
O‘zbekiston U-21 terma jamoasi Ukrainadagi xalqaro turnirga tayyorgarlikni boshladi
Avval xabar berganimizdek, 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma taqdim etadigan U-23 Osiyo kubogi bahslariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2001-2002 yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston U-21 terma jamoasi tashkil etilgan edi.
Bosh murabbiy Timur Kapadze qo‘l ostidagi mazkur jamoa a’zolari 25-29 may kunlari Ukrainaning Kiev shahrida o‘tadigan xalqaro turnirda ishtirok etadi.
Ushbu turnirga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston U-21 terma jamoasi Toshkent shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. “JAR” stadionida o‘tayotgan mashg‘ulotlarga murabbiylar shtabi 23 nafar futbolchini jalb etdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston U-21 terma jamoasi 26 may kuni Ukrainadagi turnirning yarim final uchrashuvida Tunis U-21 terma jamoasiga qarshi maydonga chiqadi.
Final va 3-o‘rin uchun bo‘lib o‘tadigan bahslar 28 may sanasida “Obolon-Arena” maydonida o‘tkaziladi.
Fikrlar