"Paxtakor" oxirida, "Neftchi"da doimgidek anshlag yoxud muxlislar nega kam?
Futbol millionlar o‘yini degan iborani hamma yaxshi biladi-a? Darhaqiqat, muxlislar bilan gavjum bo‘lgan stadionda to‘p tepish futbolchilarga yanada zavqli va yanada motivatsiya bag‘ishlaydi.
O‘zimizning Superligamizda ham stadionlar tomoshabinlar bilan to‘lishini juda istaymiz. Oxirgi paytlarda stadionlar rekonstruktsiya qilinmoqda va maydonlar zamon talabiga mos holatga keltirilmoqda. O‘zgacha va shinam arenalarda endi muxlislarning salmoqli tashrifini kuzatish qolyapti xolos.
Chempionatimizda har bir turdan keyin tomoshabinlar tashrifi sarhisob qilinishi tabiiy. Bu orqali qaysi o‘yinga ishqibozlarning qiziqishi qanchalik bo‘lganini payqab olish mumkin bo‘ladi. Afsuski, bu safar o‘tkazilgan 6 ta uchrashuvning 4 tasida muxlislar tashrifi hatto 1000 taga ham etib bormagan. Bu ham etmaganidek, chempion jamoa – “Paxtakor”ning “Turon”ga qarshi o‘yini klubning aksariyat ishqibozlarida u qadar qiziqish uyg‘otmagan ko‘rinadi. Aks holda “Paxtakor”dek muhtasham stadion huvillab qolarmidi? Tomoshabinlar tashrifi esa bor yo‘g‘i 218 nafarni tashkil qildi, xolos. Asosan Toshkent jamoalarining uy stadionlarida ishqibozlar juda oz va ochig‘i, bu hayron qolarli emas, aslida.

22-turda tomoshabinlar tashrifi bilan tanishing:
“Qizilqum” – OKMK – 1:2. 2879 tomoshabin
“Metallurg” – “Buxoro” – 0:0. 560 tomoshabin
“Paxtakor” – “Turon” – 3:0. 218 tomoshabin
“Olimpik” – “Bunyodkor” – 1:1. 853 tomoshabin
“So‘g‘diyona” – “Andijon” – 1:2. 951 tomoshabin
“Neftchi” – “Surxon” – 1:1. 12107 tomoshabin
Umumiy raqamlar bo‘yicha ushbu turning 6 ta o‘yinini jami 17568 nafar ishqiboz bevosita stadiondan kuzatib borgan. 22-turdan o‘rin olgan “Navbahor” – “Nasaf” uchraushvi 30 oktyabrga belgilanganligini aytish joiz.
22-turda eng ko‘p ishqiboz Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida kuzatildi. “Neftchi”ning “Surxon”ga qarshi kechgan bahsini 12107 muxlis kuzatib bordi.

Tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha odatdagidek vodiy klublari etakchilik qilishmoqda. Bu borada “Neftchi”, “Navbahor” va “Andijon” klublari peshqadamlar safida borishmoqda.



Fikrlar