
Roy Jons Iqboljon Xoldorovga: “Agar Amerikaga borsang, mening oldimga kel”
7-11 may kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha “Gubernator kubogi” musobaqasi ko‘pchilik boks ishqibozlarining nigohida bo‘ldi. Boisi unda terma jaoamizning bir qator iste’dodli vakillari ham ishtirok etishganida. Turnir davomida musobaqaga mezbonlik qilgan arenaga yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab turish uchun har kuni yuzlab hamyurtlarimiz kelishdi. Bokschilarimiz ham shunga munosib tarzda o‘zlarining ishtiroki bilan barchani xushnud etdilar.
Musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati final bellashuvlariga taniqli bokschi amerikalik Roy Jonsning tashrif buyurganida bo‘ldi. Faxriy bokschi taqdirlash marosimida -69 kg vazn toifasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga medalm taqqanidan xabaringiz bor. Bu vazn toifasida terma jamoamiz vakili Iqboljon Xoldorov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Xoldorov Roy Jonsning ashaddiy muxlisi. Uning janglarida amerikalik boks yulduzining harakatlarini ko‘p ko‘ramiz. O‘z kumiridan medal qabul qilib olish va musobaqa taassurotlari haqida Iqboljon bilan uyushtirilgan intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz.
– Bu musobaqa sizga nimasi bilan ahamiyatli edi?
– Men uchun turnir katta ahamiyat kasb etardi. O‘tgan yili ham qatnashib, bronza medalini qo‘lga kiritgan edim. Bu yil shuni oltinga aylantirish asosiy maqsadim bo‘ldi. Qolaversa, musobaqaning statusi ko‘plab xalqaro turnirlardan baland turar edi.
– Musobaqani Osiyo chempionatida qatnashishga almasharmidingiz?
– To‘g‘risini aytsam, almashmas edim. Fikrimcha, turnir Osiyo chempionatidan ancha kuchli bo‘ldi. Negaki unga Osiyo mamlakatlaridan tashqari Evropa va Amerika qit’asidan ham nomdor bokschilar keldi.
– Bilamizki, siz Roy Jonsning muxlisisiz. Uning janglari nimasi bilan yoqardi?
– To‘g‘ri, Roy Jonsning muxlisiman. Uning jangini ko‘rgan odam boks bo‘lyapti ekan, deb shunchaki beparvo o‘tib keta olmaydi. Chunki u jang qilishdan tashqari chiroyli harakatlari bilan kechani shouga ham aylantirib yuborar edi. Yoshligimda uning janglarini telefonimda to‘plab, takror va takror ko‘raverar edim. Alloh shunaqangi kunga etkazdiki, u bilan yuzma-yuz ko‘rishdim va eng quvonarlisi, jangim yoqqanini uning og‘zidan eshittim.
– Kumiringiz sizning jangingizni kuzatsa, taqdirlasa qanday bo‘lar ekan?
– O‘zimning yaxshi ko‘rgan bokschim jangimni kuzatib, taqdirlash marosimida menga medal taqqani chiqdi. Buni endi sportchi bo‘lib yurgan inson yaxshi his qiladi. Uni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Tasavvur qiling, sizni kumiringiz taqdirlayapti axir. Misol uchun, Ronaldu ham qachondir kimgadir havas qilib futbolga kirib kelgan, yoshligida esdalikka rasmga tushgan. Yillar o‘tib, ularga bilan birga futbol o‘ynadi. Ko‘zim oldida men havas qilgan bokschining menga oltin medal taqishi bu men uchun katta baxt.
– Taqdirlash marosimini to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib bordik. Jons medal taqqanidan keyin orangizda qandaydir suhbat bo‘ldi. Sir bo‘lmasa, nima haqida gaplashdinglar?
– Roy Jons menga medal taqayotgan payt, avval, tabrikladi-da: “Agar Amerikaga borsang, mening oldimga kel”, – degandek gap aytdi. Undan keyin murabbiyim bilan bo‘lgan qisqa suhbatda ham: “Shogirdingning jangi menga judayam yoqdi. Agar xohlasa, Amerikaga mening oldimga kelsin”, – degan ekan.
Fikrlar