Rasman: Murodjon Ahmadalievning jahon chempionlik kamarlari uchun jangi muddati tasdiqlandi

  • 12 dekabr, 2019, 12:37
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Professional boksning ikkinchi yarim engil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliev (7-0, 6 KO) kelgusi yil boshida jahon chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishi haqida xabar bergandik.

Tecno

GoSport.uz internet-nashri manbalari bergan xabarga ko‘ra, Ahmadaliev mazkur vaznning WBA va IBF yo‘nalishlari chempioni Daniel Romanga (27-2-1, 10 KO) qarshi jangi 2020 yilning 30 yanvar kuni AQShning Mayami shahrida bo‘lib o‘tishi rasman tasdiqlangan. Oldinroq bu boks oqshomi 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi mumkinligi ham aytilgandi.

Jang Matchroom Boxing va uning rahbari Eddi Hirn tomonidan tashkil etilishi aytilmoqda. Mazkur boks oqshomida yana uchta jahon chempionlik kamari uchun janglar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ular ham rasman tasdiqlansa, Matchroom Boxing AQSh vaqti bilan payshanba kuni ilk marta bunday katta boks oqshomini tashkil qilayotgan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Ahmadaliev va Roman o‘rtasidagi chempionlik jangi aslida joriy yilning 13 sentyabr kuni o‘tkazilishi lozim edi. Ammo Roman elkasidan jarohat olgani bahonasi bilan jangda ishtirok eta olmasligini bildirgan va majburiy kamar himoyasi uchun jang muddati shu tariqa ortga surilgandi. Ahmadaliev esa boshqa raqibga qarshi reyting jangida ishtirok etgandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!