
Rasman! "El-klasiko"ni boshqaradigan hakam o‘zgardi. U Ispaniya Superkubogida Messiga qizil ko‘rsatgan
Ertaga Ispaniya La Ligasining 30-turidan o‘rin olgan "Real" hamda "Barselona" jamoalari uchrashuvini boshqaradigan hakam o‘zgardi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
Dastlab, o‘yin uchun tayinlangan Mateu Laos kutilmaganda mushaklaridan jarohat olgan. Uning qachon sog‘ayishi ma’lum qilinmayapti.
Endi Laosning o‘rniga "el-klasiko"ni ispaniyalik boshqa bir mashhur hakam - Xesus Xil Mansano boshqarib boradi. Aytish lozimki, 37 yoshli referi joriy yilning yanvar oyida Ispaniya Superkubogi bahsida "Barselona" hujumchisi Lionel Messiga qizil kartochka ko‘rsatgan edi.
E’tiborlisi, bu argentinalik futbolchi uchun kataloniyaliklar safidagi ilk qizil kartochka bo‘ldi.
“Real” – “Barselona” o‘yini 10 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.
Fikrlar