
O‘zbekiston Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi
O‘zbekistonning 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi bahslarini o‘tkazish bo‘yicha OFKga yo‘llagan arizasi ijobiy javob oldi. Bu haqida O‘FA rasmiy "Telegram" sahifasi ma’lumot bermoqda.
"Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2022 yilgi U20 Osiyo kubogi final bosqichini yurtimiz maydonlarida o‘tkazish maqsadida OFKga murojaat xati yo‘llagan edi.
OFK har bir talabgor a’zo assotsiatsiya bilan tender jarayoniga doir zaruriy hujjatlar ustida ish olib bordi va chempionatning rasmiy mezbonini bugun e’lon qildi.
Ayollar futboli bo‘yicha OFK qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, "U20 Osiyo kubogi-2022" bellashuvlari O‘zbekiston maydonlarida o‘tkaziladi. Mazkur chempionat bahslari 2022 yilning 4-17 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur chempionatda yuqori uch o‘rinni egallagan terma jamoalar 2022 yilgi U20 jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi", - deyiladi xabarda.
Fikrlar