Navbatdagi yo‘qotish yoxud "Turon" futbolchisi uchun mavsum nega barvaqt tugadi?

  • 23 oktabr, 2021, 20:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytda turnir jadvalida so‘nggi o‘rinda borayotgan “Turon” klubi qiyin vaziyatga tushib qolganini hamma ko‘rib turibdi. Jamoa omadsiz o‘yinlarni o‘tkazish bilan bir qatorda tarkibda yo‘qotishlarga ham duch kelyapti.

Tecno

Gap shundaki, “Turon” klubining asosiy himoyachilaridan biri hisoblangan Jahongir Mehmonov ancha paytdan beri jamoa o‘yinida ko‘rinish bermayapti. Bu albatta “Turon” uchun yo‘qotish edi. Chunki Mehmonov jamoaning mudofaa chizig‘ida o‘z o‘rniga ega edi. Balki “Turon”ning ketma-ket ochkolarni yo‘qotayotgani va himoyada muammolar ko‘zga tashlanayotgani Mehmonovning yo‘qligi bilan bog‘liqdir.

Yodingizda bo‘lsa, Jahongir Mehmonov o‘tgan yili Termizning “Surxon” klubida to‘p surdi. Bu yil esa “Turon”ga ko‘chib o‘tdi. U o‘z mehnati bilan asosiy tarkibdan o‘rin oldi va bir qancha uchrashularda jamoa sardori sifatida ham to‘p surgani yodimizda qoldi. Faqat yuqorida ta’kidlaganimizdek, ushbu futbolchi oxirgi turlarda jamoasiga yordam bera olayotgani yo‘q. Mehmonov buning sababini Sports.uzga quyidagicha izohladi:

mexmonov

- Jamoada ko‘rinmay qolganimning sababi, burnimda jarohat bor edi. Oxirgi ikkita uchrashuvda qiynalib o‘ynagandim. Ya’ni, “Nasaf” hamda undan oldingi turni nazarda tutyapman. Keyin qarasam, baribir bo‘lmayapti, og‘riq bezovta qilayotgandi. Bu holat o‘yinimga ham ta’sir qilyapti. Tekshirtirsam operatsiya qildirish kerakligini aytdilar. Busiz iloji yo‘q ekan. Oqibatda burnimni operatsiya qildirishga majbur bo‘ldim.

Jarohat turlicha bo‘ladi, kimdir oyog‘idan, kimdir boshqa joyidan. “Turon” himoyachisi esa o‘zi aytganidek, burnini operatsiya qildirdi. Sog‘lik doim birinchi o‘rinda. Agar sog‘ bo‘lmasangiz sizga hech nima tatimaydi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Jahongir ham avvalo sog‘ligi haqida o‘ylashi tabiiy edi. Qiziq, u qachon maydonga qaytadi yoki mavsum uning uchun tugadimi?

mexmonov2

- Hozir ancha yaxshi. Yakka tartibda mashg‘ulotlar o‘tkazyapman. Albatta, formamni qancha tezroq tiklab olsam balki maydonga tusharman. Ammo, menimcha, mavsum oxiriga qadar maydonga qaytishim qiyin. Nega deganda, bir oyga yaqin vaqt yo‘qotdim. Shuning hisobiga baribir qiyinchilik bo‘ladi. Nazarimda, bu yilgi mavsum men uchun yakunlandi desa ham bo‘ladi, - deydi Mehmonov.

Ilk bor”Turon” uchun o‘ynashni boshlagan himoyachiga mavsum tugaganini hisobga olsak, yakuniga etib borayotgan chempionat qanday o‘tayotganini tasavvur qilishimiz qiyin emas-a? Negaki, jamoasi Superligani tark etish xavfi ostida qolgan. O‘zi ham jarohat sababli qiyin vaziyatda “Turon”ga yordam bera olmayapti.

mexmonov4  

- To‘g‘risini aytaman, har taraflama og‘ir mavsum bo‘ldi, - deya mavzuni davom ettirdi, futbolchi. - Buning ustiga ko‘p o‘yinchilarimiz ham jarohatlandilar. Kimdir tuzalib qaytgan bo‘lsa, yana kimdir qayta jarohatlandi. Mana shunday qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Shuning uchun o‘ta qiyin mavsum bo‘ldi. Faoliyatimda qiyin mavsumlar bo‘lgan. Bu – futbol va unda hamma narsa bo‘ladi. Qiyin paytda ham chidab, mehnat qilishda davom etish kerak, to‘xtab qolish yaxshi emas.

Har qanday jarohatlangan o‘yinchiga jamoasini chetdan kuzatish og‘ir kechadi. Chunki u qiyin vaziyatda jamoadoshlariga yordam bera olmayotganidan iztirob chekadi. Bu kabi holat Jahongir Mehmonovda ham yuz beryapti.

- Albatta, jamoa o‘yinini maydondan tashqarida kuzatib borish yanada og‘ir. Bunday vaziyatda jamoamga yordam bera olmayotganim alam qiladi. Chunki klubda har bir o‘yinchini o‘rni bor-da. Jarohat bilan maydonga tushganingiz bilan to‘liq tayyor bo‘la olmaysiz. Jamoaga yordam berish o‘rniga vaziyatni qiyinlashtirib qo‘yishingiz ham mumkin.

mexmonov3

“Turon” Superligani tark etish uchun birinchi raqamli nomzod bo‘lib turibdi. Vaziyat og‘ir. Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi yaxshi o‘ynadi, ammo g‘alaba uchun nimadir etmadi. Xatolar ham qimmatga tushdi. Oqibatda yana yutqazdi. Oldinda faqat uchta o‘yin qoldi. “Turon” borgan sari imkoniyatlarini pasaytirib yuboryapti. Mehmonov jamoasining imkoniyatiga ham to‘xtaldi.

- To‘g‘ri, turnir jadvalidagi vaziyat og‘ir. Ammo biz oxiriga kurashamiz. So‘nggi turga qadar vazifani bajarishga harakat qilamiz. Hech qachon to‘xtamaymiz. Qo‘limizdan kelganicha rahbarlarning yuzini yorug‘ qilishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!