
O‘zbekistonning Turkiyaga qarshi o‘yini, trendga aylangan Ektor Kuper, EChL va EL finallari haqida (+Video)
SPORTS.uz sayti tomonidan “Hafta voqeliklari” deya nomlangan ko‘rsatuvning navbatdagi soni namoyish etildi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasining Turkiyaga qarshi o‘yini, Evropa chempionlar ligasi va Evropa ligasi finallari borasida so‘z yuritildi.
Quyida ko‘rsatuvning matnli va video ko‘rinishi bilan tanishishingiz mumkin:
Ektor Kuper trenddan tushmaydigan mavzuga aylandi. Uning qo‘l ostida futbolchilarimiz havotirimizni oshirishda davom etmoqda. Argentinalik murabbiy futbolchilarimizga hali ham o‘z g‘oyalarini tushuntira olmayaptimi yoki futbolchilar tushunishni xohlamayaptimi ochig‘i, bilmaymiz. Lekin Kuperning o‘yindan ko‘ngli to‘lmoqda.
Turkiya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasida Alanyada o‘tkazilgan dastlabki uchrashuv taqdirini mezbonlarning o‘ng qanot himoyachisi Zeki Chelik kiritgan ikki gol hal qildi.
Tarixiy uchrashuvni siz kabi biz ham orzuqib kutdik. Mezbon jamoaning tarkibi e’lon qilinganida, ular bizni mensimadi degan hayolga bordik. Lekin ko‘rdikki, o‘sha o‘yinchilar ham bizni har jabhada engishdi. Bellashuvni Turkiya terma jamoasi katta ustunlik boshladi. Pressing evaziga bizdan osonlik bilan to‘pni olib qo‘yaverdi. Natijada taym o‘rtalarida standartdan oshirilgan to‘pni o‘ng qanot himoyachisi Zeki Chelik boshi bilan Eldor Suyunov qo‘riqlayotgan darvozaga yo‘lladi. Gol muallifini biznikilardan hech kim qo‘riqlamagani e’tiborni tortdi. Dastlabki taymda Odil Ahmedovning faolligini alohida qayd etish darkor. Uning uzatmasidan so‘ng Fozil Musaev qulay vaziyatga chiqib bordi, biroq to‘pni nishonga aniq tepolmadi. Sardorimiz bergan kuchli va aniq jarima zarbasidan keyin esa mezbonlar posboni ishonchli harakat bilan to‘pni egallab oldi. Tanaffusdan so‘ng mezbonlar o‘zlarini ortiqcha urintirib o‘tirishmadi. Kerak paytda oldinga o‘tishdi va gol urishdi. Avvaliga Suyunov o‘zi bilan yakkama-yakka chiqqan hujumchi parashyut usulida darvozaga joylamoqchi bo‘lgan to‘pni to‘sin ustidan o‘tkazib, maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. So‘ngra posbonimiz yaqin masofadan darvozaga aniq yo‘llangan to‘pni qiyinchilik bilan qaytarib yubordi, lekin birinchi bo‘lib etib kelgan o‘sha Zeki Chelik ikkinchi golini urdi. Bu safar ham unga biznikilardan hech kim qarshilik ko‘rsatmadi. Demak, yo murabbiylarimiz uchrashuv oldidan Zeki Chelikning hujumga qo‘shilishiga e’tibor qaratishmagan va futbolchilarimizdan kimgadir alohida topshiriq berishmagan, yoki shunday vazifa yuklatilgan futbolchimiz ishonchni oqlamagan. Oqibatda termamiz darvozasiga ikki bor gol urildi. Bellashuv oxirlarida Eldor Shomurodov hisobni bittaga qisqartirishi mumkin edi. Biroq so‘nggi pallada hujumchimiz jarima maydoi ichida muvozanatni yo‘qotgani uchun imkoniyat yo‘qqa chiqarildi. 89-daqiqada Oston O‘runov jarima maydonimiz ichida Abdulqodir Omurni yiqitgani uchun serbiyalik bosh hakam darvozamiz tomon penalti belgiladi.. Ifran Kaxvechi tepgan to‘pni Eldor Suyunov ushlab oldi. Natijada maydon egalari Frantsiya va Islandiyaga qarshi rasmiy o‘yinlar oldidan engil “mashg‘ulot”da g‘alaba qozonishdi. FIFA kunlari kuchli raqiblar bilan o‘ynayapmiz deyilmoqda. Bu yaxshi. Muxlislar va futbol jamoatchiligi xursand. Lekin tangani ikkinchi tomoni ham bor. Reyting ochkolari. Biz aralash tarkib bilan natijaga erisha olmayapmiz. Bu o‘zini oqlamasligini rasmiy turnirda ham ko‘rdik. Shu bois bundan buyog‘iga kim bilan o‘ynashimizdan qati’ nazar, o‘z oldiga maqsad qo‘ygan murabbiy keyingi yillarda ham jamoaga yordam berishiga ko‘zi etadigan futbolchilarni sinovdan o‘tkazgani maqsadga muvofiq.
"Liverpul" EChLda olti karra chempion! Murabbiylar, 23-soniyadagi penalti, Goldan keyingi "Liverpul", Keynning soyasi. Bularning bari finaldagi voqeliklar
1 iyun kuni tunda barchaning nigohi Ispaniya poytaxti Madrid shahrida yangi qurilgan “Vanda Metropolitano” stadioniga qaratildi. “Atletiko”ning uy arenasida bu mavsumdagi Evropa chempionlar ligasining final bahsi o‘tkazildi. Inglizlar duelida “Tottenxem” va “Liverpul” bosh sovrin uchun kurashdi.
Yurgen Klopp va Maurisio Pochettino – top-murabbiylar, bunga shubha yo‘q. Ammo ular Madridda nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatishi lozim edi. Germaniyalik mutaxassis bunga qadar uch bor evrokuboklar finaliga chiqib (2013, 2018 – EChL, 2017 – Evropa ligasi), ularning barchasida mag‘lubiyatga uchragandi. Argentinalik Pochettino esa 10 yillik murabbiylik faoliyati davomida birorta sovrinni qo‘lga kiritmagan. Futbol shunday sport turiki, unda barcha narsa 23 soniyada o‘zgarib ketishi mumkin. U xatto EChL finali bo‘lsa ham. Siz bu o‘yin haqida kunlab, haftalab hayol qilasiz. Biroq to‘p Musa Sissokoning qo‘liga tegadi va sizning "A" rejangiz chippakka chiqadi. Bosh hakam Damir Skomina shu onning o‘zidayoq "nuqta"ni ko‘rsatdi, VAR'dagilar ham sloveniyalik referining qarorini to‘g‘ri deb topishdi. 2-daqiqada esa Muhammad Saloh 11 metrli jarima zarbasini aniq amalga oshirgan holda hisobni ochdi. Bir yil oldingisidan o‘zgacha manzara. O‘shanda jarohati bois ko‘zda yosh bilan maydonni tark etgan misrlik yulduz bugun quvonchdan sapchidi. O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng "shporlar" bosim uyushtirishga majbur edilar. Ammo Pochettino shogirdlari raqibdan hayiqib o‘yin ko‘rsatishdi. Ular Saloh, Mane va Firminodan qo‘rqib harakat qilishdi. Aslini olganda, "qizillar"ning himoya va yarim himoya chizig‘i orasida uzilish yuzaga kelgandi. Shunga qaramay, londonliklar dastlabki taymda aytarli vaziyat yaratishmadi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinning tom ma’noda ochilishi Pochettinoga bog‘liq edi. Argentinalik mutaxassis Kiran Triperga oldinga o‘tishga ruxsat berdi. Shundan so‘ng ularda gol kiritish uchun vaziyatlar soni keskin darajada ortdi. Klopp ham munosib javob qildi. Jarohatidan to‘liq sog‘ayib ulgurmagan Roberto Firmino o‘rniga Divok Origini, Jorjino Veynaldumning o‘rniga esa universal hisoblangan Jeyms Milnerni maydonga tashladi. Ko‘pchilik ikki oy o‘yin amaliyotisiz qolgan Harri Keynning o‘rniga Lukas Moura maydonga tushishini taxmin qilgandi, Pochettino esa yarim final qahramonini 66-daqiqaga kelibgina o‘yinga qo‘shdi. Ammo braziliyalik forvard Keynning soyasi o‘rniga emas, Harri Uinksning o‘rniga maydonga tushdi. Uchrashuv so‘ngida "Liverpul"- ning qarshi hujumlarga tayanmaganidan ko‘pchilik hayron qolgan bo‘lishi mumkin. Klopp jamoani 4-4-2 taktikasiga o‘tkazdi va holdan toygan Salohning yoniga Origini tashladi. "Tottenxem"ga esa gol kiritadigan futbolchi etishmadi. Yakunda Kloppning yurishi samara berdi. "Barselona" darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgan belgiyalik futbolchi Madridda ham ishonchni oqladi. "Tottenxem" va "Liverpul" ijrosidagi final o‘yini muxlislarga yorqin va tomoshabop qarama-qarshilik taqdim etmagan bo‘lishi mumkin. Ammo bosh sovrinni unga munosib bo‘lgan jamoa qo‘lga kiritdi. Butun mavsumdagi o‘yinlarni inobatga olganda, albatta. Klopp ham kubokni boshi uzra baland ko‘tarishga munosib edi. Ilk bor sariq kartochkalarsiz o‘tgan finalda mersisaydliklar tarixda oltinchi bor “chempionlar chempioni” bo‘lishdi.
"Chelsi" – Evropa ligasi g‘olibi! “Aristokratlar” 2-marta ushbu musobaqada zafar quchishdi. “Arsenal”da esa buning aksi.
29 may kuni Ozarbayjon poytaxti Bku shahrida Evropa ligasi final bahsi o‘tkazildi. Unda Angliyaning "Chelsi" va "Arsenal" jamoalari g‘oliblik uchun o‘zaro kurash olib borishdi. "Olimpiyskiy" stadionida kechgan uchrashuvda "aristokratlar" 4:1 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Olive Jiru, Eden Azar (2 ta) hamda Pedro tomonidan kiritilgan gollarga "to‘pchilar" safida Ivobi bir bor javob qaytardi xolos.
Shu tariqa "Chelsi" o‘z tarixida ikkinchi bor Evropa ligasi g‘olibi bo‘ldi. "Ko‘klar" 2013 yilda ham Evropaning klublar miqyosidagi ikkinchi darajali kubogida zafar quchgandi. "Arsenal" esa ikkinchi bor Evropa ligasi (UEFA kubogi) finalida sovrinsiz qoldi.
Ushbu o‘yindan so‘ng bir qator raqamlar e’tiborimizni tortdi
“Chelsi” MYuga etib oldi
“Chelsi” hisobida endilikda Evropada qo‘lga kiritilgan 6 ta kubok bor. Londonliklar 2 marta ELda, 2 bor Kubok egalari Kubogida, 1 martadan esa EChL hamda UEFA Superkubogida g‘olib chiqqan. “Aristokratlar” bu borada “Manchester Yunayted”ga etib oldi. Birinchi o‘rinda esa “Liverpul” bor. Jamoa Evropada 11 marta bosh sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Sarrining ilk sovrini
Evropa ligasidagi muvaffaqiyat Sarrining “Chelsi” va butun murabbiylik faoliyatidagi ilk sovrini bo‘ldi. Mutaxassis 60 yoshga kirib ilk bor musobaqada g‘oliblikka erishdi.
Mauritsio bunga qadar “Napoli” bilan A Seriyada 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgandi. Shuningdek, kubok bahslarida ham finalga qadar etib borib, mag‘lubiyatga uchragandi.
"Chelsi" rozi
"Chelsi" rahbariyati jamoa ustozi Mauritsio Sarriga klubdan ketishiga ruxsat berdi.
Sarri "Yuventus" jamoasini boshqaradi. Turin klubi bosh murabbiyligi Massimiliano Allegridan so‘ng bo‘sh turgan edi. Qayd etish kerakki, Sarri “Yuve” bilan 3 yillik shartnoma imzolashi kutilmoqda. Kelishuvga ko‘ra italiyalik mutaxassisning bir mavsum uchun 7 million evro olishi ko‘zda tutilgan.
Azarning “Chelsi”dagi eng sermahsul mavsumi
Petr Chexni ikki bor dog‘da qoldirgan Eden Azar joriy mavsum barcha musobaqalarni hisoblaganda “Chelsi” safida 21 ta gol urishga erishdi. Belgiyalik futbolchining bungacha eng yaxshi natijasi 2014/15 yilgi mavsumda qayd etilgandi. O‘shanda u 19 ta gol urgandi.
Qolaversa, Azar Evropa ligasining so‘nggi 5 yillikdagi finallarida dubl qayd etgan 4-futbolchi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, bungacha Antuan Grizmann (2018 “Atletiko”), Koke Moreno (2016 “Sevilya”) va Karlos Bakka (2015 “Sevilya”) hal qiluvchi bahslarda ikkitadan gol urishgandi.
Frantsuzlar rekordchisi
Olive Jiru “Arsenal” darvozasiga finalda darvozani ishg‘ol etdi. Bu Jiru uchun ELning 2018/19 yilgi mavsumidagi 11-goldir. Natijada Olive Evrokuboklarda frantsuzlarning bir mavsumda eng ko‘p gol urishi borasida o‘rnatilgan rekordni yangiladi. Ularning avvalgi eng yaxshi ko‘rsatkichlari 1958/59 yilgi mavsum “Reyms” a’zosi Jyust Fonten tomonidan qayd etilgandi. O‘shanda futbolchi 10 ta to‘pni to‘rga yo‘llagandi.
Shuningdek Jiru ingliz klubi safida Evrokuboklar doirasida 2004/05 yilgi mavsumdan beri 11 ta gol urgan ilk o‘yinchi bo‘ldi. O‘shandaundan avval Alan Shirer bunday natijaga erishgandi.
Eng yaxshi to‘purar
Evropa Ligasining 2018/19 yilgi mavsumida “Chelsi” forvardi Jiru 11 ta gol urdi. Buning uchun frantsiyalik o‘yinchi 13 bellashuvda maydonga tushdi. 32 yoshli hujumchi bu yo‘lda 10 tadan gol urgan Luka Yovich (“Ayntraxt”) va Vissam Ben-Yedder (“Sevilya”)ni ortda qoldirdi.
Pedrodan qoyilmaqom natija
Uchrashuvda “Chelsi”ning ispaniyalik hujumchisi Pedro Rodriges o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.
Natijada 31 yoshli futbolchi Chempionlar Ligasi/Chempionlar Kubogi, Evropa Superkubogi va UEFA Kubogi/Evropa Ligasi Kubogi finallarida gol urgan ilk futbolchiga aylandi.
Qayd etish joiz, Pedro Evropa Superkubogi va EChL finallarida “Barselona” safida to‘p kiritgan.
Emeri ilk bor finalda yutqazdi
Bakudagi o‘yin Unai Emeri faoliyatidagi to‘rtinchi Evropa Ligasi finali edi. Bungacha Emeri “Sevilya” bilan uchala hal qiluvchi bahsda g‘alaba qozongandi.
Shuningdek, murabbiy avvalroq “Valensiya” bilan turnirning chorak va yarim finallariga qadar etib borgandi.
Noxush seriya
“Arsenal” finaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng ketma-ket uchinchi mavsum Evropa Chempionlar Ligasida ishtirok etmaydigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Emeri shogirdlari APLda mavsumni 5-pog‘onada yakunlashdi. Bu o‘rin esa EChLga yo‘llanma bermaydi.
"Arsenal"ning mag‘lubiyati "Lion"ning muvaffaqiyati
"Chelsi" va "Arsenal" uchrashuvi Frantsiyaning "Lion" jamoasi muxlislari va o‘yinchilari uchun ham ahamiyatli bo‘ldi.
"Ko‘klar"ning finaldagi g‘alabasi "Lion"ga 2019/20 yilgi Chempionlar Ligasi guruh bosqichini tuhfa etardi.
"Kanonirlar" g‘alaba qozongan taqdirda esa "Lion" EChLni 3-saralash bosqichidan boshlashlariga to‘g‘ri kelardi va "Arsenal" Evropa Ligasi sohibi sifatida ChLning guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritardi. Yakunda esa London klubi Evropa Ligasida o‘ynaydi, bo‘sh turgan joyni esa "Lion" egallaydi.
Fikrlar