kam bo‘lib o‘ynagandik. Uchrashuv esa 1:1 hisobida yakunlangandi. Bahs oxirlarida gol urgandim va biz keyingi bosqichga chiqqandik.
- Artyom aslida yoshlik chog‘ingizda sizning imkoniyatingiz ancha yuqori baholangandi. To‘g‘ri, faoliyatingiz yomon kechmadi, terma jamoada va Osiyoda bo‘lsa ham legioner sifatida to‘p surdingiz. Ammo siz bundan ham ko‘prog‘iga loyiq edingiz va ko‘pchilik Evropada to‘p surishingizni kutgandi. Oldingizga Evropada o‘ynashni maqsad qilib qo‘ymaganmidingiz?
- Meni bir paytlar “Rubin”ga taklif qilishgandi. O‘yinimni Toshkentda ko‘rishgan ekan. O‘shanda menga Bahrom Davlatov aytgandi. Bahrom Bayjanovichga ham katta rahmat. Shu kishining mehnatlarini ham alohida aytgan bo‘lardim. Niyatim Rossiyada o‘ynash edi. Lekin inson doim peshonasiga yozganini ko‘radi. Shunisiga ham doim Xudoga shukr qilaman. O‘zbekistonda non topib, inson sifatida tanildim.
- Nima uchun “Rubin”ga bormagansiz?
- Bu voqea 2005 yili bo‘lgandi va men u paytda “Mash’al” jamoasida edim. Toshkentda o‘rinbosarlar bilan asosiy jamoa o‘rtasida nazorat o‘yini bo‘lgandi. O‘shanda “Rubin”dan selektsionerlar kelishgandi.
- Odatda ko‘pchilik futbolchilarning o‘yindan oldin bajaradigan biror-bir odatlari bo‘ladi. Sizda-chi?
- Menda hech qanday odat ishlari yo‘q va bunday qilmayman ham. Faqat Xudodan so‘rayman.
- Shartnomangiz tugagandan keyin nima qilmoqchisiz?
- Chempionatimiz 1 oktyabrdan yana davom ettiriladi. Avvalo o‘yinlarni jarohatlarsiz o‘tkazib olmoqchiman. Agar yangi shartnoma taklif qilishsa va kelishib olsak qolaveraman.
Fikrlar