
Nodirbek mag‘lubiyatlar o‘chini oldi
Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turniridagi o‘tkazilgan 5-tur o‘yinlari “Masterc” guruhida g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov uchun har jihatdan omadli kechdi.
Hamyurtimiz qora donalarda Niderlandiya vakili Yorden van Forestga qarshi dona surdi.
Aytish lozim, bundan ikki yil muqaddam “Tata Steel Chess” g‘olibligiga yarim qadam qolganda aynan Yorden van Forest Nodirbek Abdusattorovni shohsupaga chiqish yo‘lagida to‘xtatib qolgandi.
O‘shanda Abdusattorov 8 ta durang, 4 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat hisobida 8 ochko bilan 2-o‘rinni egallagandi. 2023 yilgi bahsda Van Forest bilan 13-turda ro‘baro‘ kelgan Abdusattorov kutilmaganda mag‘lubiyatni qabul qilib, ikkinchi pog‘ona bilan kifoyalangandi.
Ammo, 2024 yilgi Veyk-an-Zee turnirida shaxmatchimiz niderlandiyalik raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagandi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Shiddatli kechgan o‘yin kutilganidek Nodirbekning ustunligida o‘tdi va 47-yurish holatida Yorden van Forest yutqazganini tan oldi. Bu esa Nodirbek Abdusattorovning 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, “Masters” guruhi etakchisiga aylanishini ta’minladi.
Ortda qolgan ushbu turda g‘oliblikka da’vogarlardan biri hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa oq donalarda o‘ynagan Maks Varmerdam bilan durangga erishishi uni 4 ochko bilan 2-o‘rinni egallashiga olib keldi.
Klassik shaxmat bo‘yicha 2024 yilgi jahon chempioni Gukesh Dommaraju 5-turda oq donalarda germaniyalik Vinsent Keymerdan ustun kelishi uni 3,5 ochko bilan 3-o‘ringa ko‘tarilib, g‘oliblik yo‘lidagi imkoniyatlarini yanada oshirdi, deyish mumkin. Gukesh Dommarajuning mazkur turnirning 2024 yilgi g‘olibi sifatida qatnashayotgani ham ishtirokchilarning e’tiboridan chetda emasligini ta’kidlash lozim.
Ushbu turda amerikalik tajribali shaxmatchi Fabiano Karuanani mag‘lub etgan sloveniyalik Vladimir Fedoseev ham 3,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan holda 1-o‘ringa nomzodlar ro‘yxatida qayd etilmoqda.
24 yanvar kuni o‘tadigan 6-tur o‘yinlari har jihatdan qiziqarli bo‘lishi oq-qora qutblarda joylashgan shaxmatchilar nomidan ham ayon. Nodirbek Abdusattorov Gukesh Dommaraju bilan kurash olib borsa, Vladimir Fedoseev qora donalarda serbiyalik Aleksey Sarana qarshiligini engishga harakat qiladi. 2-pog‘onadan joy olgan Rameshbabu Pragnanandxa oq donalarda xitoylik Vey I bilan kurash olib boradi.
“Tata Steel Chess-2025”ning “Chellenjer“ guruhida qatnashayotgan Nodirbek Yoqubboev 5-turda qora donalarda ozarbayjonlik Aydin Suleymanli bilan ro‘baro‘ keldi. Murakkab kechgan uchrashuvning 71-yurish holatida hamyurtimiz muvaffaqiyatga erishdi.
Bu, bugun, 23 yanvar kuni tavallud ayyomini nishonlayotgan Yoqubboevning ochkolari sonini 2,5 ga etkazib, 8-o‘ringa ko‘tarilishiga sharoit yaratdi.
Ertaga bo‘ladigan 6-turda Yoqubboev oq donalarda germaniyalik Frederik Svane bilan kurashga kirishadi.
13 ta turdan iborat “Tata Steel Chess-2025” turniri 2 fevralgacha davom etadi.
Fikrlar