O‘zbekistonlik "Pele" legionerga aylanmoqchi!

  • 7 noyabr, 2020, 07:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf” yana o‘zining yoshlari bilan barchani hayron qoldirishda davom etmoqda. Turnir jadvaliga qarang, bu klub “Paxtakor”dan so‘ng ikkinchi o‘rinda boryapti.

Tecno

Qarshiliklarning iste’dodli hujumchisi Bobur Abduholiqov esa “Paxtakor”dagi “hamkasbi” Dragan Cherandan keyin to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinda.

Boburni “Pele” deb atashlarini bilasizmi? O‘zbekistonlik “Pele” ushbu mavsumda ajoyib o‘yinlariyu, gollari bilan olqishlarga sazovor bo‘lib kelyapti. To‘purar hujumchi o‘zining eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazyapti.

Qolaversa, uning o‘ziga yarasha maqsadlari ham bor. Sports.uz muxbiri u bilan bir qator qiziqarli mavzular bo‘yicha suhbatlashdi. 

-  Sizga qiziqadigan muxlislar ko‘p va ular Abduholiqov futbolga qay tariqa kirib kelganiga ham bee’tibor emas...

-  Bolaligimda uydagilar menga to‘p sovg‘a qilgandi. To‘pni o‘ynayverganimdan futbolga mehrim tushib qolgan. Natijada mahallalarda va maktablarda do‘stlarim bilan futbol o‘ynab, bu sport turiga qiziqishim yanada ortib ketgan. Maktabdagi jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz futbolga bo‘lgan mehrimni ko‘rganidan so‘ng, ota-onamga meni futbol-internatiga olib borishlarini aytgan. Shu sababli meni Qashqadaryo futbol-internatiga olib borganlar. U erda bir yil tahsil olganimdan keyin meni “Nasaf” klubi akademiyasiga qabul qilishgan. Murabbiylarim - Umar Rahmatullaev va Jasur Ibragimov edi.

-  Tushunarli. O‘tgan vaqt davomida “Nasaf”ning etakchilaridan biri darajasiga ko‘tarildingiz. Bu mavsumda esa eng yaxshi o‘yinlaringizni ko‘rsatyapsiz. Klub ham shunga yarasha ko‘pchilik kutmagan natijani qayd etyapti...

-  Har doim jamoamiz bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz. Mavsum oldidan ko‘pchilik yosh tarkibimizni ko‘rib, bu maqsadimizga erishishimizga ishonmasligi mumkin edi. Lekin chempionat yakunlanishiga to‘rt tur qolganda hattoki to‘rt ochko farqi bilan 2-o‘rinda ketyapmiz. Bir narsani aytaman: chempionat boshlanishidan oldin jamoadoshlarimiz bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurashishga kelishib olgandik. Chunki bunday vazifani bajarishga har tomonlama kuchimiz etishini bilardik. To‘g‘ri, balki mavsum oldidan “Nasaf”ning ushbu natijasini hech kim kutmagandir. Bunday o‘yinlarimizdan keyin sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritmasak, muxlislarimiz qattiq xafa bo‘ladi.

bobur5

-  “Nasaf” bu mavsumda bir bosh baland sakrayapti, degan fikrlarga qo‘shilasizmi?

-  Albatta, bu fikrga qo‘shilaman. Nega deganda, jamoamiz yanada shakllandi. Shularni hisobga olganda, “Nasaf”ni bir bosh baland sakradi, deya bemalol ayta olaman.

-  Hozirga qadar 16 ta gol urdingiz va to‘purarlar bahsida ham xuddi klubingizga o‘xshab ikkinchi o‘rinda ketyapsiz. Oldinda Dragan Cheran 19 ta gol bilan peshqadamlik qilyapti. Qolgan to‘rtta turdan keyin uni quvib o‘ta olasizmikin?

-  To‘g‘ri, to‘purarlar orasida ikkinchi o‘rindaman. Yana to‘rtta tur qolgan bo‘lsa, barcha o‘yinlarda maksimal darajada ko‘proq gollar kiritishga harakat qilaman. Albatta, har doim to‘purar bo‘lish mening maqsadlarimdan biri. Futbolda esa hamma narsa bo‘lishi mumkin. Balki bu yil to‘purarlikni qo‘lga kiritarman?!

-  Cheran bilan to‘purarlik uchun bahslashish sizga qiyinchilik tug‘dirmayaptimi? Yoki aksincha, u sizda qo‘shimcha ishtiyoq uyg‘otyaptimi?

-  Nazarimda, to‘purarlar poygasida kurashish har bir hujumchi uchun motivatsiya. Men shu paytgacha to‘purarlikka harakat qilish uchun hech kimdan qo‘rqmaganman.

bobur

-  Sizni taniganlar va bilganlar “Pele” deb chaqirishadi. Bu nom o‘zingizga yoqadimi?

-  Pele – futbol qiroli. Meni shu nom bilan chaqirishlari ko‘proq gol urish uchun motivatsiya beradi.

-  Futbol olamidagi eng taniqli shaxslardan birining nomi bilan sizni atashlari o‘zingizga katta majburiyat yuklab qo‘ymaydimi?

-  Yoshlikdan birga katta bo‘lgan o‘rtoqlarim “Pele” deb chaqirishadi. Yo‘q, bu nom menga bosim o‘tkazmaydi. Chunki u futbol qiroli ekanini hamma biladi. Yuqorida aytganimdek, baribir bu menga ko‘pincha katta ishtiyoq beradi.

-  “Nasaf”da iqtidorlar juda ko‘p va ularning bir nechtasi xorijga yoki o‘zimizning etakchi klublarga ketdi. Bobur Abduholiqov qachon legionerga aylanadi, degan savol ham ko‘pchilikni qiziqtiryapti...

-  “Nasaf” futbol akademiyamizdan ko‘plab iqtidorli yoshlar etishib chiqmoqda. U erdagi ishlash tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani ham o‘z samarasini beryapti. Ro‘ziqul Berdiev esa yana bir bor yoshlar bilan qanday ishlay olishini hammaga ko‘rsatib qo‘yyapti. Aynan ushbu murabbiyning ham mening katta futbolga kirib kelishimda hissasi beqiyos. O‘zimni ko‘rsatishimda ham ko‘proq imkoniyat yaratib bergan. Legioner bo‘lib to‘p surish har bir futbolchining orzusi bo‘lsa kerak. Xudo xohlasa, menga ham xorijdan jiddiy takliflar bo‘lsa ko‘rib chiqaman.

bobur6

-  Bu sizning “Nasaf”dagi oxirgi mavsumingiz bo‘lib qoladimi?

-  Ha, rostdan mening “Nasaf” jamoasidagi oxirgi yilim bo‘lishi mumkin.

-  Faraz qilaylik, sizga O‘zbekistonning eng kuchli klubi – “Paxtakor”dan taklif bo‘lsa, u erda to‘p surarmidingiz?

-  O‘zbekiston chempionatidan ko‘ra, faoliyatimni legioner bo‘lib davom ettirishni ko‘proq xohlamoqdaman va bu men uchun yanada qiziqroq.

-  O‘zingizga qolsa, qaysi chempionatda ishtirok etishni istaysiz? Umuman, aniq takiflar bo‘lganmi?

-  Menga takliflar bo‘lgan, lekin bu haqida mendan ko‘ra, klub rahbarlari yaxshiroq bilishadi. O‘zimga qolsa, legioner sifatida o‘sha maqsadi jiddiy bo‘lgan klubga borgan bo‘lardim.

bobur3

-  Bolaligingizdan hujumchi bo‘lib kelganmisiz? Bu pozitsiyada ko‘proq qaysi futbolchilar sizni ilhomlantirgan?

-  Yoshligimdan hujum chizig‘ida harakat qilib kelganman. Menga Dide Drogba, Fernando Torres, Serxio Aguero, Xarri Keyn, Robert Levandovskiy singari kuchli hujumchilarning o‘yinlari juda yoqadi.   

-  Aksariyat mutaxassislar hamda muxlislar “Nasaf”ning o‘yinlarini ko‘rib zavqlanishini ta’kidlaydi. O‘zingizga chempionatimizda ko‘proq qaysi jamoalarning o‘yinlarini kuzatish yoqadi?

-  Avvalo biz o‘ynayotgan futbolga qisqacha to‘xtalsam, Ro‘ziqul aka Berdiev hamma vaqt zamonaviy o‘yin ko‘rsatishimizni yoqtiradi va shunga o‘rgatadi. Ayniqsa, tezkor, hujumkor va jamoaviy bo‘lib harakat qilishimizni xohlaydi. Ammo har doim boshqa jamoalarning o‘yinlarini kuzatib borishga imkon bo‘lmay qoladi. Baribir ko‘plab jamoalarimiz ajoyib harakat qiladi.

-  Siz bilan terma jamoa mavzusida gaplashmasak ham bo‘lmasdi. Oxirgi paytlarda Vadim Abramovning e’tiborini yana qozonyapsiz va natijada sizni ham bosh jamoamiz yig‘inlariga chaqirmoqda. Xo‘sh, Bobur Abduholiqov “Nasaf”dagi sermahsul o‘yinlarini milliy terma jamoamizda ham ko‘rsata oladimi? U erda sizni qanday qo‘llab-quvvatlashyapti?

-  Meni ham milliy terma jamoaga taklif qilishlarini juda xohlagandim. U erdagi barcha futbolchilar bilan do‘stona munosabatdaman. Menimcha, jamoaga kirishib ketishim qiyin kechmaydi. Albatta, milliy terma jamoada to‘p surayotganingizdan keyin u erda jiddiy raqobat bo‘ladi. Bu raqobat esa sizni faqat o‘sishga yordam beradi.

bobur7

-  Vadim Abramov bilan Ro‘ziqul Berdiev o‘rtasida qanday farq bor, deb o‘ylaysiz?

-  Abramov bilan hali ko‘p ishlaganim yo‘q. Shuning uchun hali bu murabbiyning ish uslubi haqida ko‘p narsalarni bilmayman. Berdiev to‘g‘risida yuqorida to‘xtaldim, u ko‘proq zamonaviy futbolni yoqtiradi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Javlon Abdullaev
07/11/2020 07:44
kamida rassiyaga ót
&
FANAT-MYU
07/11/2020 07:31
Senga maslahatim Ukam osiyo jamoalariga o‘tma nima bo‘lsa ham yevropaga ket osiyoda yo‘q bo‘lib ketasan yevropa kulblarining skautkari arab Hitoy yoki Koreya chempionatini kuzatishmaydi Belarusiya yoki Ukraina shu yoqqa ket