
"Qo‘qon-1912" Toshkentda shug‘ullanmoqda, chunki...
Terma jamoalarimizning yig‘inlari sabab, Superliga o‘yinlarida qisqa muddatli tanaffus yuzaga keldi. Fursatdan foydalanib ikki kun hordiq olgan “Qo‘qon-1912” jamoasi a’zolari kecha Toshkent shahrida to‘planishdi. Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari Superliganing navbatdagi turida bo‘ladigan “Bunyodkor” jamoasiga qarshi o‘yinga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi.
“Shunqorlar” besh kun mobaynida poytaxtda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini olib borishadi. Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan o‘tkazilmoqda. Kunning birinchi yarmida murabbiylar futbolchilarning jismoniy xolatlarini yaxshilash borasida ish olib borishsa, ikkinchi yarmidagi mashg‘ulotlar to‘p bilan ishlashga qaratilmoqda.
Toshkent yig‘ini doirasida Superliga jamoalaridan biri bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish ham murabbiylarning rejalaridan o‘rin olgan.
“Qo‘qon-1912” jamoasi Superliganing 4-turini 2 aprel kuni o‘z maydonida , Toshkentning “Bunyodkor” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“Qo‘qon-1912” matbuot xizmati.
Fikrlar