
"Paxtakor" "Bayer" hamda "Galatasaroy"ning sobiq hujumchisiga jiddiy qiziqmoqda
«Paxtakor» klubi yangi mavsumda o‘z oldiga doimgidek jiddiy vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyat qozonish klubning asosiy maqsadiga aylangan. Shunga yarasha klub bosh murabbiyi Shota Arveladze tarkibni o‘tgan yilgidan darajada kuchaytirishga bel bog‘laganligi ko‘rinib turibdi.
Xabaringiz bor, bungacha «Paxtakor» tarkibiga Superligadagi eng iqtidorli ayrim futbolchilar jalb etilgandi. Shuningdek, yuqori saviyali legionerlarning ham taklif etilishi borasida oxirgi paytlarda gap-so‘zlar ko‘paygandi. Ayniqsa, Emmanuel Adebayorning «Paxtakor» a’zosiga aylanishi go‘yoki haqiqatga aylanib borayotgandek edi. Biroq bu xabarni shu kungacha klub rasman tasdiqlagani yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, u «Paxtakor»ga kelmaydi.
Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, «Sherlar» safiga Shveytsariya terma jamoasida to‘p surgan, 12 iyun kuni 32 yoshga to‘ladigan tajribali hujumchi Eren Derdiyuk qo‘shilishi kutilmoqda va ayni paytda u bilan muzokara olib borilmoqda. Ushbu ma’lumot bo‘yicha «Paxtakor»ning sport direktori bilan bog‘langanimizda klub u bilan shartnoma tuzish arafasida ekanligini ma’lum qildi.
Derdiyuk muxlislarga yaxshi tanish futbolchi. U faoliyatini Evropaning etakchi chempionatlarida o‘tkazgan. Shveytsariyaning grand klublari - «Old Boyz» hamda «Bazel» jamoalarida to‘p surgan. Germaniyada esa «Bayer» bilan «Xoffenxaym»da samarali faoliyat olib borganini ham ishqibozlar yaxshi eslashsa kerak. Oxirgi paytlarda asosan Turkiya chempionatida to‘p surib kelayotgandi. Aniqrog‘i, 2014 yildan beri «Kasimpasha», «Galatasaroy» va «Gyoztepe» jamoalari sharafini himoya qilib keldi. Shuningdek, ushbu hujumchi ko‘p yillar davomida Shveytsariya terma jamoasida ham faoliyat olib borgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. E’tiborlisi shundaki, Arveladze o‘z vaqtida «Kasimpasha» klubini boshqarganida Derdiyuk uning qo‘l ostida to‘p surgan.
«Paxtakor» taniqli legionerlardan birini qo‘lga kiritish orqali tarkibini yanada mustahkamlashni ko‘zlayotgandi. Balki bu yuqorida nomi keltirilgan shveytsariyalik futbolchi – Derdiyuk orqali hal etilishi mumkin. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar