
Ov mavsumi: yozda o‘z jamoasini tark etadigan yosh iste’dodlar
Koronavirus tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz, shubhasiz jamoalarning transfer imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatadi. Lekin bu yozda va qishda yirik transferlar bo‘lmaydi degani emas. Yosh iqtidorlar doimo Evropa grandlari e’tiborida bo‘lishgan. Shunday ekan jamoalar ko‘zlagan futbolchilarini qo‘lga kiritish uchun har qanday imkoniyatini ishga solishadi.
Transferlarda futbolchilarning o‘zlari ham oxirgi rolni o‘ynashmaydi. Ba’zi futbolchilar jamoalarida qolishni afzal bilishadi. Bu futbolchilar yuqori darajaga chiqishlari uchun ularning agentlari tinmay harakat qilishadi. Shu o‘rinda grandlar ham iste’dodli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy takliflar berishadi. Hozir sizga kelayotgan transfer oynasida xaridori ko‘p bo‘ladigan iste’dodli futbolchilar haqida ma’lumot beramiz.
Jeydon Sancho
“Borussiya Dortmund” futbolchisi ushbu mavsumda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Angliya nashrlari ishonch bilan futbolchining o‘z yurtiga qaytishi haqida yozmoqda. Sancho uchun nomzodlar “Chelsi” va “Manchester Yunayted” jamoalari. Ikkala jamoa ham futbolchini o‘z safiga qo‘shish uchun jiddiy harakat qilyapti. Independent nashrining xabariga ko‘ra, “Manchester Yunayted” Sanchoga 7 raqam va haftasiga 400 ming funt va’da qilmoqda. Londonning “Chelsi” jamoasi esa Frenk Lempard talabiga ko‘ra, futbolchini olib kelishni rejalashtiryapti.
“Manchester Siti” ham o‘z tarbiyalanuvchisini qaytarishga qarshi emas. Ammo futbolchining o‘zi “shaharliklar” tarkibiga qaytishni istamasa kerak. Jeydon “Manchester Yunayted” yoki “Chelsi”ni tanlaydi. Mish-mishlarga qaraganda, futbolchi “Qizil iblislar” tarkibiga borib qo‘shilmoqchi. Lekin bu erda “MYu”ning Chempionlar Ligasiga chiqish yoki chiqmasligi asosiy faktor bo‘lib xizmat qiladi. Agarda manchesterliklar Chempionlar Ligasiga chiqa olishmasa, futbolchi bu jamoaga o‘tmasligi ham mumkin.
Sanchoning “Borussiya” bilan shartnomasi 2022 yilning yoz oyigacha mo‘ljallangan. Dortmundliklar yaqin vaqtlar ichida juda ko‘p yulduz futbolchilaridan ayrilishiga to‘g‘ri keldi. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatlarga qaramasdan rahbariyat futbolchini belgilangan narxda sotish niyatida. “Borussiya” futbolchi uchun 110 mln evro narx belgilagan. “Chelsi”ning bu transferni amalga oshirish imkoniyati pastroq bo‘lishini taxmin qilsak, “Manchester Yunayted” bemalol bu narxni to‘lay oladi.
Kay Xaverts
“Bayer” yarim himoyachisi uchun bir qancha jamoalar, jumladan, “Bavariya”, “Liverpul”, “PSJ” va “Barselona” jiddiy qiziqish bildirmoqda. Asosiy da’vogar esa Germaniya chempioni. “Bavariya” ichki transferlar bo‘yicha etakchi hisoblanadi. Myunxenliklar doimo Bundesligada porlagan iqtidorlarni o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qilishadi. Kay ham grand jamoalar e’tiboriga tushishga loyiq futbolchi. 20 yosh bo‘lishiga qaramasdan, “Bayer”ning etakchi futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Germaniyalik jurnalist Nikolo Skirining so‘zlariga ko‘ra, “Bavariya” futbolchi uchun yiliga 8 mln evrolik 5 yilga mo‘ljallangan shartnoma taklif qilyapti. Xaverts esa hozircha o‘z javobini aytgani yo‘q.
Mish-mishlarga ko‘ra, futbolchi o‘zini Germaniyadan boshqa mamlakatlarda sinab ko‘rmoqchi. Lekin “PSJ”, “Liverpul” va “Barselona” hozircha futbolchi uchun aniq taklif bilan chiqishgani yo‘q.
Xavertsning “Bayer” bilan shartnomasi 2022 yilning yozida o‘z nihoyasiga etadi. Transfermarkt futbolchini 90 mln evroga baholagan. Ammo “Bayer” murabbiyi Peter Bosh Kayni 100 mln evrodan kam pulga sotmasligini aytib o‘tdi. Shu o‘rinda murabbiy futbolchi yozgi tranflerlarda jamoani tark etishi mumkinligini haqida ham gapirib o‘tdi.
Futbolchi uchun, hattoki “Bavariya” ham 100 mln evro to‘lamaydi. Lekin myunxenliklar murabbiyi Xans-Diter Flik futbolchining iqtidoriga tan bergan va rahbariyatdan Kay Xavertsni jamoaga olib kelish talabini qo‘yishi mumkin.
Ashraf Hakimi
Bundesliga – iste’dodlar makoni. “Borussiya Dortmund” kelayotgan yozda ikki nafar yosh va iste’dodli futbolchisidan ayrilishi mumkin. Sancho yana bir mavsum jamoada qolishi mumkin. Ammo Hakimi “Borussiya”ni tark etishi aniq. Futbolchining ijara muddati yakuniga etyapti. Ashraf Hakimi “Real Madrid”ga tegishli futbolchi, “Real” esa futbolchiga o‘z tarkibidan o‘rin ajratmoqchi.
21 yoshli Hakimi Bundesligada eng yaxshi chap qanot himoyachisi hisoblanadi. Ushbu mavsumdagi barcha musobaqalarda Ashraf 7 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Madridliklar esa futbolchining muvaffaqiyatini kuzatib turibdi va uni darhol jamoaga qaytarmoqchi.
Hakimiga yana bir qancha jamoalar qiziqish bildiryapti. “Chelsi”, “PSJ”, “Yuventus” shular jumlasidan. Parijliklar Ashrafni jamoani tark etmoqchi bo‘layotgan Toma Menega o‘rinbosar sifatida ko‘rayotgan bo‘lsa, turindagilar “yangi Dani Alvesh” deb hisoblamoqda. “Chelsi” futbolchini ijara asosida o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Hakimining “Real” bilan shartnomasi 2022 yilgacha mo‘ljallangan. Ayni damda madridliklar futbolchini sotish variantini ko‘rib chiqqani yo‘q. Balki, Zidan Ashrafni yana bir-ikki mavsum ijaraga berib yuborishi ham mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Hakimi Bundesligaga qaytishi yoki “Chelsi”ga o‘tishi mumkin. Futbolchining o‘zi esa madridliklar safida to‘p surishni xohlayapti.
Donni van de Bek
“Ayaks” yarim himoyachisi o‘tgan mavsumda Amsterdamni tark etishi mumkin edi. Garet Beyl Xitoyga ketsa, “qaymoqranglilar” futbolchini qo‘lga kiritish uchun etarli mablag‘ga ega bo‘lardi. Ammo Beyl Xitoyga bormadi va van de Bek ham Amsterdamda qoldi.
Marca ning xabariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv hali ham o‘z kuchida. “Real” futbolchi uchun 55 mln evro to‘lashga rozi. Yarim himoyachi ham Madridga o‘tishga qarshi emas.
Van de Bek ikkinchi marotaba ham “Real”ga o‘ta olmay qolish ehtimoli ham bor. Shunday bo‘lgan taqdirda, “MYu” va “Yuventus” futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashga qo‘shiladi. Angliyaliklar italiyaliklarga qaraganda jiddiyroq qiziqish bildirmoqda. Lekin futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun kech bo‘ldi, “Real” futbolchi bilan kelishib olgan.
Kelasi mavsumdan Donni van de Bek madridliklar safida boshlashi mumkin. Futbolchining “Ayaks” safida qolmasligi tobora oydinlashib boryapti.
Fikrlar