
Ronaldu — "Janob chempionlar ligasi!"
SPORTS.uz Evropa Chempionlar ligasida rekord o‘rnatish borasida o‘zi bilan kurash olib borayotgan Krishtianu Ronaldu borasida fikr yuritadi.
Ronaldu "Manchester Yunayted"ga qaytgach, butun dunyo e’tiborini yana o‘ziga qaratishni uddalay oldi. Portugaliyalik hujumchi EChL bahslarida har doimgidek fantastik futbol namoyish etishda davom etmoqda. Xo‘sh, ayni damda uning bu turnirda o‘rnatgan rekordlari haqida nimalarni bilamiz? Keling, Ronaldu o‘rnatgan eng muhim 7 rekordni yodga olamiz!
1. "Atalanta" — ular qatorida!
Aslida, Krish har bir o‘yinida rekord o‘rnatishni uddalayapti. "Atlanta" bilan bahs ham bundan mustasno bo‘lgani yo‘q. Hujumchi hal qiluvchi golni kiritib, jamoasiga 3 ochko ishlab berdi. Bergamoliklar esa, EChL doirasidagi uchrashuvlarda Ronaldudan ozor chekkan 38-jamoaga aylandi. Hozircha, bu ko‘rsatkich mutlaq rekord sanaladi! KriRo o‘zining ilk golini 2007 yilda "Roma"ga urgan edi.
2. Tug‘ma to‘purar!
Qahramonimiz EChL tarixida eng ko‘p gol kiritgan futbolchilar ro‘yxatini boshqarib kelmoqda. Bergamoliklar posbonini xafa qilganidan so‘ng, uning hisobidagi gollar soni 137 taga etdi! Ronaldudan keyingi o‘rinni PSJ a’zosi - Lionel Messi egallagan. O‘rtadagi farq 14 tani tashkil etadi. Ro‘yxatdagi boshqa futbolchilar bilan o‘rtadagi tafovut tobora kattalashib bormoqda.
3. Turnir "otaxon"i!
Joriy yilning kuzida Ronaldu Iker Kasilyas tomonidan o‘rnatilgan rekordni ham o‘ziniki qilib oldi. U EChL o‘yinlarida ishtirok etish soni borasida sobiq jamoadoshidan o‘zib ketdi. Ayni damda, uning hisobida 179 o‘yin mavjud. Qizig‘i shundaki, bu rekord mavsum so‘ngiga qadar yanada yaxshilanishi aniq. Agar "Manchester Yunayted" pley-offga yo‘l olsa, hatto Leo Messi ham azaliy raqibidan bu rekordni tortib olishi mushkul bo‘lib qoladi.
4. Bu ishni hech kim uddalay olmagan!
2013/14 yilgi mavsumda Krishtianu turnir davomida 17 gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga qadar va bundan keyin hech kim bu rekordga yaqinlasha olmadi. O‘sha yili Karlo Anchelotti boshchiligida Ronaldu "shalpangquloq"ni boshi uzra ko‘taribgina qolmay, "Oltin to‘p"ga ham loyiq ko‘rilgan edi. Keyin, uning faoliyatidagi sovrinli mavsumlar boshlanib ketdi.
5. Finallar qiroli
Krishtianu Ronaldu Evropa Chempionlar ligasi finallarida eng ko‘p gol kiritgan futbolchi sanaladi. Bunga qadar futbol olamida hech bir futbolchi EChLning 3 ta finalida raqib darvozasini ishg‘ol etishni uddalay olmagan. E’tiborlisi shundaki, qahramonimiz o‘z faoliyatidagi ilk finaldayoq (Moskvada bo‘lib o‘tgan o‘yinda) "Chelsi" darvozasini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘lgan. Qolgan ikkita gol "Real" Madrid sharafini himoya qilayotgan davriga to‘g‘ri keladi.
6. Bir jamoaga 10 gol?!
Ronalduning "Yuventus" bilan o‘z hisob-kitobi bor, desak, adashmagan bo‘lamiz. Portugaliyalik EChL doirasida Turin superklubi darvozasini naqd 10 bor aniq nishonga olgan. Shu kunga qadar hech bir futbolchi musobaqa davomida bir klub posbonlarini 10 marta xafa qilishni uddalay olmagan. Krish "zebralar" sharafini himoya qilgan bo‘lsa-da, bu unga rekord o‘rnatish uchun muammo tug‘dirgani yo‘q.
7. Guruh bosqichida ham u tengsiz!
2017-2018 yilgi mavsumda Krishtianu EChL guruh bosqichida ham o‘ziga xos rekord qayd etdi. Gap shundaki, hujumchi guruh o‘yinlarining oltitasida ham gol kiritgan. Undan "Borussiya" Dortmund, APOEL va "Tottenxem" jamoalari ikkitadan gol qabul qilib olishga majbur bo‘lgan. 6 uchrashuv va 6 gol! Shunchaki, fantastik sermahsullik!
Fikrlar