
Penalti bekor qilingani, so‘nggi paytlardagi mag‘lubiyatlar. Mirjalol Qosimov "Nasaf"ga qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi
Kecha Olmaliqning AGMK klubi Qarshiga safar uyushtirib, "Nasaf"ga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli va jangovor ruhda o‘tgan uchrashuv 0:0 hisobidagi nursiz durang bilan yakunlandi. Bahsdan keyin "konchilar" ustozi Mirjalol Qosimov uchrashuv haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bu ikki jamoa uchun ham muhim o‘yin edi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgandi. Ikkala jamoa ham g‘alaba uchun maydonga tushgandi. Ammo durang bo‘ldi. Ikkala bo‘lim ham muxlislarbop, jangovar ruhda o‘tdi. Bugun "Nasaf" ham, biz ham yutib ketishimiz mumkin edi. Bunday o‘yinlar orqali futbol yutadi. Har bir o‘yinda faqat g‘alabani ko‘zlaymiz. Bugun ikki jamoa 3 ochko ilinjida tushgandi.
Bugun ochko oldik yoki yo‘qotdik? Aytishadiku, ochko har joyda qadrli. Bu o‘yinni endi ortga qaytarib bo‘lmaydi. Uchrashuvni tahlilchi murabbiylarimiz tahlil qilib, futbolchilarning ko‘rsatkich ma’lumotlarini berishadi. Bunday uchrashuvlarda furbolchilar to‘liq 100% kuch bilan harakatlanishi lozim. Lekin men bugungi o‘yinda futbolchilarning harakatidan to‘liq qoniqmadim.
Mag‘lubiyatlar sababi? Hozir gapirsam bahonaga o‘tib qoladi. Oddiy misol, uch o‘yinda birinchi taymdayoq qizil kartochka oldik va o‘sha bahslarni yutqazdik. Agarda shunda 100% natija bo‘lganda, 9 ochko hisobimizga qo‘shilardi. Masalan, Olmaliqda "Nasaf" bilan yaxshi o‘ynab, yutib turib oxirida g‘alabani qo‘ldan chiqardik. Yoki "Navbahor" bilan ham yaxshi o‘ynab, g‘alabaga bo‘lgan yuqori ishtiyoq tufayli hujumga o‘tib ketib, oxirida o‘tkazilgan gol tufayli yutqazdik. Hali hammasi oldinda. Nasib qilsa, ochkolarni kuzda sanaymiz.
Zafar Polvonovni ko‘proq o‘ynasin deya "Andijon"ga berdik. Chunki PFL reglamentiga ko‘ra, chempionat uchun yosh futbolchilardan tashqari 20 nafar futbolchini ro‘yhatdan o‘tkazish mumkin. Polvonovni shu uchun ham "Andijon"ga berdik. Zafar juda yaxshi inson, odobi va xarakteri ham a’lo darajada. Shu yoshida ham futbol o‘ynash istagi kuchlilik qilgani tahsinga sazovor. Qoyil qolish kerak, barakalla. Payti kelib futbolchi futbol o‘ynash imkoniyatini hech qancha pulga ham sotib ololmaydi.
Penalti bekor qilingani? Penalti yo‘q edi. Hakam vaziyatga yaqinligi uchun xushtak ham chalmagandi, uzoqdagi yon hakam buni qanday aniqladi? VAR vaziyatni ko‘rib chiqdi va penaltini to‘g‘ri bekor qildi", - deydi Qosimov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.
Fikrlar