
O‘runov bu haqiqatni tushunib etishi kerak!
Bir muddat “Ufa”da bosh murabbiylik qilgan Rashid Rahimov jamoani qiyin vaziyatdan qutqara olmaganidan keyin o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. Tajribali mutaxassis “Sport ekspress” nashriga bergan intervyusida ijara asosida “Ufa”da o‘ynayotgan “Spartak” yarim himoyachisi Oston O‘runov haqidagi savollarga ham javob berdi.
Yanvarda tarkibni yangilab yubordingiz...
- “Ufa”ni ijarada o‘ynagan Danchenko, shuningdek, Aliev, Karp, Till, Bizyak, Agalarov, Borodin, Alibekov va Folmer tark etdi. Ularning o‘rniga besh nafar yangi futbolchi olindi. O‘runov, Bauer, Bizoza va Miletich chempionat o‘yinlari boshlanishiga atigi bir necha kun qolganida keldi. Qishki yig‘inlarda esa, atigi 17 nafar o‘yinchi bilan mashg‘ulot o‘tkazdik.
- Siz O‘runov haqida gapirganingizda uning maydonda jamoa uchun emas, o‘zi istagandek o‘ynashini ko‘p bora ta’kidlagan edingiz. Uning o‘yini o‘xshayaptimi?
- Ha. O‘runovning haqiqatan texnikasi zo‘r, tezkor va birga bir vaziyatda har qanday raqibni aldab o‘tishga qodir. Biz unga ko‘p bora bu xususiyatlaridan maydon markazida emas, raqib jarima maydonchasi yaqinida foydalanish kerakligini tushuntirganmiz. Maydon o‘rtasida to‘p yo‘qotilsa, raqib tezkor qarshi hujumga o‘tib ketadi. Bundan tashqari, Oston O‘runov raqibni aldab o‘tganidan keyin oldinga yugurmay, sekinlashadi va raqobatchasini ikkinchi marta aldashga harakat qiladi, keraksiz fintlarga berilib ketadi.
- U shuni tushunmayaptimi?
- Nega unday deyapsiz? Oston aqlli va tarbiyali yigit. Lekin ishtiyoqi ham baland. Bundan tashqari, O‘runov maydonda erkin ijodkor emasligini anglab etishi, bu haqiqatni tan olishi kerak. “Ufa”ga o‘xshagan klublarda erkin ijodkorlarga umuman ehtiyoj yo‘q.
- Uni o‘zgartirish mumkindir...
- O‘runov himoyaga qaytib o‘ynashi kerak. Bu uning qo‘lidan keladi, kuchi bemalol etadi. U tezkor. Raqibni yopishni, kurashishni va to‘pni olib qo‘yishni juda yaxshi o‘zlashtirgan. Oldingi chiziqda esa, hujumni samarali yakunlash ustida ishlashi kerak. Ayniqsa, katta tezlikda bo‘sh zonaga kirib, raqibni aldab, darvozaga zarba berishda bu muhim. Yoki jamoadoshiga qulay to‘p oshirishsa ham bo‘ladi.
- O‘runov uchun eng mos pozitsiya qaysi?
- Bu o‘yin sxemasiga bog‘liq bo‘ladi. O‘zbek futbolchisi tayanch zonada ham, hujumchi ortida ham o‘ynay oladi. Eng muhimi, u o‘zini jamoa manfaatlari uchun o‘ynashga majburlashi, taktik tomondan to‘g‘ri harakat qilishni o‘rganishi kerak. Ba’zan kerakli joylarga borish o‘rniga kuzatish bilan cheklanib qolyapti. Agar Oston men aytgan jihatlarni kuchaytiradigan bo‘lsa, o‘z o‘yini bilan yangi bosqichga ko‘tariladi.
Oston O‘runov joriy mavsum oxiriga qadar “Ufa”da to‘p tepadi. Ufaliklarda yozgi transferlar vaqtida uni 3 million evroga to‘liq sotib olish huquqi bor. Umuman olganda esa, Oston O‘runov kelasi mavsumni qaysi jamoada boshlashi mavhumligicha qolmoqda.
Fikrlar