
Qosimov-Babayan! Kim kuchli?
Chempionatda etakchilaridan biri sifatida odimlayotgan Namanganning “Navbahor” klubini Superliganing 5-turida yana bir jiddiy o‘yin kutyapti. Bu safar Samvel Babayan jamoasi mehmonda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMKga qarshi saf tortadi.
Bu ikki jamoa kurashganda ayniqsa, nomlar asosiy o‘ringa chiqadi. Ya’ni, bosh murabbiylari chindan o‘zbek futboldi katta nom. Bunday paytda bemalol Mirjalol Qosimov hamda Samvel Babayan o‘rtasidagi to‘qnashuv deya ta’rif ishlatsak ham yarashadi. Mag‘lub bo‘lishni yomon ko‘radigan murabbiylarning jamoalari ham bu jangga ana shunday “nastroy”da tushishadi. Ularning maqsadi ham bir: sovrin yutish. Demak, o‘z-o‘zidan ayonki, bu borada OKMK va “Navbahor” bir-biriga raqobatchi.
Tabiiyki, muxlislarni ushbu to‘qnashuv befarq qoldirmasligi shubhasiz. OKMK klubi ortda qolgan 4 ta uchrashuvda 2 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etdi va hisobida hozircha 7 ochko bor. “Navbahor” esa 3 g‘alaba 1 mag‘lubiyatga uchradi. Albatta, Samvel Babayan jamoasida tarkib juda kuchli. Nom jihatidan ham, tajriba va o‘yin saviyasi tomonidan ham yuqori klassdagi futbolchilar terilgan. Bu borada OKMK ham qolishmaydi. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, Toshkentdagi Jar stadionida o‘tadigan o‘yin juda yuqori tempda bo‘lishini tasavvur qilavering.
Bu to‘qnashuv ushbu jamoalarning o‘zaro 31-o‘yiniga aylanadi. Bunga qadar bo‘lib o‘tgan 30 ta bellashuvning 12 tasida OKMK, 9 tasida “Navbahor”ning qo‘li baland kelgan. Yana 9 ta bahsda durang qayd etilgan. Buni qarangki, ikkala jamoaning to‘plar nisbati teng: 39\39. 2022 yilgi Superliganing har ikkala uchrashuvida ham “Navbahor”ning qo‘li baland kelgan. Olmaliqda 1:2, Namanganda 3:1 hisobilari kuzatilgan. OKMK oxirgi marta 2021 yilning 2 aprel kuni g‘alaba qozongan. O‘shanda 2:1 natijasi tabloda porlagan. Qolaversa, namanganliklar OKMK mezbon sifatida o‘tkazilgan uchrashuvlarning 4 tasida g‘alaba qozongan.
Bu uchrashuvda “Navbahor” safida yo‘qotish bor. Asosiy himoyachilaridan biri Davron Hoshimov diskvalifikatsiya sababli jamoasiga yordam bera olmaydi. O‘tgan turda ham shu sababli o‘ynamagandi. Bunday masala bo‘yicha OKMKda deyarli muammo yo‘q, hisobi.
Qosimov ham, Babayan ham bir-birini yaxshi bilishadi. Bu jangda murabbiylarning taktik yurishlari ham asosiy o‘ringa chiqadi. To‘g‘ri, maydonda futbolchilar o‘ynaydilar, ammo murabbiylarning bunday paytda topqirligi ham ish beradi. O‘yinchilar maydonda bosh murabbiyning ko‘rsatmasiga asosan to‘p surishini unutmaslik lozim. Futbolchilar kabi bosh murabbiylar ham bunday markaziy to‘qnashuvda xato qilishdan yiroqda bo‘ladilar.
Musobaqa jadvalida peshqadamlar guruhida borayotgan ushbu jamoalar bahsi qiziqarli va murosasiz o‘tishi va uni stadiondan bevosita tomosha qiluvchilar ko‘pligi inobatga olinib, chiptalar oldindan tayyorlandi va o‘yin kuni ertalabdan sotuvga chiqarilishni boshladi. Chiptalar narxi SIP sektor uchun 30.000 ming so‘m, qolgan barcha sektorlar uchun bir xil toifada – 10.000 so‘mdan etib belgilangan. “Navbahor” muxlislariga 6-7-8 sektorlardan chipta xarid qilishlari tavsiya etiladi. Qolgan sektorlarga OKMK muxlislari va poytaxtdagi neytral ishqibozlar joylashadi. Bu borada OKMK matbuot xizmati xabar berdi.
Olmaliqdan ko‘ra Namangandan minglab ishqibozlarning kelishi ancha ishonarli. Chunki “Navbahor” qaerda o‘ynamasin ashaddiy muxlislari yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Jar stadionida balki Namangan stadionidagi muhitni ko‘rsak ham ajab emas. Maqolamiz avvalida aytganimizdek, Qosimov-Babayan o‘rtasidagi olishuvga aylanadigan bahsda qaysi murabbiy kuchli chiqarkin?
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar