
OFK va "Hawk-eye" kompaniyasi vakillari yurtimizga keldi. Tashrifdan maqsad nima?
Xabaringiz bor, joriy yilning iyun oyida yurtimiz maydonlarida nufuzli musobaqa — U-23 Osiyo kubogi bahslari bo‘lib o‘tadi. Mazkur turnirni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy ishlar va tayyorgarlik jarayoni davom etmoqda.
Kecha ushbu musobaqaning barcha uchrashuvlarida VAR texnologiyasidan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida OFK va "Hawk-eye" kompaniyasi vakillari yurtimizga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
O‘FA Tashkiliy qo‘mitasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yaponiyalik mutaxassis Ino Takaaki stadionlar, hakamlar mashg‘ulot maydoni, OFK delegatsiyasi mehmonxonasida olib boriladigan inspeksiya ishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, uchrashuvda O‘FA, OFK hamda "Hawk-eye" kompaniyasi vakillari U-23 Osiyo kubogi davomida VAR texnologiyasidan foydalanishda amalga oshirish zarur bo‘lgan muhim vazifalarni belgilab oldilar.
Xorijiy mutaxassislar xizmat safari davomida Osiyo kubogining mezbon stadionlarida o‘tayotgan O‘zbekiston Superligasi bahslariga tashrif buyurib, stadionlarda VARdan foydalanishdagi mavjud amaliyotni o‘rganishni maqsad qilgan.
Ma’lumot uchun, uchrashuvlar poytaxtimizdagi “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” va Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Fikrlar