
Qirg‘izistonda oktagonga ko‘tarilgan ikki nafar hamyurtimiz uchun bir raund etarli bo‘ldi
Biroz avval, Qirg‘izistonning Bishkek shahrida MMA kechasi o‘z yakuniga etdi. “Batyr Bashi” promousheni tomonidan tashkil etilgan ushbu turnirda uch nafar O‘zbekiston vakili ishtirok etayotganligi haqida ma’lum qilgan edik. Ulardan ikki nafari 66 kg vazn toifasida Bahodir Tillaboev raqibi Akil Beksultonovni birinchi raundning o‘zida bo‘g‘ish uslubi evaziga mag‘lub etgan bo‘lsa, 84 kg vaznda oktagonga ko‘tarilgan Husniddin G‘aniev uchun birinchi raundning dastlabki daqiqasining o‘zi raqibini mag‘lub etish uchun kifoya qildi.
Uning kuchli “xay-kik” zarbasi natijasida qirg‘izistonlik debyutant Ibragim Anzorov muvozanatini yo‘qotdi. Bundan unumli foydalangan yurtdoshimizning ketma-ket zarbalari va mezbonlar vakilining passiv himoyasi tufayli, referi jangni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib, G‘aniev ham navbatdagi g‘alabasini tantana qildi. Afsuski, 66 kg vazndagi yana bir hamyurtimiz Azizillo Akbaraliev Aybek Kachkinovga ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shunday qilib, Bishkekda bo‘lib o‘tgan mazkur turnirda yurtdoshlarimiz ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan qaytadigan bo‘ldi.
Fikrlar