
Rossiya futbolida mojaro. Jaloliddinov jamoadoshlari O‘runov jamoasiga qarshi o‘ynashdan bosh tortmoqda!
Rossiya premer-ligasida ishtirok etayotgan "Tambov" klubi "Lokomotiv"dan o‘zbekistonlik legioner Jasur Jaloliddinovni ijaraga olganidan beri o‘zbek futboli ishqibozlari tambovliklarga ham muxlislik qilmoqda. Garji hali hamyurtimiz premer-ligada debyutini nishonlamagan bo‘lsa-da, har holda har turda uning maydonga tushishini kutayotganimiz bor gap.
Mana endi "Tambov" klubi mojaro markazida qoldi. Bu klub moliyaviy inqirozga yuz tutgan va o‘z futbolchilariga maosh bera olmayapti. Bunga asosiy sabab, Tambov viloyati rahbariyati bir necha oy oldin klubni moliyalashtirishni to‘xtatganida.
Futbolchilar agar dekabr oyigacha maosh berilmasa, chempionatning 17-turidan o‘rin olgan “Spartak”ga qarshi safar o‘yinida maydonga tushmasligini e’lon qildi. Bu uchrashuv 5 dekabr kuni Moskvadagi “Otkritie Arena”da o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Tambov” klubi sport direktori Pavel Xudyakov ham futbolchilar chempionat o‘yinini boykot qilishini tasdiqladi.
- Ha, bu rost. Men kuni kecha futbolchilar bilan uchrashdim. Ularning qarori qat’iy va jiddiy. Ular hatto shanba kuni bo‘ladigan “Krasnodar”ga qarshi o‘yinga chiqishdan ham bosh tortayotgan edi. Biz ularni noyabrdagi bellashuvlarda maydonga tushishga ko‘ndirdik va “Ufa”ga qarshi o‘yinga ham boramiz.
Men futbolchilarni juda yaxshi tushunib turibman, oilasi, farzandlari bor va ularning oldidagi burchlarini bajarishlari shart.
Biz viloyat rahbariyatidan iyun oyidan beri mablag‘ olmadik. Yozda klub futbolchilar oldidagi qarzlarini o‘z kuchi va imkoniyatidan kelib chiqib yopdi. Hozir sentyabr va oktyabrga maosh berishimiz kerak. Klubning boshqa xodimlari undan ham uzoq muddat pul ko‘rgani yo‘q. Vaziyat juda og‘ir. Biz viloyat rahbariyati 2020-2021 yilgi mavsumda ishtirok etish uchun ajratilgan mablag‘ni berishiga umid qilib turibmiz, - dedi Pavel Xudyakov.
Bundan avvalroq, Rossiya futbol ittifoqi ham “Tambov” klubining o‘yinchilardan qarzdorligi uchun yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni ta’qiqlab qo‘ygandi.
“Tambov” sport direktori Pavel Xudyakov bir hafta muqaddam klubda vaziyat og‘irligi, viloyat byudjetidan pul ajratilmayotgani, ayrim xarajatlar Eldor Shomurodovning o‘rniga “Rostov”ga o‘tgan Vladimir Obuxovning transfer pullari evaziga yopilgani, agar o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, klub boshqa shaharga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishini ma’lum qilgan edi.
To‘g‘risini aytsam, bu mavzuni muhokama qilish yoqmaydi. Klubda amalga oshirilgan ishlar keyinchalik boshqa shaharga ko‘chib ketish uchun qilinmagan. Bu loyihalarning barchasi tambovlik futbol muxlislari premer-liga o‘yinlaridan bahramand bo‘lishi uchun hayotga tatbiq etilgan edi. Hozir barcha o‘y-xayollarimiz jamoani Tambov shahrida olib qolishga qaratilgan.
Agar 2021 yilning yanvar-fevral oylarida stadion qurilishi va moliyaviy vaziyatni o‘nglash bo‘yicha hech qanday o‘zgarishlar yuz bermasa, jamoani saqlab qolish uchun ko‘chib ketishimiz dolzarb mavzuga aylanadi. Moliyaviy muammolarimiz yig‘ilib qolgan. Lekin biz oldimizdagi beshta turda maksimal darajada ochko olishimiz kerak, - degan edi Pavel Xudyakov.
Biroq uning bu murojaati hech qanday naf bermadi.
“Spartak” va “Tambov” o‘rtasidagi o‘zbekistonlik futbol muxlislarining ham e’tiborida turgani hech kimga sir emas.
Chunki tambovliklar safida Jasur Jaloliddinov bor. Moskvaliklar jamoasida Oston O‘runov to‘p tepmoqda. Biz esa premer-liga bahsida o‘zbek derbisini ko‘rish ishtiyoqidamiz.
Fikrlar