Rossiya klubi futbolchimizning shartnomasini bekor qildi
Rossiyada o‘zini ko‘rsata olgan futbolchilarimizdan biri Vadim Afonin qisqa tanaffusdan so‘ng, o‘zi uzoq yillar to‘p surgan qadrdon chempionatiga qaytish imkoniga ega bo‘lgandi.
Ayni paytda yana bir tajribali legionerimiz Vitaliy Denisov sardorlik qilayotgan “Tom” klubi yaqindagina Afonin bilan shaxsiy shartnoma imzolagandi. Biroq, kuni kecha bu kelishuv barbod bo‘ldi. Buni “Tom” bosh direktori Tatyana Smirnova ham tasdiqladi.

Milliy futbol ligasidagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Tom” tarkibini kuchaytirish maqsadida tayanch zonada ishonchli o‘ynay oladigan tajribali Vadim Afoninni mavsumning qolgan qismida o‘ynash uchun taklif qilgandi. Garchi Rossiyada transfer mavsumi yopilgan bo‘lsa-da, “Tom” 25 martgacha erkin agent bo‘lgan o‘yinchini musobaqa qaydnomasiga kiritishi mumkin edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Vadim Afonin bilan kelishuvni imzolagan “Tom” rahbariyati futbolchimizni 4 mart kuni bosh murabbiy Aleksandr Kerjakov ixtiyoriga etib kelishini tayinlagan. Shartnomada ham xuddi shu shart alohida belgilab qo‘yilgan. Buni 33 yoshli yarim himoyachi Rossiya ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ham tasdiqlagan. Tomskliklar uni qo‘shimcha ro‘yxat bilan qaydnomadan o‘tkazishni rejalashtirgan edi.
Vadim Afoninning Rossiya chempionatiga yo‘l olishiga oilaviy vaziyat to‘sqinlik qildi. Ma’lumotlarga qaraganda, u rafiqasi bilan ajrashmoqda va shu jarayon tufayli O‘zbekistondan chiqib keta olmagan. O‘z vaqtida “Tomsk” klubi qarorgohi etib borolmagan futbolchimizning shartnomasi avtomatik tarzda bekor qilindi.
1987 yilda Toshkentda tug‘ilgan Vadim Afonin faoliyatining asosiy qismini Rossiyada o‘tkazgan. Toshkentning “Traktor” jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan futbolchi professional faoliyatini 2005 yilda boshlagan. U ushbu jamoada 25 ta o‘yin o‘tkazganidan keyin, 2006 yilda Rossiyaga yo‘l olib, “Rubin” tarkibiga qo‘shilgan. 2006-2008 yillarda qozonliklarning asosiy jamoasiga kirolmagan yosh o‘yinchi keyinchalik “Sho‘rtan”da uch mavsum to‘p surdi. G‘uzorliklar safida jami 69 ta o‘yinda to‘rtta gol ham urdi.
Orada, ya’ni, 2010 yilda “Rubin”ga qaytib bordi va oltita uchrashuvda raqib darvozasini bir marta ishg‘ol qilgan bo‘lsa-da, uni Qozonda olib qolishmadi.
2012 yilgacha “Sho‘rtan” sharafini himoya qilgan Afonin kuchga to‘lib, yana Rossiyaga qaytdi. 2013 yildan boshlab, olti yil davomida “Salyut”, “Anji” va “Orenburg” safida to‘p tepdi. Ayniqsa, “Orenburg”dagi faoliyati ancha muvaffaqiyatli chiqdi. Afonin bu jamoada jami 130 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 12 ta gol urgan.
"Orenburg" Milliy futbol ligasida g‘olib chiqqan 2015/2016 yilgi mavsumda o‘zbekistonlik futbolchi ushbu liganing eng yaxshi yarim himoyachisi, deb e’tirof etilgan edi.

Vadim Afonin Rossiyadan qaytib kelgach, 2020 yilda Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi uchun 15 ta o‘yin o‘tkazdi.
Shu tariqa, tajribali yarim himoyachining yana legionerga aylanish borasidagi harakatlari besamar ketdi. Katta ehtimol bilan futbolchi yangi mavsumni milliy chempionatimizda o‘tkazadi.



Fikrlar