
Rasman! O‘zbekistonlik mashhur futbolchi Rossiya klubi bilan shartnoma imzoladi
O‘zbekiston milliy terma jamoasida 72 ta uchrashuvda maydonga tushgan Vitaliy Denisov faoliyatini Rossiya Milliy futbol ligasida ishtirok etayotgan “Tom” klubida davom ettiradigan bo‘ldi.
Joriy mavsumda musobaqaning quyi qismiga tushib qolgan “Tom” klubi rahbariyati vaziyatni o‘nglash maqsadida jamoa tarkibini yangilay boshladi. Birinchi bo‘lib tomskliklar “Spartak” tarbiyalanuvchisi Denis Davidov va o‘zbekistonlik Vitaliy Denisovni taklif qildi. Shuningdek, bosh murabbiy Vasiliy Baskakovga ham chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Endi Rossiya futbolida o‘z o‘rniga ega ushbu jamoani yaqin o‘tmishning mashhur futbolchisi Aleksandr Kerjakov boshqaradigan bo‘ldi.
Vitaliy Denisov o‘tkazilgan muzokaralarda “Tom” rahbariyati bilan kelishuvga erishgan va ushbu jamoa uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgan edi. Nihoyat, hamyurtimiz Tomsk shahriga etib bordi va yangi klubi bilan shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, mohir himoyachi joriy mavsum yakunigacha "Tom" tarkibida to‘p suradi. Denisov yangi jamoasida 29-raqamda o‘ynaydi.
Ta’kidlash joizki, Vitaliy Denisov yangi jamoa safiga erkin agent sifatida qo‘shildi. Tajribali futbolchimiz o‘tgan mavsumni premer-liga vakili “Rubin”da boshlab, chempionatni Milliy futbol ligasi etakchisi “Rotor” safida yakunlagan edi. Biroq, o‘zbekistonlik himoyachi premer-ligaga chiqqan “Rotor” rahbariyati bilan maosh masalasida kelisha olmaganidan keyin klubni tark etgandi.
33 yoshli himoyachi “Rubin” va “Rotor”dan tashqari Rossiya chempionatida TsSKA, “Lokomotiv”, “Spartak” (Nijegorod) va “Krilya Sovetov” kabi jamoalar sharafini ham himoya qilgan. O‘z vaqtida Rossiya chempionatida g‘olib va sovrindor, mamlakat kubogi va Superkubogi sohibi bo‘lgan. UEFA kubogi musobaqasida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Ukraina chempionatida “Dnepr” jamoasi sharafini ham bir necha yil davomida munosib himoya qilgan.
2006-2018 yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 72 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini bir marotaba ishg‘ol qilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunga kelib Rossiya chempionatining premer-ligasida uch nafar futbolchimiz – Eldor Shomurodov “Rostov”, Oston O‘runov “Spartak” va Jasur Jaloliddinov “Lokomotiv” a’zosi hisoblanadi.
Yana bir legionerimiz Vagiz Galiulin Rossiya milliy futbol ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Nefteximik”ning asosiy o‘yinchilaridan biri sifatida to‘p surmoqda.
Endi Vitaliy Denisov ham Rossiyadagi legionerlarimiz safiga qaytdi.
Fikrlar