
"Qizilqum" ustozi "Andijon" bilan "Buxoro" o‘rtasidagi tafovutni aytdi
“Qizilqum” klubi navbatdagi nazorat o‘yinida “Buxoro” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘tgan safar navoiyliklar pro liganing yana bir klubi – “Andijon”ga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi. Shu bois “Qizilqum” bosh murabbiyi Nikola Lazarevich o‘yin haqida va “Andijon” bilan “Buxoro” o‘rtasidagi tafovut xususida ham o‘z fikrini bildirdi.
“Boshlang‘ich davrdagi jismoniy yuklamalardan so‘ng bugun futbolchilarimiz yangi kuch bilan harakat qilganliklari ko‘rindi.
O‘tgan safargi “Andijon” bilan o‘yinga qaraganda taktik intizom jihatidan ham maydonda yaxshi harakat qildik. Eng asosiysi, yig‘in davomida jarohatlarsiz taktik sxemalarimizni ko‘rib oldik. “Buxoro” ham yaxshi jamoa ekan. Ularga chempionat o‘yinlarida omad tilayman.
“Andijon” bilan o‘yinda endi jismoniy yuklamalardan chiqqandik. Shuning uchun o‘shanda yigitlar maydonda og‘ir harakat qilishgandi. Qolaversa, “Andijon” jamoasi yaxshi o‘yin ko‘rsatgan. Menimcha, ular ikkinchi davra o‘yinlariga jismoniy tomondan tayyorlar.
O‘yinchilar saviyasi bo‘yicha ham farq bor. “Andijon”ning bir qancha bo‘ydor futbolchilari bor ekan. Shu sababli standartlarda ustunliklari sezilib turdi. Aynan shu jihat jamoaning plyus tomonlaridan biri hisoblanadi. Biz ularga ko‘plab standart vaziyatlarni o‘zimiz taqdim etdik. Har 3 ta qoida buzilishida ular juda xavfli ko‘rindi.
“Buxoro” jamoasi ko‘proq qisqa uzatmalar bilan harakat qildi. Lekin biz bugun ularga nisbatan maydonda yaxshi harakat qildik”, - deya Sports.uz muxbiriga o‘z fikrini bildirdi, bosh murabbiy.
Fikrlar