Kabo-Verde qay tarzda Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi?
2026 yil AQSh, Kanada va Meksika davlatlari mezbonlik qiladigan Jahon chempionati syurprizlarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Chunki bu safar tarixida hech qachon mundialda qatnashmagan O‘zbekiston, Iordaniya va Afrikaning Kabo-Verde terma jamoalari musobaqa ishtirokchisiga aylandi. Shu jamoalardan eng so‘nggisi — Kabo-Verde qanday qilib Jahon chempionatiga chiqish baxtiga muyassar bo‘ldi?
Jahon chempionati saralashining Afrika qit’asidagi D guruhida ishtirok etgan Kabo-Verde 10 tur davomida 6 ta g‘alaba, 3 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi. “Ko‘k akulalar” ushbu natijalar evaziga 21 ochko jamg‘arib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Bubista shogirdlari shu tariqa kuchli tarkibga ega Kamerunni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu jamoa safida Andre Onana, Frank Anguissa, Karlos Baleba, Brayan Mbemuo kabi kuchli ligalarda to‘p suradigan futbolchilar bor edi.
Qiziqarli jihati shundaki, Afrikaning g‘arbida joylashgan bu kichik orol davlatining maydoni atigi 4 000 kv.km bo‘lib, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning eng kichik viloyati bo‘lgan Andijondan ham kichikkina (Andijon — 4 300 kv.km). Aholisi esa bor-yo‘g‘i 583 ming kishini tashkil etadi. Jahon chempionati tarixida bundan kichik hududga ega mamlakat hali ishtirok etmagan.

Kelasi yozda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida jami 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Ulardan deyarli yarmi allaqachon ma’lum. Endi esa Kabo-Verde ham o‘z tarixida ilk bor mundial sahnasida o‘z bayrog‘ini xilpiratadi.



Fikrlar