
Quvvatov, G‘aniev, Iskanderov - Katanets MTJga chaqirmagan futbolchilar ramziy jamoasi (foto)
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etish maqsadida bir necha kundan so‘ng Janubiy Koreyaga yo‘l oladi. Jamoamizning sloveniyalik bosh murabbiyi Srechko Katanets yig‘in doirasida bo‘lib o‘tadigan Kamerun va Kosta-Rikaga qarshi bellashuvlar uchun kengaytirilgan tarkibni tanladi. O‘rganib qolganimizdek, bu safar ham ro‘yxatdan bir nechta loyiq bo‘lgan futbolchilar tushib qoldi. Quyida Katanets MTJga chaqirmagan futbolchilardan tuzilgan ramziy jamoa e’tiboringizga havola etiladi.
Darvozabon: Sanjar Quvvatov "Paxtakor"
Katanets avvalgi yig‘inlarga ham darvozabonlarni xuddi shu jamoalardan chaqirgandi: "Navbahor", "Nasaf", AGMK. Farqli tomoni, bir necha oy oldin "ajdarlar" postini Umidjon Ergashev, olmaliqliklar darvozasini Valijon Rahimov qo‘riqlayotgandi. Har ikki posbonning klubdagi o‘rnini boy berishi MTJ tarkibiga ham ta’sir qildi, guyoki, Qarshi va Olmaliq klublaridagi kiperlarning milliy jamoada muqim o‘rni bordek. Aslida, so‘nggi turlarda juda yaxshi o‘yin namoyish etayotgan Sanjar Quvvatov ham Koreya safariga yo‘l olishi adolatdan bo‘lardi. Oxirgi o‘yinlarga nazar tashlansa, u qaydnomadagi birorta darvozabondan yomonroq emasdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Dilshod Saitov "Nasaf"
Ayni paytda MTJ o‘ng qanot himoyasida raqobat yo‘q! Hojiakbar Alijonov ayniqsa Shatskix kelganidan so‘ng ancha o‘sdi. Paslardagi aniqlik ortganidan tashqari endi u jarima maydoniga yorib kiryapti, himoyada ham xatolarga kam yo‘l qo‘ymoqda. Biroq jarohatdan hech kim kafolatlanmagan. Ana shunday ko‘ngilsiz vaziyatda murabbiy uning o‘rniga aslida o‘ng oyoqda o‘ynash unga qulay bo‘lgan chap qanot himoyachisi Farrux Sayfievni qo‘ymoqchi. Umuman olganda to‘g‘ri qaror. Shu bilan birga, Saitovning ham o‘yini "oq bo‘rilar" libosini kiyish uchun tortayotgani, undagi tezlik, aniq paslar Katanetsga qo‘l kelishi mumkinligini ham keltirib o‘tish adolatdan bo‘lardi.
Markaziy himoyachi: Shahzod Azmiddinov "Paxtakor"
MTJda ikkita juda bahsli pozitsiya bor. Biri aynan mudofaa markazi. Aslida, mister Srechko Ashurmatov-Aliqulov tandemini o‘ynatishi haqiqatga juda yaqin. Lekin ularga munosib zaxira ham kerak-ku. Umar Eshmurodovga e’tiroz yo‘q, ammo Islom Qobilov va Abdulla Abdullaevdan birining o‘rniga "sherlar" safida tobora yorqinroq porlayotgan Shahzod Azmiddinovni jalb etish mumkin edi. U yosh, u motivatsiyaga to‘la, u hozirgi "Paxtakor"ning asosiy himoyachilaridan biri.
Balki Azmiddinov hozircha milliy jamoaning biror o‘yinida maydonga tushmas, biroq yig‘in doirasida ancha narsa o‘rganishi tayin. Qo‘shimchasiga, u Sherzod A’zamov yoki Islom To‘xtaxo‘jaevdan yosh faktori evaziga biroz ustunroq.
Markaziy himoyachi: Sardor Qulmatov "So‘g‘diyona"
E’tibor berdingizmi-yo‘qmi, Katanets qaydnomaga "So‘g‘diyona"dan birorta futbolchi chaqirmadi. Xo‘p, jizzaxliklar tarkibining aksariyat qismi yoshi katta o‘zbeklar yoki serblardan iboratdir. Ammo Sardor Qulmatov ham MTJ tarkibiga tortmasmidi? Nahotki u biror marta bo‘lsa ham sinab ko‘rishga arzimaydi?
Chap qanot himoyachisi: Akrom Komilov AGMK
Akrom avvalgi yig‘inlarning birida adashmasam, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev o‘rniga tarkibga kiritilgandi. Bu safar chap qanot himoyachilarining barchasi sog‘lom va yaxshi formada. Bunday holatda hatto Komilovning o‘zi ham Katanetsdan xafa bo‘lmasa kerak...
Markaziy yarim himoyachi: Aziz G‘aniev "Shabab Al-Ahli"
mister Srechko O‘zbekistonga kelgan paytiyoq natija uchun o‘ynashini aytgandi. Menimcha, bugungi jarimadan G‘anievchalik yaxshi zarba bera oladigan futbolchimiz yo‘q. Aynan Aziz kam harakat evaziga natija keltiradigan standartlarda juda qo‘l kelardi. Boz ustiga, u "Shabab Al-Ahli"ning so‘nggi o‘yinlarini asosiy tarkibda boshlamoqda va aksariyat uchrashuvlarda to‘liq o‘ynayapti. G‘aniev ham o‘zi loyiq bo‘lgan joydan qolib ketdi. Ammo...
Markaziy yarim himoyachi: Jamshid Boltaboev "Navbahor"
Ammo quyida keltiriladigan futbolchilarni ko‘rib, u xafa bo‘lmasa kerak. Chempionlik uchun da’vogar klub tarkibidagi asosiy futbolchilar Kamerun va Kosta-Rikaga qarshi bellashuvlarda ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Har ikki Jamshid ayni paytda zo‘r sport formasida, maydonda tinimsiz mehnat qilyapti. Boltaboev o‘zining ustunliklarini maydonda to‘liq namoyish etib, kerakli vaziyatda raqibni "jyostkiy" o‘yini bilan to‘xtatmoqda, ba’zida raqibning 3-4 futbolchisini aldab o‘tib, hujumdagi sheriklarini qo‘llab-quvvatlayapti. Katanets esa uning o‘rniga o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan futbolchini jalb etdi. Tushunarsiz qaror, biroq...
Hujumkor yarim himoyachi: Jamshid Iskanderov "Navbahor"
Biroq Iskanderovning ro‘yxatga kiritilmasligi oldida Boltaboev ham ranjimagani aniq. Qanday qilib ayni paytda O‘zbekiston Superligasining eng kuchli futbolchisi MTJdan chaqiruv olmasligi mumkin. Axir Jamshidda pas berish, jarima maydoni tashqarisidan yo‘llanadigan zarbalar, maydonni ko‘ra olish, qarshi hujum paytida ideal bog‘lovchi vazifasini mukammal bajara olsa. mister Srechkoga yana qanday futbolchi kerak?!
O‘ng qanot vingeri: Temurxo‘ja Abduholiqov "Qizilqum"
Abduholiqov ayni paytda Superliga to‘purari. Temurxo‘ja bu ishni "Paxtakor" yoki "Nasaf" tarkibida emas, "Qizilqum" libosida uddalamoqda. Mana shu vaziyatda ham uning MTJga chaqirilmasligi g‘alati. Kimdir uning yoshi o‘tib qolganini aytishi mumkin, ammo u Igor Sergeevdan 2 yoshga katta xolos. Menimcha, ularning formasidagi tafovut bunga ko‘z yumish imkonini berardi.
Chap qanot vingeri: Xurshid G‘iyosov AGMK
Chap qanot himoyasi kabi, milliy jamoamizda bu qanot hujumi ham yulduzlar bilan to‘la. Jaloliddin Masharipov sog‘ bo‘lsa-ku, o‘z joyini hech kimga bermaydi. Lekin hozirgi vaziyatda chap qanot hujumida kim o‘ynaydi? Bozorov Nasrullaev maydonga tushsa, yaxshiroq harakat qiladi. Erkinov o‘ng qanotda ham foydali, chapda Yo‘ldoshev bilan "yondirishi" mumkin. G‘iyosov-chi? U nega kerak degan savol tug‘ilishi tabiiy. Javob quyidagicha: Shahboz Umarov! Katanets Umarovni avval ham termaga chaqirgan, uning nimalarga qodirligini ko‘rgandir, biroq G‘iyosov hamon o‘z navbatini kutmoqda. Haqli bo‘lgan paytida ham...
Markaziy hujumchi: Shohruz Norxonov "So‘g‘diyona"
Oldingi yig‘inlarda Aziz Amonov, Sherzod Temirov kabi hujumchilar o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga olib ketildi. Ammo Norxonov o‘shanda ham qolib ketardi. Hozir na Aziz, na Sherzod Koreyaga boradigan bo‘ldi, lekin Shohruz yana tashlab ketilmoqda. Bunga sababni faqatgina mister Srechkoning o‘zigina bilsa kerak. Har holda, men tushunolmayapman.
P/S: Katanets - bosh murabbiy, barcha javobgarlik uning bo‘ynida, ertaga nimadir bo‘lsa, javobni o‘zi beradi qabilidagi gaplarni miyadan chiqarib tashlaylik. Xudo ko‘rsatmasin, Osiyo Kubogida natija yomon bo‘lib, Jahon chempionatiga ham chiqa olmasak, mister Srechko uzrini so‘rab, vataniga qaytib ketadi. Biz yana armonlarimizu, ko‘z yoshlari bilan qolib ketaveramiz. Jurnalistikaning vazifasi ham shu, biz gapirmasak, hozir gapirmasak keyin kech bo‘lishi mumkin!
Javohir Azimov
Fikrlar