
Osiyo kuboklari tarixiga nazar. Chempionatlarning chempionlari
Qatardagi Osiyo Kubogi start oldi. Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Suriya bilan kuch sinashadi. Raqibimizni bizga begona bo‘lmagan mutaxassis Ektor Kuper boshqarib boradi.
Hamyurtlarimizning bugungi o‘yini oldidan Osiyo Kuboklari tarixiga nazar tashlaymiz.
Birinchi Osiyo Kubogi 1956 yili Gonkongda o‘tkazilgan. Unda to‘rtta terma jamoa ishtirok etgan va Janubiy Koreya chempionlikka erishgandi.
1968 yili Eronda o‘tkazilgan chempionatda beshta jamoa qatnashgan va mezbonlar g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan.
1972 yili final bosqichida oltita jamoa o‘zaro bellashgan. Tailanddagi birinchilikda Eron ketma-ket ikkinchi chempionligini rasmiylashtirgan.
1980 yili o‘nta ishtirokchi Kuvaytda kuch sinashgan. G‘oliblik maydon egalariga nasib etgan.
1992 yilga kelib jamoalar soni sakkiztaga tushirildi. Yaponiyada o‘tgan o‘yinlarda “kun chiqar yurt” vakillari sovrinni o‘z uylarida olib qolishgan.
1996 yilda o‘n ikki jamoa g‘oliblik uchun bahs olib borgan. Birlashgan Arab Amirliklaridagi bellashuvlarda Saudiya Arabistoni birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.
2004 yilda jamoalar o‘n oltitani tashkil qildi. Xitoydagi bahslarda Yaponiya shohsupaning eng yuqorisidan o‘rin egallagan.
2007 yildan qit’a birinchiligi toq yillarda o‘tkazila boshlandi. O‘sha yili chempionatni to‘rtta mamlakat o‘zida qabul qilgandi.
2019 yilgi qit’amizdagi eng nufuzli musobaqada tarixda ilk bor yigirma to‘rt jamoa ishtirok etdi. Bellashuvlarda Qatar chempionlikka erishdi.
Shu paytgacha o‘tkazilgan musobaqalarda Yaponiya to‘rt marta chempionlikni qo‘lga kiritgan va eng ko‘p sovrin yutgan terma hisoblanadi. Yaponlar finallarda bir bor mag‘lubiyatga uchragan xolos.
Eronda finallarda yutqazmagan. Forslar uch bor g‘oliblikka erishgan.
Saudiya Arabistoni uch marta birinchi o‘rinni egallagan hamda uch bor hal qiluvchi bahsda imkoniyatni boy bergan.
Janubiy Koreya ikki marta sovrinni boshi uzra baland ko‘targan. To‘rt bor finalda mag‘lub bo‘lgan.
Shuningdek, Isroil, Kuvayt, Avstraliya, Iroq va Qatarda bittadan chempionlik unvoni mavjud.
O‘n ettita chempionat bahslari o‘n olti mamlakatda o‘tkazilgan (2007 yili chempionatga to‘rt davlat mezbon bo‘lgan). Shulardan Eron, Tailand, Qatar va BAA musobaqada ikki marta mezbonlik qilgan. Bu galgi qit’a birinchiligi qatarliklar uchun uchinchi sihoblanadi.
Osiyo chempionatlarining eng yaxshi to‘purari eronlik Ali Daei. Uning hisobida 14 gol mavjud. Merganlar qatorida hamyurtimiz Aleksandr Geynrix ham mavjud. U raqiblar darvozasini olti bor ishg‘ol etgan.
Fikrlar