
Og‘ir atletika. Shahrullo Mahmudov Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga qayta saylandi
Bugun Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining (OOAF) hisobot-saylov Kongressi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sportning qit’amizdagi istiqbolli rejalari muhokama qilingan tadbirda OOAF rahbariyatining yangi tarkibi shakllantirildi. E’tiborlisi, unda O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov OOAFning vitse-prezidenti etib qayta saylandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, tashkilotning amaldagi prezidenti Yusuf Al Mana rahbarligini davom ettiradigan bo‘ldi. Shuningdek, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud OOAFning birinchi vitse-prezidenti, Muhammad Al Harbi esa OOAF Bosh kotibi lavozimiga saylanishdi.
Yangi saylangan va tasdiqlangan rasmiylar Parij-2024 Olimpiadasigacha bo‘lgan davr mobaynida o‘z lavozimlarida faoliyat yuritishadi. Qayd etish joiz, Shahrullo Mahmudov bungacha ham OOAFning vitse-prezidenti, shuningdek, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida samarali faoliyat olib borgan edi.
Fikrlar