O‘zbekiston chempionatining bezagiga aylangan o‘yin yoxud supergol urilgan vodiy derbisi haqida

  • 13 may, 2024, 04:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Hali anchagacha bu o‘yinni eslab yurishadi. Ha, bunga shubha yo‘q. Vodiy derbisi o‘zining ritmidan baland sakradi. “Neftchi” hamda “Andijon” ishtirokidagi uchrashuvdan kino asarini yaratsa bo‘ladi. O‘zbekiston chempionati darajasi va uning mavqei ancha oshib borayotgani yana bir karra ko‘rsatib berildi.

Tecno

Farg‘onadagi mazkur to‘qnashuvga qiziqish oldindan juda katta edi. Barcha o‘ylagan taxminlarimiz o‘zini oqladi. Andijondan 5000 mingdan ziyod muxlislarning kelishi ham boshqacha xaybatli ko‘rindi. Fan-klub a’zolari “Andijonliklar kelyapti”, deya hayqirib stadionga kirib kelishining o‘zi ijtimoiy tarmoqlarni “qaynatib” yubordi. “Istiqlol” stadioni shu kuni sariq va qizil ranglarga burkandi. Muhit esa shunchaki “bomba” edi. Evropadagi grand to‘qnashuvlarni eslatib yuboradigan o‘yinda futbolchilar ham mazza qilib futbol o‘ynashdi.

Qolaversa, Farg‘ona va Andijon viloyati hokimlari ham vodiy derbisini bevosita stadionda birgalikda kuzatib bordilar. Bir so‘z bilan aytganda, bu Superligadagi super o‘yin maqomida bo‘ldi.

Dastlab tinib-tinchimas Bektemir Abdumannonov darvozabon bilan deyarli birga-bir vaziyatga chiqib ustalik bilan Sanjar Quvvatov darvozasini ishg‘ol qildi. Shundan keyin “Andijon” futbolchilari ketma-ket xavfli hujumlar uyushtirdilar va bu vaziyatda “Neftchi” himoyachilari biroz esankirab qoldilar. Ammo darvoza ustuni mezbonlarni goldan qutqarib qoldi.

Ikkinchi bo‘limni ham andijonliklar faol boshladilar. Shunga yarasha 53-daqiqada ikkinchi golni urdilar. Bektemir Abdumannonov jarima zarbasi ishladi va uni o‘zi bajardi. Standart vaziyatdan uzatgan to‘pini jarima maydoni ichida Farhod Sohibjonov shunaqangi gol urdiki, bu aqlbovar qilmas gol sifatida ta’riflanyapti. U o‘sha lahzalarda xuddi Zlatan Ibragimovich rejimini yoqib olgandi. Sohibjonovning bu goli darhol internetda yashin tezligida tarqaldi va hammani hayratiga sabab bo‘lyapti. Ko‘pchilik esa buni yil goliga asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqdalar.

Hisob 0:2 ko‘rinishini olgach, mezbonlar butun e’tiborini hujumga qaratishlari aniq edi. “Andijon” esa qarshi hujumlarda raqibni “ushlash” harakatida bo‘ldi. Biroq 84-daqiqada mezbonlar o‘z maqsadiga erishib, javob golini kiritdilar. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda esa bosh hakam Islom Mamatkazinni “Neftchi”ning hujumini to‘xtatishda ayblab qizil kartochka ko‘rsatdi va penalti belgiladi. Bu vazifani Jasur Jaloliddinov golga aylantirdi. Shu tariqa, vodiy derbisida jangovar o‘yin va jangovar durang qayd etildi. Albatta, “Andijon” g‘alabaga juda yaqin kelgandi. Biroq nasib qilmadi. Shunga qaramay, “Burgutlar” “Neftchi” maydonidagi ketma-ket beshinchi o‘yindirki, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda. Bundan tashqari, “Andijon”ning namoyish etgan o‘yini ko‘pchilik tomonidan juda iliq qarshi olinmoqda.

Endi Xomyakov jamoasi 18 may kuni “Bobur arena”da chempionatning 8-turida Bekobodning “Metallurg” klubini qabul qiladi.

“Neftchi” – “Andijon” - 2:2 (0:1).

12 may. Farg‘ona. “Istiqlol” stadioni. 19867 tomoshabin.

Hakamlar: Aziz Asimov, Avaz Abdullaev, Oybek Kalaxo‘jaev

Zaxira hakami: Farruh Yansupov

VAR: Firdavs Norsafarov

AVAR: Maksim Nexochin

Nazoratchi: Ma’mur Saidqosimov

Komissar: Shoxruh Said

“Neftchi”: Sanjar Quvvatov, Manuchexr Safarov, Boyan Tsiger, Mirzohid G‘ofurov (Abbos G‘ulomov, 69), Zoir Jo‘raboev, Anvar G‘ofurov, Katalin Karp, Javohir Qahramonov (Jasur Jaloliddinov, 46), Diyor Turopov (Sanjar Qodirqulov, 69), Shoxruz Norxonov (Mixay-Alexandru Roman, 69), Nsungusi Effiong (Bilolxon Toshmirzaev, 55).

“Andijon”: Igor Litovka, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Ilhom Alijonov, Abduvohid G‘ulomov, Farhod Bekmuratov (Levan Arveladze, 73), Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdug‘aniev (Ildar Mamatkazin, 73), Bektemir Abdumannonov (Armin Boshnyak, 81), Farhod Sohibjonov (Abdurahmon Komilov, (90+4), Shaxrom Samiev (Luka Zgurskiy, 81).

Gollar: Bektemir Abdumannonov, 16 – 0:1. Farhod Sohibjonov, 53 – 0:2. Bilolxon Toshmirzaev, 84 – 1:2. Jasur Jaloliddinov, 90+4-pen. – 2:2.

Ogohlantirishlar: Anvar G‘ofurov, 64. Zoir Jo‘raboev, 84. Sanjar Qodirqulov, 87 – Aleksandr Xomyakov, 90+7. Luka Zgurskiy, 90+7.

Chetlatish: Islom Mamatkazin, 90+2.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!