
Ravshan Haydarov: "Yigitlarga jahon chempionati qanday musobaqa ekanini tushuntirib bormoqdamiz"
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi guruh bosqich o‘yinlari yakuniga etdi. Ertaga chorak final bahslariga start beriladi. Bellashuvlar oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Hammaga xayrli kun! Bu bosqichga etib kelgan barcha jamoalarni tabriklayman! Bo‘lajak o‘yinlar hammamiz uchun muhim. Bu yoshdagi yigitlar uchun jahon chempionatiga chiqish alohida ahamiyat kasb etadi. Ertangi bo‘ladigan o‘yinda muxlislarimiz va futbolchilarimiz orzusini amalga oshirishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Hujumchilar doim termamiz safida muammo bo‘lib kelgan. Po‘latxo‘janing hozirgi holati, uning tajribasi va shu kabi boshqa omillarni hisobga olgan holda uni asosiy tarkibda maydonga tushiryapmiz.
Albatta, murabbiylar shtabimiz bunday turnirlarda ko‘p bora ishtirok etgan. Tajribamizdan kelib chiqib, futbolchilarga qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz. Yigitlarga jahon chempionati qanday musobaqa ekanini tushuntirib bormoqdamiz. O‘ylaymanki, ular hayotidagi eng muhim pallalarni boshdan kechirish uchun ishlashda davom etishmoqda.
Avstraliya jamoasini ko‘rib, tahlil qilib bormoqdamiz. Ular har qanday jamoa uchun qiyin raqib sanaladi", - dedi mutaxassis.
Fikrlar