
“Navbahor”ning “Metallurg”ga qarshi o‘yinlardagi statistikasi qanday?
Superliga 11-turi doirasida "Navbahor" safarda “Metallurg” mehmoni bo‘ladi. Namanganliklar matbuot xizmati uchrashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur jamoalar Superliga (oliy liga)da shu kungacha 48 marotaba o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan. O‘tkazilgan o‘yinlarning 21 tasida “lochinlar” g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 14 bahsda bekobodliklar zafar quchgan, 13 bellashuvda esa jamoalar durangga imzo chekishgan. To‘plar farqidagi ustunlik vodiyliklar tomonida: 69ga 49. O‘zaro o‘yinlarda namanganliklar 77 ochko, bekobodliklar 53 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
“Navbahor”ning “Metallurg” ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi 7:0ga teng bo‘lsa, Toshkent viloyati jamoasining namanganliklar ustidan erishgan eng yirik g‘alabasi – 5:1.
Bekobodda shu kunga qadar o‘tkazilgan 24 o‘yinning 12 tasida “Metallurg” g‘alaba qozongan, 8 uchrashuvda durang qayd etilgan, 4 bellashuvda esa “Navbahor” zafar quchgan. To‘plar farqi – 37ga 23 “Metallurg” foydasiga.
Ushbu klublarning o‘tgan mavsumda Bekobodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida “lochinlar” Azizbek Turg‘unboevning dubli va Ruslan Bolovning goli evaziga 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi.
Eslatib o‘tamiz, “Metallurg” – “Navbahor” bahsi 26 iyun kuni Bekobod shahridagi A.Anoxin stadionida soat 20:00da start oladi.
Fikrlar