
"Rubin" Qurbon Berdievni iste’foga chiqardi. U Shomurodovning jamoasiga kelishi kutilmoqda
Qozonning "Rubin" klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Qurbon Berdievni iste’foga chiqardi. Bu haqda "BIZNES Online" xabar bermoqda.
Turkmanistonlik mutaxassisning o‘z lavozimidan bo‘shatilishiga jamoaning yakunlangan mavsumda qayd etgan qoniqarsiz natijalari sabab sifatida keltirilgan. Eslatib o‘tish lozimki, “Rubin” o‘tgan mavsum Rossiya premer-ligasida 11-o‘rinni egalladi.
Ma’lumot uchun, Berdiev “Rubin”ni 2001-2013 yillarda ham boshqargan. U 2017 yilda yana jamoaga qaytgan edi. Qozonliklar uning boshqaruvida jami 478ta o‘yin o‘tkazishgan va shulardan 208tasida g‘alaba qozonishgan, 140tasida durang qayd etishgan va 130tasida mag‘lub bo‘lishgan.
Ma’lumotlarga qaraganda Qurbon Berdiev yana “Rostov”ga qaytishi mumkin. U ushbu jamoada 2013-2017 yillarda ishlagan.
Fikrlar