
Ronaldu maoshining kattaligi borasida Messini quvib o‘tdi! Avvallari bu yigitlar qancha maosh olar edi?
Yozda Leo va Krishtianu transfer oynasini "yondirgani"ni ko‘rdik. Futbol olami anchadan beri bunday katta masshtabdagi ko‘chib o‘tishlarga guvoh bo‘lmagan edi. So‘nggi 15 yilning eng zo‘r futbolchilari bir vaqtda jamoasini o‘zgartirdi. Endi qarama-qarshilikda yangi "nyuans" paydo bo‘ldi. "Forbes" nashri bergan ma’lumotlarga qaraganda, "Yuventus"dan "Manchester Yunayted"ga ko‘chib o‘tgan Krish dunyoning eng yuqori maosh oladigan futbolchilari ro‘yxatida birinchi pog‘onaga chiqib oldi. Uning joriy mavsum yakunidagi umumiy daromadi 106,6 mln evroni tashkil etishi kutilmoqda. PSJ bilan shartnoma imzolagan Leo Messi esa, yil yakunida 93,8 millionga ega chiqadi. Bu raqamlar bonus, homiylar va boshqa mayda daromadlarni qo‘shib hisoblaganda kelib chiqdi.
Keling, endi e’tiborni bu yigitlarning avvalgi shartnomalariga qaratamiz. O‘tmishda qay biri yaxshiroq daromad olgan?
"Sporting"da "javlon urib" yurgan Ronalduni ko‘pchilik yaxshi eslay olmaydi. O‘sha paytlarda uning klubdan bir yilda oladigan maoshi umumiy hisobda 350 ming evrodan oshmagan. "Manchester Yunayted"ga ko‘chib o‘tgach, ishlari yurishib ketdi. Maoshi - 2,09 million evro!
2007 yilga kelib, u nafaqat APL, balki butun dunyoning eng iqtidorli futbolchisi ekanligini barchaga isbotladi. Bu paytda MYu o‘z marvaridini jamoada ushlab qolish maqsadida u bilan 5 yillik yangi bitim imzoladi. Yangi shartlarga ko‘ra, portugaliyalik 12 oyda 7,2 million evro ishlab topadigan bo‘ldi.
2008 yilda u "Oltin butsa"ni qo‘lga kiritibgina qolmay, "Real" Madrid bilan shartnoma imzoladi va bolalikdagi orzusini amalga oshirdi. Uning "Qirollik klubi" bilan kelishuvida maoshi borasida qiziq holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. U ilk mavsumda 11 million evro daromad olishi, keyingi mavsumlarda bu raqamlar 25 foizga o‘sib borishi ko‘zda tutilgan. Shunday qilib, 2010/11 yilda 13,75 mln, 2011/12 yilda 17 mln, 2012/13 yilda 21,5 mln evro. Shu joyda "Real" richagni tortishga qaror qildi. 2013 yilda klub Krish bilan yangi 5 yillik kelishuvga rozi bo‘ldi. Unga ko‘ra, portugaliyalikka klub 17,5 million barqaror yillik maosh taqdim etdi. To‘g‘ri, bonuslar borasida "qaymoqranglilar" ziqnalik qilgani yo‘q, ammo tarix 17,5 millionni yodida saqlab qolgan.
Oradan 3 yil o‘tib, tomonlar hamkorlikni yana 3 yilga uzaytirishdi. Bu safar Ronaldu 22 milliondan kamiga rozi bo‘lmadi. Qahramonimiz shartnomasidagi barcha belgilangan pullarni qo‘lga kirita olmadi. U 2018 yilning yozida "Yuventus"ga o‘tib ketdi. Turinda uning ishlari yanada yurishib ketdi. 32,5 million 5 ta "Oltin to‘p"ni olgan futbolchi uchun ham chakana raqam emas! Avvalgilaridan farqli ravishda, Krish Turinda birgina shartnoma bilan kifoyalandi. Uning yakunlanishiga bir yil qolganida, ortga - Manchesterga qaytdi.
36 yosh bo‘lishiga qaramay, "qizil iblislar" uni APLdagi eng ulkan maosh egasiga aylantirdi. To‘g‘ri, bu "Yuve"dagi summadan kichik, biroq gap 29 million haqida bormoqda! Uning yangi jamoadoshlari Pol Pogba, David De Xea bu summadan ancha kamroq ishlab topadi.
Endi Leo Messi haqida! U bilan bog‘liq masalalar anchayin chigal. Argentinalikni Kataloniyadagi ilk ishlab topgan pullari haqida aniq ma’lumot hech qaerda yo‘q. Shunga qaramay, kartinani to‘liq tiklashga harakat qilib ko‘ramiz.
Messi o‘zining ilk professional shartnomasini 2004 yilning fevral oyida qo‘liga olgan. 2005 yilning yozida "Barselona" qo‘lidagi olmos ekanligini anglagach, uni 2010 yilga qadar jamoa tasarrufida saqlab qolish uchun kerakli ishni amalga oshiradi. Tavon puli sifatida 150 million evro belgilangan. Uyog‘iga voqealar rivoji o‘zgacha tus oldi. Oradan uch oy o‘tgach, 2005 yilning sentyabr oyida "Barselona" yangi bitim tuzilganini va u 2014(!) yilga qadar amal qilishini rasman e’lon qildi. O‘sha paytda ispan nashrlari vunderkindning maoshi ikki barobar oshirilgani haqidagi ma’lumotlarni tarqatgani rost.
Keyingi kelishuv 2007 yilga to‘g‘ri keladi. Unga ko‘ra, bo‘lajak yulduzga klub har yili 5,2 million to‘lab beradigan bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, shartnomani uzaytirish haqida gap-so‘z bo‘lmagan. Shunchaki, qahramonimizning maoshi oshirilgan.
2008 yilning iyulida u bilan shartnomaning bandlariga o‘zgarish kiritilgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, Messi "Barselona"ning eng katta maosh oluvchi futbolchisi maqomini qo‘lga kiritadi. Bir yil o‘tib, yana o‘sha holat takrorlandi. Yangi bitim, yana raqamlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Klub uni 2016 yilga qadar jamoaga "bog‘lab oldi", tovon puli 250 million evro!
2013 yilga kelib, shartnoma besh yilga uzaytirildi. 12 oydan so‘ng, u jamoadagi vaziyatdan (bir mavsum birorta sovrinsiz) norozi ekanligini oshkor qildi. Aloqalarni yaxshilash maqsadida uning maoshi ko‘tarildi! Muddat o‘zgargani yo‘q (2018 yilgacha).
2015 yildan boshlab, Messining klubdagi mavqei keskin oshib ketdi. U Luis Enrike bilan janjallashib qoladi. Konflikt darrov hal etildi, jamoa trebl qayd etdi. Sukunat bir yildan so‘ng yana buzildi. Argentinalik soliqlar bilan muammoga duch keldi. Uni klub olib qolish maqsadida qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirdi.
Leo "Barselona" bilan so‘nggi bor 2017 yilda shartnomaga imzo chekdi. 4 yilga mo‘ljallangan kelishuv klubni "cho‘kib" ketishiga turtki bo‘ldi. Ispan nashrlari bergan xabarlarga ko‘ra, unga kataloniyaliklar yiliga 138 million evro to‘lab berishi ko‘zda tutilgan. Shartnomaning umumiy qiymati 555 million(!) ekanligini inobatga olsak, "ko‘k-anorranglilar" uni saqlab qolish uchun kredit olishga majbur bo‘lganini darrov tushunish mumkin. Bu hali hammasi emas. 2017 yilda klub Leoning hisob raqamiga shartnoma imzolagani uchungina 115 million o‘tkazib bergan. O‘zini yaxshi tutgani uchun bonus tariqasida yana 77 million! Aynan shu vaj sababli, Messi 4 yil davomida dunyoning eng katta maosh oluvchi futbolchilari ro‘yxatini boshqarib kelgan.
"L'Équipe" bergan ma’lumotlarga ko‘ra, PSJdan futbolchi yiliga 30+15 million maosh oladi. Parij klubi sport direktori Leonardo bu ma’lumotni rad etdi. Aytishicha, bu raqamlar haqiqatdan yiroq emish?! To‘g‘risi, uning so‘zlaridan ko‘ra, OAV bergan ma’lumotlar haqiqatga yaqinroqdek tuyulmoqda. Sizning fikringiz qanday? Izohlarda yozib qoldiring!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar