
Osiyo karate federatsiyasi rahbari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi
Osiyo karate federatsiyasi (OKF) prezidenti, general-mayor Nosir Abdulrazzok Al-Razuki boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan shu yil 23-25 dekabr kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi.
Bugun kunning ikkinchi yarmida faxriy mehmon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Turizm va sport vazirligiga tashrif buyurishdi. Ularni bu erda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov kutib oldi.
Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabduraxmonov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Osiyo karate federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston karate federatsiyasi raisi Alamjon Mullaev va boshqalar ishtirok etishdi.
OKF prezidentining mamlakatimizga tashrifidan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonda karate sport turini ommalashtirish va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdan iborat.
Uchrashuvda Turizm va sport vaziri A.Abduxakimov so‘nggi yillarda yurtimizda karate sport turini tobora ommalashtirishga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik borasida to‘xtalib, bunga javoban o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro maydonlarda o‘z so‘zlarini aytishayotganligini ta’kidladi. Jumladan, yaqinda BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Doston Otabolaevning g‘alaba qozongani va bu mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk oltin medal sifatida tarixga kirgani mamlakatimizda karate sporti rivojida sezilarli yutuqlarga erishilganidan darak berishini e’tirof etdi.
O‘z navbatida janob Nosir Abdulrazzok Al-Razuki yurtimizda sport sohasiga, xususan karate sportini rivojlantirishga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotganidan mamnunligini bildirib, O‘zbekiston tajribasini qit’amizning boshqa mamlakatlarida ommalashtirishni taklif qildi. Shu bilan birga, mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Osiyo karate federatsiyasi hamda O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, yurtimizda nufuzli xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish kabi masalalarda ham o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, faxriy mehmon tashrif doirasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham bo‘ladi. Unda ta’lim muassasasi bilan tanishib, bu erda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechiriladi. Qolaversa, oliygoh bilan BAA hamda O‘zbekiston karate federatsiyalari o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolanadi. Unga muvofiq, Osiyo karate federatsiyasi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining karate bo‘limida tatami va sport jihozlarini taqdim etishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashrif doirasida Osiyo karate federatsiyasi prezidenti, general-mayor Nosir Abdulrazzok Al-Razuki tashkilot bosh kotibi Xuan Im Che (Makao) hamda birinchi vitse-prezident Alamjon Mullaev hamrohlik qilishmoqda.
Fikrlar