
Ro‘ziqul Berdiev "Metallurg"ning xorijlik murabbiyi haqida: Hech qanday uslub ko‘rmadim
Superliganing 2-turidan o‘rin olgan "Nasaf" va "Metallurg" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlandi. Bahsdan keyingi matbuot anjumanida "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.
– "Metallurg" jamoasi ko‘proq himoyalanishini bilardik. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, raqib asosan qarshi hujum va standartlarga tayanib o‘ynadi. Oxirgi vaziyatda e’tiborni yo‘qotdik.
O‘yinga keladigan bo‘lsak, birinchi bo‘limga nisbatan ikkinchi taymni yaxshiroq boshladik. Yaqqol vaziyatlar yaratdik, faqat bittasini golga aylantira oldik. Umumiy qilib aytganda raqibdan yaxshi o‘ynadik. To‘g‘ri, natija biz va muxlislar kutganidek bo‘lmadi. Ammo shogirdlarimga hech qanday e’tiroz yo‘q,
– "Metallurg"ni xorijlik mutaxassis boshqarmoqda. Uning o‘yin uslubini qanday baholaysiz?
– Hech qanday uslubni ko‘rmadim, faqat himoyalandi. Uzun paslar bilan qarshi hujumda o‘ynashga harakat qildi. O‘tgan bahsda ham xuddi shunday harakat qilgandi. Bu futbol. Uning yoqtirgan uslubi shu bo‘lsa kerak. Qolaversa, futbolchilarning maydonda ko‘p yotib olishlari muxlislarga yoqmadi. Ularning tanlagan taktikasi qo‘l keldi.
Fikrlar